18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,6 °C

Harbiy
17 Dekabr  2018 1967

Ixtirochi harbiy

Mamlakatimiz yoshlarining o‘sib-rivojlanish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Iqtisodiyotning istalgan jabhasida tashabbuskor o‘g‘il-qizlar o‘z g‘oyalarini ro‘yobga chiqaryapti. Asosiysi, bu bilan mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shishmoqda.

Ular orasida ixtirochilar ko‘plab topiladi. Ana shunday ixtirolardan biri – Samarqand garnizonidagi harbiy qism guruh komandiri Ilya Katsdir. 26 yoshli qahramonimiz armiya uchun zarur hisoblanadigan mavjud ikkita ixtironi – dezinfeksiyalovchi dush qurilmasi va kichik o‘lchamli mexanizatsiyalashgan kirxonani qayta ko‘rib chiqishga hamda o‘rniga o‘ziga xos, ish beradigan va zamonaviysini yaratishga qaror qildi.

Poytaxtda o‘sib-ulg‘aygan I.Kats maktabda yaxshi o‘qigan, futbol va rassomlikka qiziqardi. Bolaligidan turli texnikalarga mehr qo‘ydi, har xil detallarni bir-biriga kavsharlashni yaxshi ko‘rardi, uydagi elektr asboblarni o‘zi tuzatardi. O‘shandayoq bo‘lg‘usi ixtirochi yetishib chiqayotganini ko‘rish mumkin edi. Maktabni tamomlagach, Dizayn kasb-hunar kollejining «Reklama va amaliy grafika» yo‘nalishiga o‘qishga kirdi.

- Kollejni tamomlagach, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtining qo‘mondonlik-taktik front orti ta’minoti fakultetida o‘qidim, - deydi Ilya. – Bu men uchun butunlay yangi va qiziqarli faoliyat edi. Bungacha menga harbiycha qaddi rostlik, ularning shaxdam qadamlar bilan yurishi va harbiylik yoqib qolgandi. Bu yog‘iga ham Vatanga sodiq xizmat qilishda davom etaman.

Taqsimotdan so‘ng Qarshi garnizonida xizmat qildi. Harbiy qism oziq-ovqat va keyim-kechak ta’minoti xizmati boshlig‘i bo‘ldi. Yosh mutaxassisning xizmatlari e’tiborsiz qolmadi, albatta. Yaqinda unga mas’uliyatli vazifa - snayperlar tayyorlashni ishonib topshirishdi.

- Harbiy kuchlar safiga kirganimdan so‘ng mavjud texnika va qurollar bilan tanishdim va boshqa davlatlar tajribalari bilan taqqoslay boshladim, - davom etadi I.Kats. – Yaxshilab o‘rganganimdan so‘ng ba’zi uskunalarni zamonaviylashtirish va yanada qulayroq muqobilini yaratishga qaror qildim. Diplom ishimda ham ushbu mavzuga murojaat qilganman. Xullas, shu yo‘l bilan loyiham dunyoga keldi.

Ilyaning aytishicha, kiyim-kechak ta’minoti - Mudofaa vazirligi qo‘shinlari shaxsiy tarkibi moddiy ta’minotining zaruriy va muhim qismi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi zarur harbiy kiyim-kechak va kamuflyajlarni berish, ta’mirlash va kimyoviy tozalash, hammom-kirxona xizmati ko‘rsatishni tashkil etish va mos texnikalarni ekspluatatsiya qilish. Bu qo‘shinlar jangovar tayyorgarligini oshirish vazifasini hal etishda ulkan rol o‘ynaydi. Harbiy xizmatchilarning madaniy va maishiy ehtiyojlarini qondirishda, ularning sog‘ligini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

- Hozirda mavjud texnikalarni olib chiqishda uchta mashinadan foydalaniladi, - deydi Kats. – Bu yonilg‘i-moylash materiallari, ishchi kuchi va vaqt sarfini oshiradi. Bundan tashqari, ekspluatatsiya qilinadigan texnika ma’lum joyga o‘rnatilishi lozim. Men esa, ko‘chma hammom-kirxona majmuasini taklif etmoqdaman. Xullas, ilgari mavjud bo‘lgan ikkita moslamani birlashtirdim. Ushbu yangilik natijasida birvarakayiga ikkita vazifa bajariladi, ya’ni shaxsiy tarkibning hammomda cho‘milishi va statsionar yoki dala sharoitiga mo‘ljallangan kiyim-kechak hamda choyshablarni almashtirish va yuvish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Hozircha tashabbus sinovdan o‘tgani yo‘q. Ammo ko‘p o‘tmay, ushbu g‘oya mamlakatimiz Qurolli kuchlari faoliyatiga kirib borishi mumkin.

Ilya esa erishilgan yutuqlarida to‘xtab qolgani yo‘q. Unga yuklatilgan vazifaga muvofiq o‘zga davlatlarda snayperlar tayyorlashning takomillashgan usullarini o‘rganmoqda. Kelgusida O‘zbekiston uchun ham ilg‘or tajribalar asosida dasturlar tuzishni rejalashtirgan.

Evelina Sinotova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech