21 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,5 °C

Bo‘sh vaqtda
10 Mart  2019 1490

Ixtirochi

(Davomi- 3 qism)

...Mol bozoriga tushdim va bitta kasalmand, oriqlab ketgan po‘stak buqachani yigirma besh mingga sotib oldim. Bozordagilarning bari menga baqraygan. To‘g‘ri-da, semiz, bo‘rdoqi mol olmay, shunaqasidan xarid qilganini ko‘rsa, istalgan kishi «Tochna krishasi ketgan ekan!» deb o‘ylaydi. Hatto, mening o‘zim ham shunday, deb o‘ylagan bo‘lardim. Buqachani ko‘tarib Samad traktorchining tirkamasiga yuklayotganimda lapanglagancha Ulbuvi checha o‘tib qoldi.

Hammasini ko‘rdi. Biram nash’a qilib tirjaydiki... Tirjayishi o‘ziga shunchalik yarashmaganki...

— E hormang, Barobar! Bir mol bozor aylanibsiz-da? — dedi bir menga, bir oyoqda zo‘rg‘a turgan buqachaga qarab. Qarashidan «Ha-a battar bo‘l! Holing shu ekan-ku, nima qilarding chiranib?! Ixtiro-ixtiro deyaverib toming ketib bo‘pti-ku?! Oltita temir yasab bermaganing uchun vappshe ketib qolsin, menga desa!» qabilidagi gaplar anqib turardi.

— Ha, shu, bir aylanib tushuvdik bozorga... — dedim men ham ovsarga o‘xshab ko‘rinishga harakat qilib. — Manavi jonivorga ishqim tushib qolsa deng, shartta oldim-qo‘ydim.

— Agar sir bo‘lmasa necha pulga oldingiz? — so‘radi checha ko‘m ko‘k ko‘zlari chaqnab.

Tavba, hamma ayollarni faqat pul qiziqtiradi-ya?! Yana hamma narsaga o‘lguday qiziquvchan bo‘lishadi.

— Yigirma besh mingga oldim, checha!

— Shuni-ya? Yigirma besh mingga-ya? — hayron bo‘lib so‘radi.

— Nima, qimmat olibmanmi?

— Men yoki amakingiz bunga o‘n mingdan ko‘p bermasdik. Sotgan odam sizni chuv tushirib ketibdi-ku?! Hyech zamonda shu o‘laksa, ramaqi molniyam yigirma besh mingga oladimi? Erta-indin o‘laman, deb turibdi-ku? — dedi checha. Shunday deyapti-yu, aytgan gaplaridan rosa huzur qilayotgani bilinib turibdi.

Tushundim. Bugunoq Tenglashning erta-indin o‘ladigan buqachani juda qimmatga olgani qishloqqa ma’lum bo‘ladi. Darrov To‘ra amakimning maza qilib ustimdan kulayotgani ko‘z oldimga keldi. Mayli-da, kulaversin! Jo‘jani esa kuzda sanaymiz.

Checha men bilan xayrlashib, bozor oralab ketdi, kamina esa qishloqqa qaytdim. Olgan molimdan xotinim ham burnini jiyirdi.

— Voy o‘lmasam! Bu nima qilganingiz, dadasi! Shunaqayam mol oladimi hech zamonda? — ko‘zlari ola-kula bo‘lib.

— Vey, ishing bo‘lmasin, tajriba uchun oldim, bilding! — dedim gapini shartta bo‘lib.

— Necha pulga oldingiz?

Aytdim-ku, ayollarni faqat puli qiziqtiradi deb!

— Atigi yigirma besh ming!

— Nima? Yigirma besh ming?! Voy, o‘lay, bu pulga bir qop un beradi-ku?! Vishshiy sortidan, — dedi xotinim.

— Ho‘vv, bo‘ldi qil! Tajribaga deyapman, tajribaga! Gapga tushunasanmi-yo‘qmi? — endi mening achchig‘im chiqa boshladi. Bu orada haligi buqacha yotib oldi. — Biron nimani olish uchun oldin berish kerak, bilding, qovoqkalla!

— Ana olgan molingiz o‘lishga tayyorlanyapti. O‘zi shu kerak edi sizga! — dedi xotinim yig‘lamsirab.

Aslida menga yoki molga achingani yo‘q. Men yoki mol bilan necha pullik ishi bor? Sarflangan pulga ichi achiyapti, pulga. Aytgan gapi yoki fikrini kuchaytirish va tasdiqlash uchun «bir qop vishshiy sort un beradi bu pulga» dedi ham. Nima bo‘pti, odatdagi gap!

Kechqurun uyga To‘ra amakim yana tesha so‘rab keldi. «Olgan moli va g‘irt ovsarligini bir ko‘rib, maza qilay, deb keptilar-da!» o‘yladim ichimda. Keyin mol borasida ancha gapirdi.

— Shunaqayam sodda-go‘l bo‘ladimi odam degani?! Yosh bola bo‘lmasang?! Senga yo‘l-yo‘riqni amaking ko‘rsatmasa, kim ko‘rsatadi, axir? — dedi o‘zicha kuyunchaklik bilan. — Mendayam shunaqa erta-indin o‘ladigan bir buqacha bor, so‘rashsa, o‘n mingga ham bervorardim.

Qitmirligim qo‘zidi.

— O‘sha buqachangizni menga o‘n mingga soting bo‘lmasa!

— Iy? Uni boshingga urasanmi? Yana hazil qiladi-ya, bu bola!

— Yo‘q, sirayam hazil qilganim yo‘q. Hozir uydan o‘n ming olib chiqaman, siz o‘sha buqachani olib keling, bo‘ladimi?

— Mayliku-ya, ammo ozroq qo‘shasan-da! O‘n ming, deb shunchaki aytuvdim-qo‘yuvdim, olishingni qayoqdan bilibman? — birdan amakim o‘zgardi-qoldi.

Hayron bo‘lmang, bunaqa odamlar hayotda juda ko‘p, istagancha topasiz. Ammo og‘zingiz ochilib qoladi, to‘g‘rimi? Beti qalinlargayam o‘rganish kerak chamasi...

— Hozirgina o‘n mingga bervorardim, deb katta ketayotgandingiz-ku?! — bo‘sh kelmadim men ham.

— Endi bu... haligi... shunaqa gapiriladi-da! Kel, shunga yana besh qo‘sh!

Ana sizga kaminaga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadigan, molini o‘n mingga bervorishga tayyor odamning ishi. Ana sizga narxini tushirish o‘rniga, ko‘tarish yo‘lini qilayotgan odamning gapi.

— Bo‘pti, buqachani yetaklab olib kelavering, o‘n besh mingni tayyorlab turaman, — dedim bo‘sh kelmay.

— Iy? Ha... haligi... Tunov kuni Turdi qassobga o‘ttizga bermagandim, qizil qashqa buqachani. Bo‘pti, sen o‘zimnikisan, yigirma besh ming, bor baraka, ana!

Ana sizga yana bir marta «...o‘n mingga ham bervorardim» deb katta ketgan kishining gapi. Mayli, bunisiga e’tibor bermaymiz. Qaytanga bu men uchun yaxshigina aqliy mashq bo‘lyapti.

— Bo‘pti, yigirma besh ming! Boshqa bir so‘m ham qo‘shmayman! Olib keling buqachani, pulini tayyorlab turaman.

— Iy? Tenglash, men hazillashayotganim yo‘q, buni savdolashish, lafz deb qo‘yibdi. Haliyam o‘ylab ko‘r! Balki yana besh qo‘sharsan?

— Boshqa bir tiyin ham qo‘shmayman! Rozi bo‘lsangiz bo‘ling, bo‘lmasa, ishlarim ko‘p edi.

— Bo‘pti, bor baraka! Unda qizil qashqa buqachani olib kelgani ketdim.

Teshayam esdan chiqdi. Opketmaganiyam yaxshi bo‘ldi. Qaytarib berishini yana to‘rt oy kutarmidik. Amakim darvozaxonadan chiqib borayotganda ayvonda jimgina gaplarimizni eshitib o‘tirgan xotinim menga qarata barmog‘ini chakkasiga tirab, bir-ikki marta u yoq-buyoqqa aylantirdi. Bilaman, bu «ikki qop vishshiy sort un» degani.

— Sabr qilib tur, oyisi, sabr! Yig‘lama-ye! Hiqillama dedim!

Bu orada To‘ra amakim va Ulbuvi checha ikkovi buqachani g‘altakka solib olib kelishdi. O‘zi yurolmagan, shekilli, jonivor. Siz ham «g‘irt to‘nka ekan-ku bu?!» deyayotgan bo‘lsangiz kerak. Siz ham ozgina sabr qilib turing, sabr. Xullas, qizil qashqa buqachani ham qorasining yoniga yotqizib qo‘ydik. Pulni amakimga uzatdim. Bittalab oldin o‘zi, keyin Ulbuvi checha sanab ko‘rishdi.

— Endi gap bunday amaki, Ulbuvi checha! Oyisi, sen ham bu yoqqa kel. Men sizlardan yigirma besh mingga erta-indin o‘ladigan buqacha sotib oldim, to‘g‘rimi? — dedim.

— Ja unchalik erta-indin o‘ladigan mol emas! — qizarib ketdi sap-sariq Ulbuvi checha. Qip-qizil yuzda ikkita ko‘m ko‘k ko‘z baqrayib tursa, juda g‘alati ko‘rinarkan.

— Bo‘pti, shunday bo‘ldi! Biz bergan pulingga rozimiz, inim, endi sen ham olgan molingga rozi bo‘l! — dedi To‘ra amakim mening go‘lligimdan maza qilib.

— Men roziman! Demak, ikki tomon ham rozi, bo‘pti, savdo pishdi, endi barakasini bering amaki! Demak, lafz! Menda boshqa haqqingiz qolmadi-ya?

— Haqqimiz qolmadi, lafz qildik! — deyishdi er-xotin baravariga.

Bo‘lmasam-chi, tep-tekis joyda yigirma besh ming cho‘ntakka kirib turadi-yu, «Lafz qildik!» deyishmaydimi?

To‘ra amakim bilan Ulbuvi checha pulni olgach, dingillab, yo‘g‘-e, yosh qo‘zichoqlarday o‘ynoqlab, dikonglab darvozaxonadan chiqib ketishdi.

Tenglash ular uchun g‘irt ovsar va go‘l! Mayli, nimayam derdik. Sodda va go‘l bo‘la qolay!

Xullas, oradan bir oy o‘tdi. Butun qishloq kaminaning ahmoqligi haqida gapirardi. Hatto, xotinim ham yig‘inlarga bormay qo‘ydi, farzandlarim ham mendan xafa. To‘g‘risi, o‘zim ham buni ko‘tarish shunchalik qiyin bo‘ladi, deb sira o‘ylamagandim. Ijtimoiy fikr, ayniqsa, u salbiy bo‘lsa, juda yomon ekan. Opam, pochcham, ukalarimu singillarimning bari uyga kelib, men haqimdagi fikrlarini aytib ketishdi. Aytishmadi, balki yumma talashdi. Xotinim yana yig‘ladi. Unga rahmim keldi. Menday erga chidab yurganigayam rahmat unga! Ammo og‘ilxonada ikki buqani boqmoqda edim. Ishqilib, o‘xshasin-da! Lekin og‘ilxonaga hech kimni yaqin yo‘latmadim.

O‘xshadi!!!

Bir oydan so‘ng xotinimni og‘ilxonaga olib kirdim, to‘g‘ri ma’noda, albatta. Og‘ilda esa har biri salkam 800 kilogramm tosh bosadigan ho‘kizlar pishqirib, yiltillab turardi. Ha, bu o‘sha erta-indin o‘ladigan «ikki qop vishshiy sort un»ning puliga kelgan buqachalar edi. Xotinimning og‘zi ochilib, ko‘zlari chaqchayib ketdi.

— Ho‘vv, og‘zingni yop! Ko‘zlaringni chaqchaytirma! Esingni yig‘-e! Ho‘vv! — dedim joyida qotib qolgan xotinimni turtib.

— A? Voy! Ha-ya! Bular haligi ikki buqachalarmi? — so‘radi bir menga, bir ho‘kizlarga qarab.

— Xuddi o‘zi. Nima ko‘rmayapsanmi? Ertaga bozorga olib tushaman, Samad traktorchi bilan kelishib qo‘ydim.

Bozor zo‘r bo‘ldi. Ikki ho‘kizni naq yigirma besh millionga sotdim. Bir oy oldin hamma ustimdan kulgandi, bu safar atrofga viqor bilan ko‘z tashladim, hasad bilan boqishyapti. Birortasining ko‘zida havas ko‘rmasam-a?! Savdo pishay, deb turganida allaqaerdan To‘ra amakim paydo bo‘lib qoldi. Hammasini ko‘rdi, eshitdi. «Erta-indin o‘ladigan» qizil qashqa buqachasini ham tanidi, albatta. Ichidan rosa qirindi o‘tsa kerak endi...

Lekin tilini tishlaydi, negaki, lafz qilgan!

Buning menga qizig‘i yo‘q. Chunki hech kimni aldagan yoki hech kimga firib bergan emasman. Hammasi halollik bilan bo‘lgan. Mana ko‘rasiz, bir pasda tug‘ishganlarim ham eshitadi. Xullas, ho‘kizlarning puli katta o‘g‘limni uylantirishga bemalol yetadi. Qaytishda yana ikkita «erta-indin o‘ladigan» (bu safar yigirma mingdan) buqacha va yana ikkita faqat terisining o‘zi qolgan qo‘zichoq sotib oldim.

«Tak, birinchi rejani amalga oshirdim. Endi tomorqaga kirishish kerak» o‘yladim uyga kelgach. Xotinimning pildirashini ko‘rsangiz edi.

— Dadasi, bilasizmi, boshida sizdan rosa jahlim chiqqandi. Endi uyga o‘lik mol ko‘tarib kelsangiz ham pinagim buzilmaydi. Qo‘lingizdan ko‘p ish keladi, sizga to‘la-to‘kis ishondim endi, — dedi.

— Voy xomkalla-yey! Hali sen ham meni ovsar, g‘irt dumbul tentakka chiqarganmiding? Boshqa-ku, mayli, ammo sendan sira kutmagandim buni! — o‘pkaladim undan jo‘rttaga. — Rosa xafa qilding meni!

— Bo‘ldi, dadasi, uzr so‘radim-ku?! Qo‘ying endi, meni qiynashni! Kechiring!

— Ha, bo‘pti, boshqa qaytarilmasin! — dedim sal jahlimdan tushganday bo‘lib. — Endi sen bilan tomorqada bir oz ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi, o‘ylab qo‘ygan rejam bor, tushundingmi?

— Bo‘pti! Biz tayyor-da!

Oho, gijinglab gapirishini qarang! «Endi bemalol to‘y-hashamlarga, xotin-xalajlarning yig‘iniga boraveraman», deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Ishni er do‘ndiradi-yu, xotini iyagini osmondan qilib kekkayadi! Ayollarning shu odati qolmas ekan-da?!

O‘sha kuni opam bilan pochcham keldi. Xotinim bilan beda urug‘i sepayotgandik. Tushundim. Yangilik tarqalib bo‘pti, allaqachon! To‘ra amakim hech kimga «churq» etmagan...

Ancha o‘tirishdi. Suhbat asnosida ikkovining ham har ikki kunda Bekto‘pi, Abu-Saxiy va Ippodromga qatnab, tovar olib kelaverish joniga tekkani va yo‘l ezib tashlaganini bilib oldim.

— E-e, rosa ezilib ketdik pochchang bilan. Endi tinchgina uyda uch-to‘rtta mol boqib ko‘rsakmikan, degandik. Shunga oldingga maslahatga keluvdik, — dedi opam sekin qarmoq tashlab.

O‘ho‘! Ishtahalari chakki emas-ku?! Yana artistlik! Ammo ikkita erta-indin o‘ladigan buqa uchun qarzga pul so‘rab borganimda mingta bahona to‘qilgandi-ku?! Oyligimgacha kutishga to‘g‘ri kelgandi keyin. Yaxshiyam berishmagani. Qaytanga o‘zlari menga yordam qilib yuborishgan bo‘lib chiqyapti bu yog‘i. Agar berishganida bormi, hozir qutula olmasdim-da?!

Hali hech nima tayyor emasligini, ish bir oy ichida yakuniga yetishini aytib, bir amallab kuzatdim.

Kechqurun shaharda turadigan ukam telefon qildi. U ham hammasini yig‘ishtirib, qishloqda uch-to‘rtta mol boqib tirikchilik qilsammikan, degan gapni qildi. Shunga mening yordamim kerak emish (masala kunday ravshan, yangi ixtiromga sha’ma qilyapti!) Tomorqang bo‘sh yotibdi, u-bu ekib foydalanib tursam maylimi, deganimda olinadigan hosilning qanchasi o‘ziga tegishini so‘ragandi. «Bo‘pti, qanchasini so‘raysan?» deganimda «Aka, siz o‘zimnikisiz, agar fifti-fifti bo‘lsa, mayli. Bo‘lmasa, shart emas. Buyam bir biznes-da!» degandi. «Fifti-fifti»si bu ellikka-ellik, degani. «Nega o‘sha ajriq bosib, zarang bo‘lib ketgan tomorqasini so‘radim-a?!» deb keyin o‘zimni rosa koyidim.

Ammo bu gapga e’tibor bermayman. Nima, uning ko‘ziga cho‘p suqarmidim? Bu yog‘i jigarchilik. Unga ham hali hech nima tayyor emasligini, ish bir oy ichida yakuniga yetishini aytdim.

Keyin kenjamiz uyga mashinasida keldi. Uning ham ishqi mol boqishga tushibdi. Keyin uch singlim navbati bilan kelib ketishdi. Ularning ham dardi shu. Kichigi yana qudalariga katta gapirib qo‘yganmish, endi uni ularning oldida uyaltirib qo‘ymasligim kerak ekan... Ko‘nglingning ko‘chasi-yey!..

Boshim qotdi. Ularga qilayotgan ishlarining noto‘g‘riligini qanday tushuntirsa bo‘ladi? Umuman, tushuntirgan bilan foydasi bo‘larmikan? Qiyin-ov?! Mana, so‘nggi paytlarda buni shaxsan o‘zim ko‘ryapman! Yana o‘sha gap: agar foydang tegsa xo‘p-xo‘p, bordi-yu, nafing tegmasa, sendan yomon odam yo‘q bu dunyoda.

Iyy, shoshma-chi?! Ha, bu chakki fikrmas! Yashavor, Tenglash! Yasha! Yashasin men!..

Xotinim endi nima qilasiz, deb so‘radi. Unga ham qo‘ng‘iroq qilaverib, meni ko‘ndirishga undayverib, rosa bezor qilishibdi tug‘ishganlarim.

— Rosa boshim qotdi. Ammo ularga bittadan tomorqani gullatadigan, mo‘l-ko‘l hosil olishga yordam beradigan apparat yasab beraman. Boshqa chora yo‘q, shekilli? — dedim. — Zora shunda tinch qo‘yishsa!

Ammo bekorlarning yigirma beshtasini aytgan ekanman. Ularga hammasi kerak ekan.

Ularni uyimizga yig‘dim. Ovqat yeb bo‘lingunga qadar portlab ketishay, deyishdi tug‘ishganlarim. Nihoyat, taomdan so‘ng ularga dedim:

— Xullas, sizlarni uyimga yiqqanim sababini tushunib turibsizlar, albatta. Bo‘pti, sizlarga g‘irt tekinga bittadan tomorqani gullatadigan, mo‘l-ko‘l hosil olishga yordam beradigan apparat yasab beraman.

Ularning ko‘zlaridagi jonlanishni bir ko‘rsangiz edi. Yoqmay ketsin!

— U quyidagicha ishlaydi: tomorqaga ekilgan kartoshkanning har tupi 100-120 kilogrammdan tugunak beradi. Sabzi-piyoz, karam va boshqa ekinlardan dasturxoncha keladigan joydan mo‘l-ko‘l hosil olasiz. Bedani besh marta emas, yigirma marta o‘rib olasiz. Qisqasi, daromadingiz bir yuz qirq-bir yuz yetmish foizgacha o‘sadi. O‘zim shaxsan hisoblab chiqqanman. Qarabsizki, pulning tagida qolib turibsiz-da! Nima deysizlar?

Yuz-ko‘zlarida xursandchilik alomatlari zohir bo‘lishini kutgandim. Qayoqda?

— Bor-yo‘g‘i shugina xolosmi? — dedi To‘ra amakim yuzaga kelgan tinchlikni buzib. — U yoq-bu yoqqa ko‘chiradigani bilan mol semirtiradigani-chi?

O‘ho‘! Ishtahalariga o‘t tushsin!

— Ular juda qimmat turadi. O‘tgan safar qurbingiz yetmasligini aytgansiz. Qisqasi, portatsiya apparati bilan mol semirtiradiganini unuting. Yo tomorqani gullatadigan, mo‘l-ko‘l hosil olishga yordam beradigan apparat, yo hech nima, tanlang! — dedim shartta gapni kesib.

Juda qiynalib-qiynalib rozi bo‘lishdi.

— Ammo bir sharti bor: meni butunlay tinch qo‘yasiz! Boshqa hech nima so‘ramaysiz!

Yana juda qiynalib-qiynalib rozi bo‘lishdi.

Oh, naqadar yengil tortdim-a! Lekin tug‘ishganlarimga ishonib bo‘larkanmi. Ularning jonini koyitmay, ko‘p narsaga ega bo‘lgisi kelishini esa juda yaxshi bilib oldingiz.

— Demak, bir haftadan so‘ng apparatni olib ketgani bittadan kasalmand, oriq qo‘y yetaklab kelaverasizlar, gapim tamom! — dedim.

Tug‘ishganlarim «bittadan kasalmand, oriq qo‘y» degan gapni eshitishganda bir qalqib tushishdi. Buni ko‘rmay, sezmay bo‘larkanmi? Endi To‘ra amakimga o‘xshab, ular ham sotishga harakat qilishlari aniq. Tavba, o‘zlari tekin olarmishu menga pulga sotisharmish. E, bekorlarning o‘ttiz beshtasini aytibsiz!

Maza qilganidan, baxtiyorligidan xotinimning ko‘zlari chaqnardi. Birga yashayverib-yashayverib, shunaqa bo‘p ketarkan er-xotin degani. Bir-birini yarim «oborot»dan tushunib oladigan bo‘lib... Ishqilib, kulib yubormasin-da!..

Mehmonlar ketishdi.

...Yana ayvondagi chorpoyada xotin ikkimiz qoldik. Bir payt ishshaya boshladi... Obbo!

Unga qarab o‘qraydim!

Xotinim shartta ikki qo‘li bilan og‘zini yopdi...

Nurpo‘lat NURQULOV

(davomi bor)

Hikoyaning boshini bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Hikoyaning ikkinchi qismi bu yerda.
 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech