26 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,9 °C

Bo‘sh vaqtda
23 Fevral  2019 1952

Ixtirochi

(Hajviy hikoya)

Kamina oliy ma’lumotli fizikman. Maktab partasidanoq fizika va matematikaga qiziqishim juda kuchli edi. Boshqalaridan ko‘ra shu ikki fanni ko‘proq yaxshi ko‘rardim, o‘zlashtirishim ham «dahshat» bo‘lgan. Kelajakda ixtirochi bo‘lish eng katta orzuim edi. Ajoyibu g‘aroyib ixtirolar qilsam, derdim. Keyin yana bir yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotim bor edi (haliyam bor, «do konsa» qoladiyam) — xayol surish. Xayolga berilib ketaverganimdan maktabda o‘qituvchilardan, universitetda domlalardan ko‘p dakki eshitganman. Hayotdayam eshityapman... Uylanayotganimda xotinim ham: «To‘g‘ri, Tenglash akaning o‘zi yomon yigit emas. Ammo xayolparastligi bor-da?!.» deb andak oyoq tiragan ham ekan.

Tavba, o‘zidan xabari yo‘q! Gap uncha-munchaga yetib bormaydigan sal anqovroq edi. Mayli, bola-chaqali bo‘lganimizdan so‘ng anqovligi ketar, deb o‘ylagandim. Biroq adashgan ekanman, merovligi kuchaysa-kuchaydiki, qolmadi. Lekin kaminada ham xayolparastlik kuchaydi-da!..

Kunduzi maktabga ishga borib kelgach, kechalari mijja qoqmay, xotinimning ta’biri bilan aytganda, allambalo to‘rtburchagu uchburchak, aji-buji chiziqlar chizib, bolalar o‘ynay olmaydigan o‘yinchoqlarni yasab o‘tirardim. Kechasi bilan uxlamagach, kunduzi ishda xuddi ustimdan asfalt tekislaydigan mashina o‘tganday, pachaqlanib yurardim. Kechqurun esa yana hammasi yangidan boshlanardi...

Keyin meni xayolparastdan olib, dangasaga solishdi...

Xullas, bir pasda farzandlar ham katta bo‘ldi. Qizimizni uzatdik, ikki o‘g‘lim ham bo‘y yetib qoldi...

Darvoqye, tug‘ishganlarim juda alomat-da! Qiliqlarini bir tushunasan, bir sira aqling yetmaydi. Biznikiga kelishsayam, go‘yoki boshqa mavzu qurib ketganday, nuqul meni tanqid qilishadi. Xuddi o‘zlari bir ishni qotirib qo‘yganday! O‘zining yarasi yiringlab, lo‘qillab og‘riq berib turgan bo‘lsayam, menga shamollaganimda isitmani qanday tushirishni maslahat berishadimi-yey?! Belangi bo‘la turib, tish og‘rig‘imni qanday tuzatish kerakligini o‘rgatishadimi-yey?! Ho‘vv, inson, oldin o‘zingni bil, deydigan odam yo‘q! Maslahatgo‘ylar... o‘rgatishni biram yaxshi ko‘rishadiki... Faqat eshitadigan, «sayrayotganlarida» tushunsa-tushunmasa boshini irg‘ab turadigan kishi topilsa bas.

Bundan xotinim va ikki o‘g‘limning jahli chiqadi, albatta, ammo o‘zimga lom-mim deyishmaydi. Buni anglasam ham, o‘zimni sezmaganga olaman. «Jo‘jani kuzda sanaymiz! Men optimist bo‘lishim kerak!» deb qo‘yaman o‘zimga o‘zim.

Aytishlaricha, g‘irt dangasa emishman! Bunaqasini yetti iqlimdan ham qidirib topib bo‘lmasmish! yetti iqlimni boshiga uradimi, shundoq qo‘shnimiznikiga chiqsin, ko‘radi haqiqiy dangasalarni. Qo‘shnimizning Bo‘ltak, Shoyzoq va Tog‘ay ismli o‘g‘illarini g‘irt dangasa va bekorchi desa bo‘ladi. Tug‘ishganlarning ko‘zi esa faqat meni ko‘radi, tavba!

Ammo ixtiro qilishni yaxshi ko‘rsam nima qilay? Sen yaratgan ixtirodan odamlarning og‘iri yengil bo‘lsa, chinakam baxt emasmi? Shunday deyman-da, yana ixtirolarimga sho‘ng‘iyman...

 Mundoq o‘ylab ko‘rilsa, ixtirochilarga hamisha qiyin bo‘lgan ekan-da?! Endi tushundim negaligini. Sal bo‘shanglik qilsangiz, siz yaratgan ixtiro yaqin tug‘ishganlar orasida talon-toroj bo‘p ketishi ham hech gap emas ekan. Gapimga ishonavering! Bunda bir narsa baribir tushunarsiz: ular nimagadir siz ne-ne mashaqqatlar bilan yaratgan narsangizga darrov ega chiqmoqchi bo‘ladi. Inson omilimi? Qaydam?! Negadir hammasi o‘z foydasini ko‘zlaydi. Agar foydangiz tegsa xo‘p-xo‘p, bordi-yu, nafingiz tegmasa, ularning ko‘ziga balodek ko‘rinishingiz aniq. Tavba, ter to‘kkan, mashaqqat chekkan kimu ega chiqmoqchi bo‘lgan kim?

Ancha paytdan beri bir ixtiro ustida ishlayotgandim. Nihoyat, o‘xshadi!.. Biram xursandman-ey! «Bo‘larkanu, yashavor-ey! Ish degani bunaqa bo‘pti-da!» deyman o‘zimga-o‘zim. Juda katta ixtiroga qo‘l urish va uddalash hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi, to‘g‘rimi?

— Tenglash, o‘vv Tenglash! Uydamisan? Yana qog‘ozga ko‘milib o‘tirgan bo‘lsang kerak? Undan ko‘ra piyozingni sug‘orsang bo‘lmaydimi, qara, qaqrab ketibdi. Tenglash deyman!

To‘ra amakim ekan. Juda qiziq odam-da! Gapni o‘ylab ham o‘tirmay, panqillatib «otadi». Shu odati tufayli nuqul odamlar bilan janjallashib yuradi. Ko‘p marta uyalib ham qolgan. Ammo sira tuzalmaydi.

— Assalomu alaykum, amaki! Keling! — dedim ichkaridan chiqa turib.

— Ha, ishyoqmas! — alik ham olmasdan amakim, — yana qog‘oz titkilayapsanmi? Undan ko‘ra, birorta foydasi tegadigan ish qilsang bo‘lmaydimi? Qachon qarama bir pullik foydasi yo‘q ishlarni qilib yurasan. Ha, aytgancha, sizlarnikida tesha ko‘rganday bo‘luvdim, shuni so‘rab chiqqandim.

— Ana, mixda ilinib turibdi.

— Hmm, bo‘pti, namuncha pishgan kalladay tirjayayapsan?

— Suyunchi bering amaki, ishim o‘xshadi, ha o‘xshadi! Zo‘r bir ixtiro qildim! — dedim quvonchim ichimga sig‘may, — portatsiya apparatini!

— Uning nima degani? Biror karomat ko‘rsatadimi?

— Ko‘rsatganda qanday! Eh-hye!.. Bu bir joydan ikkinchi joyga zumda eltadigan matoh.

— Samolyotga o‘xshaydiganmi?

— Yo‘q, undan ham zo‘ri! — dedim ilhomlanib. Negadir ixtiroim mazmuni haqida amakimga so‘zlab bergim kelardi. Bilaman, baribir tushunmaydi. Ammo o‘zim negadir «sayrash»dan to‘xtolmay qoldim.

— Mana qarang, deylik kimdir Parijda ishlaydi. Tugmachani bosasiz-da, darvoza eshigini ochib tashqariga chiqasiz va bir-ikki soniya ichida to‘ppa-to‘g‘ri Parijdagi ishingiz eshigidan kirib turibsiz-da! Qaytishda yana tugmachani bosasiz va to‘ppa-to‘g‘ri darvozangiz eshigidan hovlingizga kirib kelyapsiz-da! Zo‘ra-a?!

— Tavba shunaqasiyam bo‘larkanmi? «Lyuboy» joyga «bir... ikki» degancha olib borib qo‘yadi deysanmi?

— Ha-da! Yana suv tekinga, — dedim bundan ham to‘lqinlanib. Xullas, unga ixtironi istalgan sohada ishlatish mumkinligini va barcha qulayliklari haqida ancha gapirdim. Amakim garchi hech nimani tushunmayotgan bo‘lsa-da, bosh irg‘ab sabr bilan meni oxirigacha eshitdi. Shu joyda «...tushunmayotgan bo‘lsa-da...» iborasini sal noto‘g‘riroq ishlatdim, shekilli. Undan oldingi «...yana suv tekinga» degan iborani eshitgan amakim bir qalqib qo‘ydi. Tekin desa, o‘zini tomdan tashlaydi amakim. Daromad kelaversa-yu, o‘zi umuman chiqim qilmasa.

— Agar shu portassa apparatingdi ishlatsa, xorijdagi ikki o‘g‘lim ham uydan qatnab ishlasa bo‘laykan-da?

— Portassa apparat emas, portatsiya apparati! Bo‘lmasam-chi, bo‘lganda qanday. Faqat ozgina chala ishi qoldi, qog‘ozlarini tartibga keltirsam bo‘ldi. Ammo apparatning tajriba nusxasi ishlayapti.

— Menga qara, endi gap  bunday! Ana shu apparatingdan menga oltita yasab berasan. Sizlarga qanchalik mehnatim, mehrim singganini bilasan-a? O‘zim yemasam ham sizlarga ilinganman, gap tamom, oltita yasab berasan!

— Birinchidan, oltitani nima qilasiz? Ikkinchidan, bu juda qimmat turadigan apparat bo‘ladi.

— Bittasi menga, ikkinchisi, yangangga — bozor-o‘charga borib-kelishi uchun, uchinchisi, Samarqandda o‘qiydigan kenjamiz Nortoyga, to‘rtinchisi, Kattaqo‘rg‘onda o‘qiydigan qizim Muniraga, qolgan ikkitasi xorijga ishlagani ketgan ikki o‘g‘limga-da! Nega qimmat turadigan apparat, deysan? Odam degani amakisiga ham pulga sotadimi, uyal-e! Rahmatli otang juda qo‘li ochiq odam edi. Hyech bo‘lmasa sen, otangga o‘xshasang qaytardi...

Unga tushuntirishga rosa urindim, qani foydasi bo‘lsa. «Tekinga oltita dedimmi, oltita yasab berasan!» deb turib oldi. Oxirida men:

— Bo‘pti, ko‘ramiz. Ammo oldindan va’da bermayman. Sinovlardan yaxshi o‘tsa, o‘ylab ko‘raman. Faqat iltimos, bu haqda hech kimga churq etib og‘iz ochmang. Ish  hali oxirigacha yetgani yo‘q, — dedim.

Keyin birdaniga amakimga «yorilganimga» pushaymon qila boshladim. Ammo bunisi holva ekan.

— O‘libmanmi, birovga gapirib?! — dedi amakim va teshani olgancha chiqib ketdi...

Oradan yarim soat o‘tmay, savdo bilan shug‘ullanadigan opam kirib keldi. Kun issiq, terlab-pishib ketgan. Salomlashdik, keyin opam maqsadga ko‘chdi.

— Eshitishimcha, bir apparat yasaganmishsan? Shu apparatingdan mengyam oltita yasab berasan. Bekto‘pi, Abu-Saxiy va Ippodromdan tovar olib kelamiz, deb yo‘lda ezilib ketdik-ku, pochchang bilan. Avvalo, yo‘l azobi — go‘r azobi, keyin yo‘lkira ham rosa chaqib tashladi. Agar yasab bersang, bitta importniy ko‘ylak bizdan, — dedi.

Tushundim, To‘ra amakim hech kimga «churq» etmagan...

Sal e’tiroz bildirgandim, opam bizga ko‘p yaxshilik qilganini pesh qilib, yig‘lay boshladi. Qani tushuntira olsam. Nima yaxshilik qilganini esa hech eslolmasam, deng. Katta o‘g‘limning kontrakti uchun ozroq qarz so‘raganimda «Voy, sal ertaroq aytsang bo‘lmasmidi, bor pulimga tovar olib kelib qo‘ygandim-a!» deganimi?

Xullas, menga tekinga oltita apparat yasab berishimni tayinlay-tayinlay uyiga ketdi. Aslida aktrisa bo‘lishi kerak edi opam. Uvvos solib yig‘lab turgan joyida birdan sharaqlab kulib yuborishni uncha-muncha aktyor ham eplolmasa kerak. To‘g‘ri, men ham «va’da bermayman, oldin sinovdan o‘tsin-chi?!» deya mujmal javob qaytardim. Ammo opam bunga ko‘narmidi.

Eson traktorchinikida bugun to‘y. Kiyinib, uydan chiqayotganimda telefonim jiringladi. Samarqandda turadigan ukam ekan. Oldin juda quyuq so‘rashdi. Keyin maqsadga ko‘chib, shaharda ancha yildan beri ijarada turishidan nolib qoldi.

— Aka bilasiz, qishloqda dang‘illama uyim bor. Ammo Samarqandda ijarada yashaymiz. Topganimizning kattagina qismini chaqib ketyapti. Anavi apparatingizdan bizgayam oltita yasab bersangiz, ukangizdayam qolib ketmas. Jigaringizman axir! Jigar jigarga qayishadi. Keyin oilaviy bo‘lib, ishga, o‘qishga, bolalar bog‘chasiga qishloqdagi uyimizdan qatnarmidik. Sizga uy olishimga yordam bering, deyayotganim yo‘q-ku?! Oltitagina temir qutichaning nimasi sizga «jalko»...

Obbo!

Shu gaplarni uyiga yangasi bilan mehmonga borganimizda qovog‘ini ochmagan ukam aytayaptimi? Choyxonaga, ulfatlarining yoniga borishga sal kechikkanidan to‘mtayib olgandi o‘shanda. Jahlim chiqdi, albatta, lekin bildirmadim.

Ammo bir narsani tushundim. Tug‘ishganlarimning bari bu gapdan allaqachon xabardor. Bir ota-onadan uch o‘g‘il, to‘rt qiz dunyoga kelganmiz... Kutaylik-chi?

Kutganimday qolgan uch singlim va oxirida kenja ukam ham uyimizga keldi. Ularga ham oltitadan portal apparati kerak ekan. Tavba, hammasi bizga ko‘p yaxshilik qilishganmish, nuqul bizga mehribonlik ko‘rsatisharmish. Bekorlarning beshtasini aytibdi. Bir safar lotereyaga pul yutganimda «...ozroq qarz berib turing, qo‘limizga pul tushishi bilan qaytaramiz», deb bor pulimni bo‘lishib olib ketishgandi. O‘zimga hammomda kiyib yuradigan shippak ham ololmaganman. Oradan uch yil o‘tib, qiz chiqarayotganimda pulga zoriqib qoldim. Singillarimdan pulni qaytarishni so‘raganimda rosa uvvos solib yig‘lab berishgandi. Ukam «beraman o‘sha pulingizni! yeb ketayotganim yo‘q-ku?! Opamlarga pulni qaytar, deb zug‘um qilibsiz. Boshqadan kutsam ham sizdan kutmagandim bu ishni!» deb rosa xafa bo‘lgandi.

Jahlim esa chiqqandan chiqib bormoqda. Bu ham yetmagandek, kechqurun xotin «mumtoz ashula»sini boshladi. Esimga kelmaganini qarang, bizgayam oltita portal apparati kerak ekan. Katta o‘g‘limning gapi bilan aytsak «eng navarochenniy»sidan...

Hali portal apparatining bittasi kamida ellik-yetmish million turishini hech qaysisiga aytganim yo‘q. Bir hisobi to‘g‘ri qilibman. O‘zimning tug‘ishganlarim mayliku-ya, ana shu ixtiro sabab yaqin va bizga nihoyatda mehribon qarindoshlarimiz juda-juda ko‘pligini ham bilib oldim. Tavba, qaerdan chiqdi bular. Hatto, yaqinda tomorqa sug‘orishda navbat talashib, sen-menga borib qolgan qo‘shnimiz ham atrofimda pildiray boshlagan. Ungayam kamida oltita kerak bo‘lsa kerak.

Miyamga bir fikr kelib qoldi. Barcha tug‘ishganlarni tug‘ilgan kunim bahona uyga taklif qildim. Ularga ixtironing qulayliklari haqida yana to‘lqinlanib gapirdim va oxirida:

— Dastlabki, xomaki hisob-kitobimga qaraganda bitta shunday apparat kamida ellik-yetmish millionga tusharkan. Ellik milliondan bo‘lgandayam oltitasi uch yuz million bo‘larkan, — dedim. Bu gapni eshitib, har qaysisining aft-angori o‘zgardi, rangi o‘chdi. Shunaqa o‘qrayib qarashdiki, menga. — Agar har biringiz oltitadan apparat pulini yig‘ib bersangiz, balki oltitadan portal apparatiga ega bo‘larsizlar... Men ham sinov-pinovga berib o‘tirmasdim! Maza qilib ishlataverardinglar.

Uy ichi uzoq vaqt jim-jit bo‘lib qoldi. Hatto, hech qachon chakagi tinmaydigan o‘rtancha singlim ham mum tishlab olgan.

— Shuncha pulni qaerdan topamiz senga? — birinchi bo‘lib tilga kirdi To‘ra amakim. — Endi hech kimning qurbi yetmaydigan pulni so‘rash uchun hammamizni to‘pladingmi? Sal uyalsang bo‘lardi. Nima, ustimizdan kulyapsanmi? Bitta matohing uchta mashinaning puli bo‘lsa, unda menga sira keragi yo‘q. Bo‘pti, men boray, tegirmonchinikiga bug‘doy olib borishim kerak edi.

— To‘xtang, amaki, bir daqiqa! Agar shuncha pul topolmasam, kashfiyotim bu yorug‘ dunyoni ko‘rmaydi va keyin barcha qog‘ozlarimni hovli o‘rtasiga chiqarib yoqishimga to‘g‘ri keladi — dedim.

Shundan so‘ng barchasi mendan o‘pkalay boshladi. Ishonishgan emish! Ayrimlari hatto, qudalariga ham katta ketib qo‘yganmish. Hoynahoy, ularga oltitadan va’da berishgan bo‘lsa kerak? Meni olim emas, balki ovsarga chiqarishdi.

Indamay eshitdim.

Barcha qog‘ozlarni ichkaridan olib chiqib hovli o‘rtasiga tog‘ora tashladim-da, ishlanmalarimni g‘ijimlab yoqa boshladim. Birortasi pinagini buzgani yo‘q. Yopiray, bunchalik toshbag‘irlik qaerdan? Hammasi jigar-jigar, senga mehribonmiz deyishayotgandi-ku?! O, tug‘ishganlarim-a?!

Faqat xotinim bir chekkada tovush chiqarmay yig‘lardi. Olti yillik qattiq mashaqqatimni faqat ugina biladi. Ixtiroim esa dunyo yuzini ko‘rish u yoqda tursin, hatto, qarindoshlaru tug‘ishganlar doirasidan ham chiqa olmadi-ya?! Uni o‘ldirishdi!..

Hamma ketdi. Ayvondagi chorpoyada xotin ikkimiz o‘tiribmiz. Turmush o‘rtog‘im hiq-hiq yig‘layapti.

— Chizmalaringizni bekor yoqdingiz-da, dadasi! Esiz, shuncha yillik qattiq mashaqqatlaringiz! Hammasini uvol qildingiz-a?! Mana, oldin olim-olim deganlar endi bundan naf ko‘rmasligini bilgach, ovsarga chiqarishdi-qo‘yishdi. Mehnatingizga ichim achiyapti, dadasi, mehnatingizga. Nega unday qildingiz?!

— Hiqillama-ye, ovsar deyishgani bilan ovsar bo‘lib qolmayman-ku?! Aytaverishmaydimi? Yo sen ham meni ovsarga chiqardingmi? Kim aytdi senga chizmalarini yoqdi, deb? Ammo endi uni takomillashtiraman va bittasini darvozaxonamizga o‘rnatib qo‘yaman. Kimki mening ixtiroimdan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanmoqchi bo‘lib uyimizga qadam ranjida qilsa, eshigimizdan ichkariga qadam qo‘yadi-yu, o‘zining uyiga kirib qolaveradi, qalay, zo‘rmi?..

Xotinim bir muddat hiqillab turdi-da, gap yetib borgach (unga sal kechroq yetib boradi o‘zi), shartta to‘xtadi... ishshaydi...

— Bo‘ldi bu yog‘iga kulma! Juda xunuk kulasan... kulma dedim!.. Shunaqami?.. Hozir chizmalarimni olib chiqaman!..

Xotinim shartta ikki qo‘li bilan og‘zini yopdi...

(davomi bor)

Nurpo‘lat NURQULOV.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech