20 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18 °C

Hukumat
3 May  2019 1079
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi tanqidiy tahlil qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosini sifatli tashkil etish, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, 2018-yil 7-iyunda Prezident qarori bilan “Har bir oila – tadbirkor” dasturi qabul qilingan, barcha tashkiliy, moliyaviy choralar belgilab berilgan edi. Joriy yil 7-martda bu boradagi yana bir muhim hujjat – davlatimiz rahbarining “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Ushbu qarorga muvofiq maqsadli jamg‘armalardan qo‘shimcha 5 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Umuman, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda tijorat banklari orqali barcha hududlarga 6 trillion 200 milliard so‘m yoki 700 million dollardan ziyod resurslar ajratildi.

Yig‘ilishda ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish qoniqarsiz tashkil etilgani yoki o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ta’kidlandi. Jumladan, mart-aprel oylarida tikuvchilik, hunarmandchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish, maishiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish maqsadlariga yillik mablag‘larning 19 foizi ajratilgan xolos.

– Bu raqamlar tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, pul ajratish uchun mas’ul bo‘lgan rahbarlar yil yakunini kutib o‘tirganidan dalolat beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Oqibatda aholi, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash, oilalarning moddiy farovonligini yaxshilash kechikmoqda.

Kreditlar ajratish va o‘zlashtirishni jadallashtirish, sektorlar rahbarlari, tijorat banklari va jamoat tashkilotlarining bu boradagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.  

Kam ta’minlangan oilalarga alohida e’tibor bergan holda, ularni tadbirkorlikka o‘rgatish talab darajasida olib borilmayotgani qayd etildi. 

Yig‘ilishda  Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari faoliyati tahlil etilib, ularga yuklatilgan vazifalar – bo‘sh turgan maydonlarni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, binolarni ishlab chiqarish va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun tadbirkorlarga ajratish ishlari yetarli darajada tashkil etilmagani ko‘rsatib o‘tildi. 

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi joylarda mutlaqo qoniqarsiz tashkil etilgan uchun Respublika komissiyasi rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Markaziy bank hududiy boshqarmalari rahbarlari ogohlantirildi.

Videoselektorda mazkur dastur ijrosini sifatli ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlar belgilab berildi. 

Dastur ijrosini joylarda bevosita tashkil etish uchun har bir hududga respublikadan mas’ullar biriktiriladi. Ular viloyat va tumanlarga shaxsan borib, ishlar holatini joyida o‘rganadi. To‘rtta sektor rahbarlari bilan dasturni sifatli amalga oshirish choralarini ko‘radi.

Imtiyozli kreditlarga ehtiyojni aniqlash bo‘yicha uyma-uy yurish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bunga iqtisodiy kompleks xodimlari bilan birga Xalq qabulxonalarining joylardagi vakillari, mahalla raislari, xotin-qizlar, Yoshlar ittifoqi va kasaba uyushmalari vakillari jalb etiladi.

Prezidentimiz sarflangan mablag‘ yaxshi samara berishi, oilalarga farovonlik olib kirishi uchun uni maqsadli ajratish zururligini ta’kidladi. Shu bois joylardagi sektorlar rahbarlari murojaat qilgan har bir tadbirkorning ro‘yxati asosida ularga kredit ajratilishi va maqsadli foydalanilishi uchun mas’ul bo‘ladi. Viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hamda soliq idoralari rahbarlari dastur doirasidagi tovarlarning muddatida va sifatli yetkazib berilishiga ko‘maklashadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirishda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, an’anaviy hunarmandlik yo‘nalishlarini inobatga olish ham muhim. Misol uchun, Rishton tumanida kulolchilik, Marg‘ilonda ipakchilik, Chustda do‘ppi va pichoqchilik, Oltiariqda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishlari uchun zamin bor. Shu kabi imkoniyatlardan foydalanib, “bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida tadbirkorlikni rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘z biznesini ochish istagi ko‘pchilikda bor. Lekin buning uchun zarur uskunani qayerdan olishni hamma ham bilmaydi. Shu bois yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda har bir hududda doimiy ishlovchi mini-texnologiyalar ko‘rgazmalarini tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat veterenariya qo‘mitasiga zotli chorva mollarini olib kelib, aholiga yetkazib berish vazifasi topshirildi.

Ommaviy axborot vositalari orqali oilaviy tadbirkorlikni targ‘ib etish, muvaffaqiyatli tadbirkorlar faoliyatini yoritish, sektorlar va mahallalarda seminarlar o‘tkazish lozimligi qayd etildi. 

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi va yig‘ilishda berilgan topshiriqlar bo‘yicha mutasaddilar axborot berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech