07 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,4 °C

Ijtimoiy hayot
19 Mart  2020 555

Inson huquqlari himoyasi hamisha dolzarb

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2020-yil 11-martda yangi koronavirus - COVID-19 virusining epidemiya holatidan, ya’ni bir hudud chegarasidan chiqib, sayyoramizning 150 dan ortiq mamlakatiga tarqalib ulgurgan pandemiyaga aylanganini e'lon qildi.

Joriy yilning 17-mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda 183 mingdan ziyod bemor qayd etilgan bo‘lib, ularning 79 mingdan ortig‘i tuzalib ketgan, 7 ming 175 kishi vafot etgan. O‘limlarning asosiy qismi Xitoy (3 ming 226 nafar), Italiya (2 ming 158 nafar) va Eron (853 nafar) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

BMT Bosh kotibi A.Guterrish jahon jamoatchiligini koronavirusga qarshi kurashishga da’vat etar ekan, «pandemiya bizning insoniyat oilasi barcha a’zolari o‘rtasida mustahkam va uzilmas rishtalar mavjud ekaninini ko‘rsatdi» deb ta’kidladi. Shu ma’noda, COVID-19 virusi yanada keng tarqalishining oldini olish insoniyatning umumiy va yakdil vazifasi ekani alohida qayd etildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus  2020-yil 16-martda COVID-19 virusi bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida hozirgi davrda insoniyatni  yanada jipslashishga chaqiradi. U ayni vaqtda kechayotgan vaziyat barchaga birlashish imkonini berishini ta’kidlagan.

 Bugungi kunda O‘zbekiston Hukumati koronavirus infeksiyasi mamlakatimiz hududida keng tarqalmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.

Insonning yashash, sog‘ligini saqlash va axborot olish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik talablari doirasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 16-martdan yagona favqulodda aloqa tizimi (1003 raqamda) ishga tushirildi. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga quyidagi raqam bo‘yicha murojaat qilish mumkin: 71−276−49−66.

Ayni chog‘da, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan kishilarning shaxsiy ma’lumotlariga doir axborotlar ham tarqalgani kuzatilmoqda. Vaholanki, «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida»gi qonunning 24-moddasiga muvofiq,  bemor «tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganligi, sog‘lig‘ining holati, qo‘yilgan tashxis to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda uni tekshirish va davolash chog‘ida olingan boshqa ma'lumotlar sir saqlanishi» huquqiga ega.

Shu munosabat bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining quyidagi chaqiriqlariga keng jamoatchilik e'tiborini qaratadi:

- COVID-19 virusi tarqalishiga doir vaziyat va undan himoyalanish choralari bo‘yicha ma’lumotlardan foydalanishda ishonchli axborot manbalariga tayanish;

 - o‘zaro g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va birdamlikni namoyish etish, yaqinlar va qarindosh-urug‘lar bilan doimiy muloqotda bo‘lish;

- pandemiyaga qarshi kurashning boshida turgan tibbiyot xodimlarining shu kunlardagi fidoyi xizmatlarini yodda tutish;

- infeksiyaga chalinganlarga nisbatan, masalan, «koronavirus qurbonlari» kabi har xil «atamalar»ni qo‘llashdan tiyilish;

- insoniylikni namoyon etish: binobarin, koronavirus qandaydir millat yoki irqqa mansub kasallik emas; ushbu infeksiyaga chalinganlar sizga hyech qanday yomonlikni ravo ko‘rmaydi – ular madadimiz va hamdardligimizga loyiqdirlar.

COVID-19 virusi – jamiyatimizning jipsligini sinaydigan o‘ziga xos imtihondir. Binobarin, har birimiz koronavirusning tarqalishiga qarshi birgalikda ahillik bilan kurashish asnosida ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishni o‘rganamiz va zarur ko‘nikmalar hosil qilamiz.

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech