01 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9 °C

Madaniyat
27 Fevral  2020 2816

Yoshlar teatri sahnasida inklyuziv teatr

28-va 29-fevral kunlari O‘zbekiston davlat yoshlar teatri sahnasida tiflosharhlash yordamida spektakllar namoyish etiladi.

Ushbu tadbir «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilmoqda. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqarmasi spektakllarga Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi aholisini taklif qiladi.

Tomoshabinlarga Temur Zulfiqorovning «Xo‘ja Nasriddinning birinchi muhabbati» dostoni, shuningdek, «Asir tabib» teatrlashtirilgan spektakli hikoya qilib beriladi. Spektakl rejissyori – «O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi» Nabi Abduraxmanov.

O‘tgan yili Jamg‘arma mamlakatimizning madaniyat muassasalarida inklyuziv muhitni yaratish bo‘yicha uzoq muddatli dastur asosida ish boshladi. Teatrlarimizda tiflosharhlash orqali sahnalashtirilgan spektakllar namoyish etilishi ushbu dasturning elementlaridan biridir, deya xabar beradi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi matbuot xizmati. 

Ma’lumot uchun, tiflosharhlash — bu ko‘zi ojizlarga muzey, teatr, ko‘rgazma va kinolarni tomosha qilish imkonini beruvchi texnologiyadir. Bunda tomoshabinlar quloqchin yordamida beriladigan ma’lumotlar orqali sahna, ekran yoki suratdagi holatni to‘liq tasavvur eta olishadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech