26 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,5 °C

Yashil sayyora
18 Dekabr  2018 1004

Ummon oldida tursang ham...

Markaziy Osiyoda sodir bo‘layotgan ekologik muammolarning 90 foizi suv bilan bog‘liq, deyilganda birgina Orol dengizi nazarda tutilmaydi, albatta. Bu yil O‘zbekiston hududlarida, jumladan, Navoiy viloyatida ham suv taqchilligi kuchli sezildi. Mutaxassislarning bashorat qilishlaricha 2025-yilga borib dunyo aholisining uchdan bir qismi kuchli suv tanqisligi sharoitida yashay boshlaydi. Xo‘sh, ushbu qimmatli tabiiy ne’matdan qanday tejab-tergab va oqilona foydalanish mumkin? OAV vakillari va ekolog-ekspertlar ana shu savolga javob qidirib ko‘rishdi.

Bu «UzWaterAware» suv masalalaridan xabardorlik loyihasini amalga oshirayotgan yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida Jurnalistlarni qayta tayyorlash va Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologiya markazlari tomonidan Navoiyda tashkil etilgan seminar-treningning bosh mavzusiga aylandi.

Trening ishtirokchilariga taklif etilgan o‘qitishning interfaol shakli boshdanoq ochiq-oshkora muhokama, bahs-munozaralarga turtki berdi. Seminarning dastlabki kuni O‘zbekistonda suv siyosatining o‘ta muhimligi haqida gapirildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida respublikamiz aholi jon boshiga suv iste’mol qilish bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga ega – 1 kishiga salkam 2000 kubometr suv. Bu, masalan, Turkmanistondagiga qaraganda ikki baravar kam. Biroq dunyoda o‘rtacha suv iste’mol qilish ko‘rsatkichidan uch baravar ko‘pdir. Suvning ancha arzon turishi sababli unga go‘yoki bitmas-tuganmas resursdek munosabat ko‘rsatilmoqda.

Bunday resurslardan nooqilona, o‘rinsiz foydalanish bilan bog‘liq ekologik falokatlar insoniyatni o‘ylashga va tabiat bilan hisoblashishga majbur etadi. Aniqlanishicha, 1 kilogramm don yetishtirish uchun 1000 litr, 1,5 kilogramm go‘sht yetishtirish uchun – 1,5 million litr suv sarf bo‘lar ekan. 1990-yilga qadar O‘zbekistonda turli ehtiyojlar uchun suv iste’moli 64 milliard kubometrni tashkil etgan bo‘lsa 2008-yildan keyin bu ko‘rsatkich 51 milliard kubometrga tushdi.

Suvdan oqilona va tejab-tergab foydalanish masalasi, avvalo, ushbu tabiiy ne’mat, obihayotga bo‘lgan munosabatni shakllantirish zarurligiga borib taqaladi. Ekspertlarning aytishicha, suvni tejab-tergashni bolalikdan singdirib borish zarur.

Tadbir ishtirokchilari hududning suv taqchilligi bilan bog‘liq muammolarini keng yoritish strategiyasini ishlab chiqdi, uni ilgari surish, samarali amalga oshirish va keng jamoatchilik e’tiborini jalb etish mexanizmlari muhokama qilindi.

Dilfuza G‘ulomova.

«Pravda Vostoka»ning o‘z muxbiri.

Navoiy viloyati

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech