04 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +26,7 °C

Agrosеktor
30 Aprel  2020 537

Ikkinchi jahon urushi yillarida Oʻzbekistonda ipakchilik rivoji

Ikkinchi jahon urushi Oʻzbekiston iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Qishloq xoʻjaligi ayniqsa, katta qiyinchiliklarga duch keldi. Urush yillarida markazning xomashyo – paxta, pilla va boshqa mahsulotlarni yetishtirishni koʻpaytirish sohasidagi siyosati nihoyatda shiddatli tus oldi.

Ipakchilik sohasi ikkinchi jahon urushi yillarida muhim strategik ahamiyat kasb etdi. Ayni holatdan kelib chiqib, respublika hukumati tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Dastlab ipak qurtining ozuqasi boʻlgan tut koʻchatlari oʻtqazish va tutzorlarni kengaytirish choralari koʻrilgan. Shu bilan birga aholiga tut parvarishlash boʻyicha yoʻriqnomalar tarqatilgan. Shuningdek, tut daraxtlariga yaxshi navlilari payvand qilingan. Ariq boʻylariga yangi tut koʻchatlari ekilib, tut daraxtlari parvarish qilinib, kengaytirilgan. Jumladan, respublikada 1942-yilda 7 767 ming tup tut koʻchatlari ekilgan.

Ipakchilik rivojida ipak qurti urugʻining sifat darajasi ham muhim sanaladi. Shu boisdan hukumat tomonidan ipak qurti urugʻi tayyorlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ipak qurti urugʻi zavodlarida sifatli urugʻ tayyorlash muhim vazifa sifatida belgilangan. Biroq, urush yillaridagi ogʻir sharoitda ipak qurti urugʻchiligi zavodlari rejadagi koʻrsatkichni bajara olmagan. Masalan, 3 ta ombor, 3 ta sifat nazorati (mikroskopli) tekshiriladigan zalga, tekshiruv sexi, urugʻ saqlash xonalariga ega boʻlgan Buxoro ipak qurti urugʻchiligi zavodi 1942-yilda 18674 quti (21000 oʻrniga) ipak qurti urugʻi tayyorlangan.

Ikkinchi jahon urushi yillarida (1939-1945) zavodda ipak qurti urugʻi tayyorlash keskin kamayib, 1944-yilda 501 quti ipak qurti urugʻi tayyorlangan.

Shuningdek, tayyorlangan ipak qurti urugʻlarini inkubatorlarda jonlantirish usuli takomillashib borgan, amalda ushbu jarayon keng qoʻllanila boshlangan. Xususan, Samarqand viloyatida 1944-yilda 176 ta inkubatoriya faoliyat yuritgan. 

Ipak qurti urugʻlari jonlantirilgach, parvarishlash sharoitlari ham yetarli (issiq binolar tayyorlash ishlari) boʻlmagan. Oqibatda, ipak qurti parvarishi muddatining choʻzilib ketishiga, gʻoʻza parvarishi avjiga chiqqan bir paytda kolxozchilarning ipak qurti boqish bilan band boʻlib qolishiga sabab boʻlgan. Oqibatda, pilla oʻrash saratonning issiq kunlariga toʻgʻri kelib, ipak qurtlarining kasallanishi va hosilning kamayishiga sabab boʻlgan.

Urush yillarida ayrim viloyatlarda pillachilik zvenolari ham tashkil qilinmagan edi. Lekin, hukumat hosildorlikni oshirishni talab qilgan. Oqibatda, kolxoz aʼzolari uy sharoitida ipak qurtini parvarish qilishga majbur boʻlgan.

Ipak qurti boqish jarayoniga kolxozchilar bilan birga ularning barcha oila aʼzolari jalb qilingan. Shuningdek, qariyalar, katta yoshli ayollar, hatto oʻsmir yoshidagi bolalar ipak qurti parvarishi bilan band boʻlgan. Qariyalarni ipak qurti parvarishidagi tajribalari juda ham asqotgan. Ayollar va oʻsmir bolalar esa ipak qurti ozuqasi boʻlgan tut barglarini terish, toʻplash, tashib olib kelish va uni zaxira qilishda asosiy ishchi kuchi vazifasini oʻtagan. Shuningdek, jismoniy layoqati, imkoniyatidan qatiy nazar, barcha kolxozchilarning oilalariga ipak qurti urugʻlari boqish uchun majburiy tarqatilgan. Ipak qurti boqishning 4 va 5-davriga kelib esa, ozuqani koʻp miqdorda yetkazish muammosi ayniqsa, qiyinchilik tugʻdirgan. Ayollar, bolalar ayniqsa, ipak qurti parvarishining “katta daha” davrida ogʻir mehnatga jalb qilingan. Biroq, barcha qiyinchiliklarga qaramay xalqimiz front ortida ushbu sohada ham chinakam mehnat jasoratini koʻrsatgan.

Urushning dastlabki yillaridanoq pilla yetishtirish hajmi ortib borgan. Xususan, 1941-yilda 12 189 tonna, 1944-yilda esa 10 300 tonna pilla tayyorlangan. Agar Oʻzbekistoning pilla yetishtirish boʻyicha butun Ittifoq miqyosidagi salmogʻi 1940-yilda 47,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 1945-yilga kelib, bu koʻrsatkich59,3 foizga yetgan. Urush yillarida respublika dehqonlari davlatga 54 067 tonna pilla yetkazib berdilar. Yuzlab ipakchilik bilan shugʻullanuvchi brigada va zvenolar bir quti ipak qurti urugʻidan pilla hosilini 70-100 kilogrammgacha yetkazdilar.

Shuningdek, urush yillarida ipakchilik fabrikalari ishchilari ham mislsiz mehnat jasoatini koʻrsatganlar. Hususan, Margʻilon ipakchilik fabrikasiga (urush boʻlayotgan joylardagi) toʻquv dargohlarining uskunalari evakuatsiya qilingan. Natijada Margʻilon ipakchilik fabrikasi toʻquv stanoklari soni 500 taga yetkazilgan. Hamda ushbu fabrika 1942-yilda kombinatga aylantirilgan. Tez fursatda kerakli hajmda mahsulot ishlab chiqara boshlangan.

Urush yillarida sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar oʻzining ziddiyatli va noizchilligi bilan ajralib turardi. Biroq, Vatan himoyasiga shaylangan Oʻzbekiston xalqi sohadagi mavjud muammolarga barham berishga, tarmoqni rivojlantirishga harakat qilgan, hamda uning uddasidan chiqqan. Shuningdek, beqiyos mehnat namunalarini koʻrsatgan.

Nargizaxon Alimova,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech