13 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Ta'lim
22 Iyul  2020 387

Ijod maktablari uchun yangi darsliklar yaratiladi

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi (PIIMA) mamlakatimizdagi adabiyotshunos olimlarni jalb qilgan holda ijod maktablari uchun yangi darsliklar yaratish ustida ish olib bormoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi 141-sonli “Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra ijod maktablarining 7-11-sinflari uchun ixtisoslik fanlariga haftasiga qoʻshimcha 20 soat (har bir sinfga 5 soatdan) ajratish rejalashtirilgan.

Mazkur qaror ijod maktablari oʻquvchilari ona tili va adabiyot fanlari boʻyicha davlat taʼlim standartlarida belgilangan bilimdan tashqari notiqlik sanʼati va adabiyot sirlarini chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitishga qaratilgan.

PIIMA mazkur darsliklarni tayyorlash uchun Respublikamizdagi adabiyotshunos olimlarni jalb qildi va hozirda ijod maktablarining 7-11-sinflari uchun ixtisoslik fanlari boʻyicha darsliklar yaratish boʻyicha ish olib borilmoqda.

7-11 sinflar uchun tayyorlanayotgan ixtisoslik adabiyoti darsligida xalq ogʻzaki ijodi, adabiy jarayon, adabiyot qoidalari, publitsistika, matnshunoslik, dramaturgiya fanlarining elementlari oʻquvchilarning yosh xususiyatiga mos ravishda singdirilmoqda.

Shuningdek, ixtisoslik adabiyoti darsligi mazmunan umumiy oʻrta taʼlimning adabiyot fani va oliy taʼlimning adabiyot yoʻnalishi fanlari bilan uzviyligi taʼminlanmoqda.

Shu bilan bir qatorda, mutaxassislar tomonidan notiqlik sanʼati va nutq madaniyati fani boʻyicha ijod maktablari oʻquvchilari uchun 7-11 sinflarga moʻljallangan alohida darslik tayyorlanmoqda.

Ushbu darsliklarni tayyorlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyot universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Yangidan tayyorlangan darsliklar universitetning ilmiy-metodik kengashida muhokamadan oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Tayyorlangan oʻquv dasturi va darsliklar 2020/2021 oʻquv yilida ijod maktablarida tajriba-sinovdan oʻtkaziladi. Oʻquv yili yakunida aniqlangan kamchiliklar va kelib tushgan takliflar asosida darsliklar takomillashtirish va qayta chop etish rejalashtirilgan, deb xabar beradi PIIMA matbuot xizmati.

Bundan tashqari, ijod maktablarida chet tillarini oʻqitishni zamonaviy metodlar asosida tashkil etish maqsadida ingliz, nemis va fransuz tili fanlari boʻyicha ilgʻor xorijiy mamlakatlarning eʼtirof etilgan darsliklarini xarid qilish boʻyicha xorijiy nashriyotlar bilan muzokaralar olib borilmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech