20 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,2 °C

Ijtimoiy hayot
13 Fevral  2019 1451

Huquqimizni talab qilishdan uyalmaylik

Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro Nadejda Zyabova shahardagi Yangi bozor hududidan «Artel» rusumli, jami tovarlar summasi 6 750 000 so‘mlik bir necha maishiy texnika buyumlari (televizor, sovutgich, kir yuvish mashinasi)ni sotib oladi. Xaridor maishiy texnikalarni olish jarayonida ularni elektr tarmog‘iga ulab, ishlatib ko‘rsatishni so‘raydi. Biroq sotuvchi tovarlarni talab darajasida ishlashini qayta-qayta ta’kidlab, ularni ishlatib ko‘rsatishni istamaydi.

Iste’molchi sotuvchining so‘zlariga ishonadi va tovarlarni uyiga olib ketadi. Lekin manziliga yetgach, elektr tarmog‘iga ulangan televizorning ekrani yaroqsiz holatda ekanligi ma’lum bo‘ladi. Iste’molchi ushbu holat bo‘yicha bozor ma’muriyati bilan uchrashib, hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan sotuvchi tomonidan unga nuqsonli tovar sotilganligini bildiradi. Sotuvchi esa tovarning nuqsonli ekanligini tan olishni xohlamaydi.

Shundan so‘ng, N.Zyabova shahar Istemolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qiladi. Uning murojaati mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, sotuvchiga O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni tegishli moddalari bo‘yicha tushuntirilgandan so‘ng nuqsonli televizor maqbul sifatlisiga almashtirib beriladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni 8-moddasi beshinchi qismiga asosan, iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) esa nazorat-o‘lchov asboblarini, narxga doir hujjatlarni taqdim etishi, tovarni ishlatib ko‘rsatishi, undan xavfsiz va to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatishi, zarurat bo‘lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart. Agar yuqoridagi holatda iste’molchi o‘zining qonuniy huquqlaridan kelib chiqib, oldi-sotdini amalga oshirish jarayonida televizorni elektr tarmog‘iga ulanishi va lozim darajada ishlashini tekshirib olishini talab qilib turib olganda, albatta, keyingi ovoragarchiliklarni oldi olingan bo‘lar edi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech