16 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,8 °C

Hukumat
30 Avgust  2019 959
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Xoreografiya oliy maktabi yangi o‘quv yilini zamonaviy binoda boshlaydi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Toshkent shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi binosini borib ko‘rdi.  

Mazkur dargoh ixtisoslashgan maktab-internat, xoreografiya kolleji, bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini qamrab olgan bo‘lib, xoreografiya bo‘yicha uzluksiz saboq beradi. Lekin muassasa uzoq yillar eski binoda faoliyat yuritib keldi.

Prezidentimizning 2017-yil 3-avgust kuni ijodkorlar bilan uchrashuvidagi tashabbuslari madaniyat va san’at sohalarining yanada rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Xususan, Oliy maktab uchun alohida korpus ajratilib, zamonaviy ta’mirlandi. 15 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, 400 talabaga mo‘ljallangan yangi o‘quv va mashg‘ulot xonalari, 300 o‘rinli talabalar turar joyida barcha sharoit yaratildi.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoit, muhit va yutuqlarni mamlakatimizning boshqa joylarida ham tatbiq etish, hududiy maktablar tashkil etib, ularni Oliy maktabga biriktirish, ustoz-shogird an’anasini mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari bilim yurtining o‘qituvchi va murabbiylari bilan suhbatlashdi. Milliy san’atimizga e’tibor, bu sohada yangi ta’lim maskanlari qurish va ustozlar mehnatini rag‘batlantirish ishlarini izchil davom ettirish lozimligi qayd etildi. «Bahor» raqs ansamblining qayta tiklanishi soha vakillariga katta quvonch bag‘ishladi. 

Oliy maktab ijodkorlari uchun dam olish maskani tashkil etish va avtobus ajratish bo‘yicha topshiriq berildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech