16 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +39,4 °C

Kеyingi avlod
16 Dekabr  2018 1487

Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik darslarida o‘quvchilarga nimalar o‘rgatilmoqda

Vatanga bo‘lgan muhabbatni bolalikdan singdirib borish lozimligi hech kimga sir emas. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi bu vazifani hal etishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning tobora rivojlanib borishi ko‘p jihatdan yosh o‘g‘il-qizlarimizning mustaqil hayotga qanday bilimlar, dunyoqarash va ma’naviy qadriyatlar bilan yo‘l olishiga bog‘liq. Ularni munosib, jasur, maqsadga intiluvchan va o‘z hayotiy pozitsiyasiga ega etib o‘stirishda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi muhim rol o‘ynaydi.

O‘quv yilining boshidanoq Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi 41-sonli, Xovos tumanidagi 1-sonli, Guliston tumanidagi 27-sonli va Guliston shahridagi 16-sonli to‘rtta umumta’lim maktablarining yettinchi sinflariga harbiy ish va chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘tila boshlandi. Amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda o‘g‘il bolalarga armiya safida xizmatda asqotadigan ko‘nikmalar, qizlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish o‘rgatilmoqda.

Hududda joylashgan harbiy qismlar vakillari ushbu muassasalarga tez-tez mehmonga tashrif buyurib turishadi. 41-sonli maktabda o‘tgan uchrashuv ham mazmunli o‘tdi. Harbiy qism komandirining Ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Matxiddin Rahimov rahbarligidagi Milliy gvardiyaning ikkita bo‘linmasi juda ko‘p turdagi jangovar eksponatlar bilan tashrif buyurishdi.

- Kollej va maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdik, - deydi M.Rahimov. – O‘quvchilar uchun viloyat markazida joylashgan qismimizga ekskursiya uyushtirishni rejalashtiryapmiz. Negaki, askarlarning kundalik hayoti har bir o‘quvchi o‘g‘il bola uchun qiziq. Bu kabi namunali mashg‘ulotlar so‘zsiz, harbiy xizmatga qiziqish uyg‘otadi, ta’lim muassasalarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik darajasini oshirishga hamda yoshlarda yot g‘oyalarga nisbatan kuchli immunitetni shakllantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, bu o‘sib kelayotgan yosh avlodga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamdir.

Gvardiyachilar o‘quvchilarga o‘quv-jangovor eksponatlarni: sapyorlar va zamonaviy jangchining qurol-aslahalari, granatalar, tutun shashkalari, durbin, tungi ko‘rish moslamasi, aloqa vositalari va joyning zaharlanganini qanday aniqlash usulini namoyish etdilar. Shundan so‘ng o‘quvchilar yakkaolishuvlarda jangovor usullarni mohirlik bilan qo‘llash, himoya kiyimidagi sapyorlar ishi, favqulodda vaziyatlarda qanday harakat qilish va tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi bilan yaqindan tanishdilar.

- Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng mamlakatimizda jismonan baquvvat, ma’naviy boy va intellektual salohiyati yuqori yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda, - deydi maktab direktori Lolaxon Begimova. – Bu yil ota-onalarning tashabbusi bilan maktabimizda harbiy yo‘nalishdagi sinfni ochdik. Ularga maktabda o‘qitiladigan fanlardan tashqari, mantiq, safda yurish tayyorgarligi va jismoniy tarbiya darslari o‘tiladi. Bir narsani unutmaslik lozim, tarbiya, avvalo, oilada beriladi, so‘ng maktab, kollej, oliy ta’lim muassasalari va harbiy xizmatda davom etadi.

To‘lqin Ahmadaliev.

«Pravda Vostoka»ning o‘z muxbiri.

Sirdaryo viloyati

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech