19 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,2 °C

Madaniyat
22 Noyabr  2018 673

Musiqaga ingan hayot falsafasi

O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida o‘zining yarim asrdan ko‘proq umrini sevimli kasbiga bag‘ishlagan, mamlakatimizning yirik kompozitorlaridan biri Dilorom Saydaminovaning mualliflik konserti bo‘lib o‘tdi.

U qator simfoniyalar, orkestr jo‘rligidagi fortepiano uchun konsertlar, simfonik poemalar, yakkalik va boshqa asarlar, shuningdek, estrada qo‘shiqlari va filmlarga yozilgan musiqalar muallifidir. Ular orasida «Ko‘hna Buxoro devorlari», «Afrosiyob devoriy rasmlari», «Shoirga bag‘ishlov» kabi fortepiano ijrosidagi asarlari va qator miniatyuralari mashhur bo‘lib ketgan.

Kechada kompozitorning asarlarini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboev rahbarligidagi Yoshlar simfonik orkestri Yulduz Xusnutdinova rahbarligidagi xor jamoasi va mamlakatimizning yetakchi pianino ustalaridan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adiba Sharipovalar ijro etdilar. Dasturni «O‘tgan do‘stlar yodi», deya nomlangan simfonik poema ochib berdi. Asar bundan yigirma yillar muqaddam yozilgan o‘ziga xos tragik marsiya bo‘lib, o‘tib ketgan yurakka yaqin insonlarga bag‘ishlangan hamda ayriliq alami, tiriklik va o‘lim haqidagi falsafiy mushohadalarni o‘zida mujassam etgan.

Muallifning o‘qigan bir yapon romanidan ilhomlanib yozgan orkestr jo‘rligidagi fortepiano uchun konserti ham ijro etildi. Asarda muallif borliqning falsafiy qonunlari, qadimiy xalq donishmandligi va zamonaviy, rivojlangan shaharlardagi hayot tarzini bir-biriga qarshi qo‘yish g‘oyasini ilgari surgan. Orkestr ajoyib ijro qildi, fortepiano partiyalarini A.Sharipova yuksak mahorat bilan chalib berdi.

 «Ong ochilishiga yo‘l» simfoniya-oratoriyasida (oratoriya - xor yoki orkestr uchun yozilgan yirik musiqa asari) kompozitor har kimning o‘z xususiy yo‘li borligini aytmoqchi bo‘ladi. Ijro tinglovchini ilhomlantiradi va yuksaklik sari undaydi, ulkanligi va ulug‘vorligi bilan butunlay o‘ziga qamrab oladi. O‘tmishda musiqa san’atining janri sifatida simfoniya-oratoriyalar faqat diniy mavzularda yaratilgan va jahon madaniyati daholarining unutilmas asarlari bilan boyib borgan. Uning mavzusi va falsafasini kengaytirgan, inson fe’l-atvori, kechinmalari va dunyoqarashi kabi turli qirralariga murojaat qilgan Dilorom Saydaminova umr kechirish mavzusiga o‘z shaxsiy talqinida yondashgan va qanday murakkab yo‘lni bosib o‘tish kerakligini aks ettirishga intilgan.

Konservatoriyada o‘tkazilgan ushbu tadbir tom ma’noda zamonaviy simfonik musiqa bayramiga aylandi. Unga tashrif buyurgan musiqa shinavandalari kompozitorning yuksak mahorati va ijodiga munosib baho berib, takror va takror qarsak chalishdi. Muallif asarlariga esa kelajakka bo‘lgan kuchli intilish, ohanglar va syujetlarda dramatizmning tobora kuchayib borishi omad keltirdi, deyish mumkin. Qarama-qarshi ohanglar bitta muvozanatda, oqish va qoramtir ranglarni bir-biriga taqqoslagan holda emas, balki anchayin murakkab, ba’zan nosimmetrik, biroq ajoyib uyg‘unlikda ijro etildi.

Kechadagi dastur jamiyatimizning tobora o‘sib borayotgan yuksak ma’naviy mazmundagi musiqiy asarlarga bo‘lgan ehtiyojiga o‘ziga xos javob ham bo‘ldi, deyish mumkin. D.Saydaminova hali-hanuz ijod bilan band va kelgusida simfonik musiqa shinavandalarini ko‘plab yorqin va mazmunli asarlari bilan xushnud etishiga ishonamiz.

Adel Chilyakova.
San’atshunos.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech