19 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23 °C

Mamlakatimizda
6 Mart  2019 1055

Fermer – milliarder Lola Murotova

Farg‘onada fermer ayollar orasida milliarderlar chiqqani haqida xabar tarqaldi. Bu oddiy xabar emas edi, bunday qaralsa milliarderlikka osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Millarderlar orasida Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, butun umrini halol mehnat qilishga sarflab kelayotgan Lolaxon Murotova oldingi o‘rinlarda ekan. U o‘tgan yil yakuniga ko‘ra hibob-kitob qilinganda paxtachilikdan 650 million so‘mdan ortiq, g‘alladan 350 million so‘mga yaqin sof foyda olib, jami 1 milliard so‘m daromad olibdi. Bu katta va samarali mehnatning natijasidir.

 

Lolaxon Murotova hayot dorilfununini ado etdi. Traktorchi, oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, bo‘lim boshlig‘i, xo‘jalik raisi bo‘ldi. Mustaqillik yillarida esa haqiqiy baxtini mehnatdan topdi, fermer xo‘jaligi tashkil etib odamlarga yana ham ko‘proq nafi tegadigan bo‘ldi. Sirtdan o‘qib oliy ma’lumot oldi. Hukumatning qo‘sha-qo‘sha ordenlariga, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi”, degan fahriy unvonga sazovor bo‘ldi. Oltiariqliklar, xususan, hamqishloqlari uning hurmatini doimo joyiga qo‘yadigan bo‘ldilar. Bugungi kunda opani paxta va g‘alla yetishtirish sohasining professori ham deb ataydilar. 

Oltiariq markazidan chiqib O‘zbekiston faxriylari sanatoriyasiga ketadigan yo‘ldan borayotganda Belariq degan ko‘rsatmadan o‘ng tomonga yursangiz ko‘p o‘tmay atrofi mo‘jazgina mevazor bog‘ bilan o‘ralgan dala shiyponiga ko‘zingiz tushadi. Opa shu atrofda doimo dala aylanib yurgan yoki dala shiyponida ishchilar bilan suhbatlashib o‘tirgan bo‘ladi. Ishlaridan so‘rasangiz hazilomuz qilib “shu dalalar – mening sevgiligim, ekinlar esa farzandim”, deb qo‘yadi. Haqiqatdan ham hayotining mazmuniga aylangan shu dalalar opa uchun oppoq tonglar, orzu-umidlar, kelajak bilan bog‘liq ezgu tilaklar maskaniga aylanganini siz ham ko‘p o‘tmay anglay boshlaysiz.

– Yangi yil kirishiga uch kun qolganda muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini viloyat hokimligida shaxsan ishtirok etib tingladim, – deydi opa. – Mamlakatimiz rahbari chindan ham o‘z vatanini, xalqini sevadigan, mamlakat ravnaqi, inson manfaatini o‘ylaydigan fidoyi shaxs ekanligini his etdim. Har bir sohaga yangicha mezon bilan qarar ekanlar, pirovardida bu vatanda yashayotgan insonlarning yaxshi yashashini, erkin hayot kechirishini o‘ylaganlari meni to‘lqinlantirib yubordi. Prezidentimizning qishloq xo‘jaligining har bir tarmog‘iga ilm-fan yutuqlari, innovatsiyani joriy etish tashabbuskori bo‘layotganliklari biz fermerlarni ulkan yutuqlar sari rag‘batlantirmoqda. Bunga misol sifatida navlar tanlash, agrotexnik tadbirlarni olib borish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan ishlov berish, hashoratlarga qarshi kurashish, hosildorlikni oshirish, yangi texnikalar bilan ta’minlanish singari barcha yo‘nalishlarda sohaga ixtisoslashgan olimlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz.

Milliarder fermerning avtoparkidagi texnika va transport vositalarini pulga chaqadigan bo‘lsa, ular ham milliarddan ancha oshadi. 2 ta “Klass Orion” kombayni, 3 ta “Beloruss” qator orasiga ishlov beruvchi, 2 ta transport traktorlari, 1 ta mineral o‘g‘itlar bilan ishlov berishga moslashgan texnika, “Damas”, “Neksiya”lar...

Fermer xo‘jaligining 110 nafar a’zosi bir tan, bir jon bo‘lib mehnat qilishga odatlanishgan. Ish ko‘paygan pallada mavsumiy ishchilar ham vaqtinchalik ishga qabul qilinadi. Ularga haq to‘lanadi.

O‘tgan yil raqamlariga boqing: 350 gektar yerda “Asr”, “Grom” navli g‘alla parvarishlandi, rejadagi 870 tonna o‘rniga 1100 tonna bug‘doy yig‘ishtirib olindi. Davlat omborlariga qo‘shimcha 250 tonna g‘alla topshirildi. 127 gektar yerda yetishtirilgan “Namangan-77” navli urug‘lik paxta hosili yanada mo‘l bo‘ldi. Paxta qabul punktlariga 440 tonnaga yaqin sifatli sanoat xom ashyosi yetkazib berildi. Har gektar yerdan olingan hosildorlik 40 sentnerdan ortib, yillik shartnoma rejasi qariyb 155 foizga uddalandi.

Qish faslining ham o‘z mehnat kalendari bor. Shudgorlash, tekislash ishlari tugagan. Bo‘lg‘usi hosil uchun ekilgan boshoqli don to‘liq undirib olindi, unga qishda solinadigan mineral, mahalliy o‘g‘itlarga jiddiy e’tibor bilan qaralyapti. Chilla suvi berish, sho‘r yuvish, yerning meliorativ holatini yaxshilash ishlari tugallangan.

Lolaxon Murotovaning fermerlikdan tashqari boshqa ishlari ham bir talay. Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashi deputati sifatida olib borayotgan ishlaridan ibrat olsa arziydi. U Kengash sessiyalariga masalalar tayyorlashda, qarorlar qabul qilishda faollik ko‘rsatadi. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasining ayrim hayotiy masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarida maruzalar bilan chiqadi.

Jamoat ishlariga, o‘tadigan tadbirlarga opa hamma vaqt ulgurishim shart deydi.  Tumanda, Poloson mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tadigan yig‘ilishlarning to‘riga opani chiqarishadi.

Lolaxon Murotova hamisha o‘zidan yaxshi nom qoldirgisi kelib yashaydi va kuniga kimgadir yaxshilik qilishni istaydi. U tumanning birinchi rahbarlari orasida Usmonjon Begmatovni ko‘p bor tilga oladi. Uning otalarcha g‘amxo‘rligini, qizidek tarbiya qilganini, o‘stirganini, tashkilotchi va tashabbuskor bo‘lib, odamlar qalbiga yo‘l topishni o‘rgatganini eslab turadi. Kishi hayotda kimdandir yaxshilik ko‘rar ekan va kimgadir yaxshilik qilib murodiga yetar ekan. Opa bilan gaplashib o‘tirganimizda biz ham uning bosib o‘tgan hayot yo‘liga nazar tashlaganday bo‘ldik. Opa birovning yomonligini unutadigan, yaxshiligini sira esdan chiqarmaydigan kishilar sirasiga kirar ekan. Hayotiy tajribasi oshgani sari, fikrati tiniqlashib borar ekan.

Erta-indin Lola Murotovani juda ko‘pchilik Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan tabriklay boshlaydilar. Unga quchoq-quchoq gullar hadya qilishadi. Uning ko‘ngli tog‘day ko‘tariladi.

Hamid BURXANOV,

jurnalist,

O‘zbekistonda xizmat

ko‘rsatgan madaniyat xodimi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech