18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,3 °C

Xalqaro munosabatlar
28 May  2019 1930
OʻzA

GFR Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Gyote institutiga bordi

Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Toshkentdagi Gyote institutida boʻldi. Ushbu muassasa oldidagi maydonda bunyod etilgan Yohann Volfgang Gyote haykali va bogʻi ochilish marosimida qatnashdi.
А. Abdullaev olgan surat, Oʻza
XVIII asrda yangi davr nemis adabiyoti asoschisi – Gyotening “Faust”, “Magʻribu mashriq devoni”, “Yosh Verterning iztiroblari” kabi asarlari, falsafiy sheʼrlarini xalqimiz sevib mutolaa qiladi.
 
Gyote mutafakkir ajdodlarimizning ilmiy va badiiy merosi bilan yaxshi tanish boʻlgan. Ibn Sino, Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi ulugʻ bobolarimiz ijodini mutolaa qilib, asarlarida ayrim turkiy soʻzlarni asliyatda qoʻllagan.
 
Frank-Valter Shtaynmayer Oʻzbekistonda Gyote siymosiga ehtirom mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yangi ruhda davom ettirishga, madaniy-maʼrifiy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
 
Oliy martabali mehmon Toshkentdagi Gyote instituti faoliyati bilan tanishdi.
 
Bugun Oʻzbekistonda Germaniya akademik almashuvlar xizmati, Konrad Adenauer va Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarmalarining vakolatxonalari, Nemis xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik boʻyicha instituti kabi GFRning koʻplab ilmiy-maʼrifiy tashkilotlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda.
 
Mamlakatimizdagi 1842 maktabda 377 mingdan ziyod oʻquvchi nemis tilini oʻrganmoqda. Shu jumladan, Toshkent, Samarqand va Margʻilon shaharlarida Germaniyaning til boʻyicha diplomini berish huquqiga ega maxsus maktablarda 5 mingga yaqin oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Oʻquvchilarga 4450 ga yaqin oʻqituvchi taʼlim beradi.
 
Ayni paytda oʻzbekistonlik 700 dan ortiq talaba, ilmiy tadqiqotchi Germaniya oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayapti. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti va Samarqand iqtisodiyot va servis instituti huzuridagi akademik litseylar bitiruvchilarining 15 nafari Germaniya madaniyat va taʼlim vazirlari Doimiy konferensiyasining nemis tili diplomiga sazovor boʻldi.
 
Toshkentdagi Gyote institutining asosiy maqsadi nemis tilini oʻrgatish, xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
 
Germanshunoslar, talabalar, umuman, barcha qiziquvchilar institut oʻquv zalida nemis tilidagi kitoblarni mutolaa qilishi, Germaniya davriy va vaqtli matbuot nashrlari bilan tanishishi mumkin. Kimda nemis tilini oʻrganishga ishtiyoq paydo boʻlsa, bu yerdagi kurslarda tahsil olish imkoniyati bor. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
 
Hozirgi institutning til oʻqitish markazlarida 4 mingdan ziyod mamlakatimiz fuqarosi nemis tilini oʻrganmoqda.
 
Frank-Valter Shtaynmayer institutda til oʻrganayotgan yoshlar, madaniyat va sanʼat namoyondalari, ilmiy doiralar va keng jamoatchilik vakillari bilan suhbatlashdi.
 
Federal Prezident ikki hamyurtimiz – Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi tarjimoni Mukarram Karimova va Margʻilon shahridan nemis tili oʻqituvchisi Lidiya Osinani “Bundesverdienstkreuz” (“Germaniya Federativ Respublikasiga xizmat koʻrsatgani uchun”) ordeni bilan mukofotladi.
 
Hamyurtlarimizning bunday yuksak mukofot bilan taqdirlanishi nafaqat ularning ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlik rivojiga qoʻshgan hissasi, balki davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi xizmatlarining ham eʼtirofidir. Taqdirlash marosimi Germaniyada Oʻzbekiston bilan aloqalarga alohida eʼtibor bilan qaralashi, hamkorlikni ravnaq toptirish machsadida faoliyati koʻrsatayotgan vakillarimiz yuksak qadrlanishidan yana bir dalolat boʻldi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech