30 Noyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,6 °C

Salomatlik
29 Yanvar  2020 1733

Farg‘onada bemor hamshiraga jarohat yetkazdi

Joriy yil 28-yanvar kuni Farg‘ona shahridagi 2-oilaviy poliklinikada tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holati yuz berdi. Jarohatlangan hamshiraning holati aks etgan surat tezda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘lyapti. Ushbu vaziyat Farg‘ona viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganildi.

Dastlabki o‘rganishlardan ma'lum bo‘lishicha, voqyea ultratovush tekshiruvi (UTT) o‘tkaziladigan xonada yuz bergan. Ultratovush tekshiruvi o‘tkazuvchi shifokor Mashhura Toshmatova va unga biriktirilgan hamshira Matluba Ma’murova odatdagidek bemorlarni navbat bilan qabul qilishayotgan edi...

Ma’lum bo‘lishicha, shifokor 1992-yilda tug‘ilgan bemor qizdan qo‘lida yig‘layotgan yosh bolasi, tashqarida sovuqda esa yana bir 3 yoshli bolasi qolgan ayolni qizdan oldin ko‘rikdan o‘tkazishini iltimos qilgan. Qiz esa ko‘nmagan. Shifokor qizni puxta tekshiruvdan o‘tkazib, belgilangan tartibda tashxisni yozib beradi. Shu jarayonda qizga yosh bolali ayolga navbatini bersa, qanchalik savob ish qilgan bo‘lishi mumkinligini tushuntirib nasihat qilgan.  Qiz esa eshitgan nasihatdan asabiylashib, xonadan chiqib ketadi. Ko‘p o‘tmay xonaga yoshi katta bir ayol bilan kirib keladi. Ayol uning onasi bo‘lib, birgalikda tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelishgan ekan.

Ayol UTT xonasiga kiriboq «Nega qizimni haqorat qilasanlar?» deb baqira boshlaydi. Tibbiyot xodimlari vaziyatni harchand tushuntirishsa ham, ayol ularni eshitmay UTT shifokoriga elektr choynakni otib yuboradi. Shunda hamshira ayolni tinchlantirmoqchi bo‘lib, uning yoniga kelganida jazavaga tushgan ona va bola hamshiraga tajovuz qilib, urib, tepib tan jarohati yetkazadi. To‘polonni eshitgan boshqa xodimlar xonaga chiqib, ona va bolani tashqariga bazo‘r olib chiqib ketadilar. Poliklinika ma'muriyati darhol tez tibbiy yordam bo‘limiga, voqyea haqida profilaktika inspektoriga xabar berishgan.

Tez yordam mashinasi kelib, yuzi qonga belanib, hushidan ketgan hamshirani o‘ziga keltirib, birinchi yordam ko‘rsatgach, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga olib ketishadi.

Filialda bemor neyroxirurg va boshqa malakali mutaxassislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazilib, «Yopiq kalla miya jarohati, bosh miya chayqalishi, burun suyagi sinishi, burundan qon ketishi» tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga statsionar davolanish uchun yotqizildi. Hozirda malakali shifokorlar tomonidan bemorga zarur davo muolajalari amalga oshirilmoqda.

Hudud profilaktika inspektori, leytenant Abduvali Qo‘chqorovning ma'lum qilishicha, hozirda mazkur holat bo‘yicha zarur hujjatlar yuritilib, dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuni ta’kidlash joizki, yuqoridagi janjalkash ona-bola tomonidan o‘tgan yil 18-yanvar kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali 3-tez tibbiy yordami podstansiyasi hamshirasi Dilafro‘z Bozorovani ham sababsiz haqorat qilib, tahdid qilganda hamshiraning arang qochib qolganligi qayd etilgan. Ushbu holatga nisbatan hyech qanday chora ko‘rilmagan edi. O‘ylaymizki, bu safar mazkur voqyeaga tez orada huquqiy baho beriladi, deya xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech