09 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,5 °C

Salomatlik
18 Fevral  2020 1531

Xitoydan qaytgan fuqarolar o‘z uyiga kuzatildi

Bugun «Bo‘ston» sanatoriysida joylashtirilgan 294 nafar fuqaro  karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatildi.

 Avval xabar qilganimizdek, turli maqsadlarda Xitoyda safarda bo‘lgan vatandoshlarimiz yaqinda mamlakatimizga olib kelingan edi.

Joriy yilning 4-6 fevral kunlari uchta charter reys orqali mamlakatimizga olib kelingan 584 nafar vatandoshlarimizdan 459 nafari erkak va 125 nafari xotin-qizlar edi.

Olib kelinayotgan fuqarolarning salomatligi parvoz davomida tibbiy kuzatuv ostiga olingan, bunda yo‘lovchilar orasida tana harorati ko‘tarilgan va sog‘lig‘ida o‘zgarishlar bo‘lgan fuqarolar aniqlanmagan.

Reyslar Toshkent xalqaro aeroportiga uchib kelganida samolyot bortida yana bir bor tegishli mutaxassislar tomonidan yo‘lovchilarning tana harorati portativ teplovizor va elektron termometrlar yordamida o‘lchangan, ularning orasida tana harorati me'yoridan yuqori bo‘lgan fuqarolar aniqlanmagan. Shuningdek, yo‘lovchilar samolyot trapidan tushishlari bilan, shu yerning o‘zida mutaxassislar tomonidan ularning egnidagi kiyimlari hamda ularning qo‘l yuklari tegishli tartibda zararsizlantirilgan.

So‘ngra barcha yo‘lovchilar maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasalariga, jumladan «Bo‘ston»  sanatoriysiga  ham joylashtirilgan edi.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asosan, koronavirus inkubatsiyasi davrini hisobga olgan holda, Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz 14 kun davomida xalqaro sanitariya-epedimiologiya talablari asosida qat'iy karantin holatida saqlandi. Tibbiy kuzatuv va maxsus laboratoriya tekshiruvlari  va tahlili natijalari biror fuqaroda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini aniqlab berdi.

«Bo‘ston» sanatoriysi to‘liq karantin talablari asosida jihozlandi. Kuzatuv olib borish uchun tegishli tibbiy jihozlar va zarur dori vositalari bilan ta'minlandi, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitaniya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov. – Sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan Uxan shahri va Xitoyning boshqa hududlaridan olib kelingan fuqarolar alohida nazorat ostida bo‘lib, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi.

Karantin ob'ektlarida saqlanayotgan fuqarolarning oila a’zolari va yaqin qarindoshlari bilan muloqot qilishlari uchun telefon apparatlari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Toshkent shahridagi Stomatologiya institutida karantindagi fuqarolar bilan ularning ota-onalari va yaqin qarindoshlari muloqoti uchun videokonferensaloqa vositalari va telefon apparatlari o‘rnatilgan «Call center» faoliyat yuritdi.

Erta indin karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan boshqa tibbiyot muassasalaridagi Xitoydan olib kelingan fuqarolarimiz ham o‘z uylariga kuzatiladi, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech