03 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,4 °C

Energetika
11 Iyul  2020 494

Energiya samaradorligi yangi bosqichga koʻtariladi

Oʻzbekiston iqtisodiyotida 2 yil davomida energiya samaradorlik choralarini kuchaytirish hisobidan 3,3 milliard kVt/s elektr energiya va 2,6 milliard kubometr tabiiy gazni tejash rejalashtirilgan.

Ushbu koʻrsatkichlar mamlakatimiz Prezidentining 2020-yil 10-iyulda qabul qilingan “Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilgʻi-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4779-sonli qarorida koʻzda tutilgan.

1-avgustdan elektr energiyasini yangi ishga tushiriladigan quyosh, shamol, biogaz elektr stansiyalari, mikro va kichik gidroelektrstansiyalardan, shu jumladan, oʻz ehtiyojlari uchun ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini kafolatlangan tarzda sotib olish boʻyicha tarif belgilanadi.

Qarorda sanoat koʻlamidagi qayta tiklanuvchi energiya manbalari (gidroelektrstansiyalardan tashqari) sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun potensial investorlarni aniqlash shaffof auksion (tanlov) savdolari orqali amalga oshirilishi mustahkamlangan.

Ayni paytda ushbu hujjatda 2020-yil 15-iyuldan 31-dekabrgacha boʻlgan davrda uchinchi (tungi) smenani tashkil etgan mahsulot ishlab chiqaruvchilarga foydalanilgan elektr energiyasi boʻyicha hisob-kitoblarda kamaytirish koeffitsiyenti qoʻllanilishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, oldindan toʻlov kiritish toʻgʻrisidagi majburiy talabni 30 foizgacha kamaytirish davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan korxonalarga tatbiq etilmaydi.

Qarorda 3,3 milliard kVt soat elektr energiyasi, 2,6 milliard m3 tabiiy gaz va 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejashni nazarda tutuvchi 2020 –2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli parametrlari tasdiqlangan.

Shuningdek, ushbu hujjatda iqtisodiyot tarmoqlarining yirik energiya sarflovchi korxonalarida energiya samaradorligini oshirish va yoqilgʻi-energetika resurslarini tejash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham tasdiqlangan.

Qarorda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligining tuzilmasiga kiradigan, avval tashkil etilgan byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasining tarkibi tasdiqlandi va moliyalan manbalari belgilandi.

Belgilandiki, ushbu Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi: binolar va koʻp kvartirali uylarda energiya samarador texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini joriy etgan holda ularning energiya samaradorligini oshirish; ushbu yoʻnalishdagi oʻquv markazlari tashkil etish; tegishli startap-loyihalarni moliyalashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, issiqlik nasoslari, kondensatorli batareyalar hamda energiya samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish korxonalarining ustav jamgʻarmalarida ishtirok etish.

Ushbu qaror bilan bir qator masʼul tuzulmalarga, shu jumladan Energetika vazirligiga topshiriqlar berilgan. Jumladan, 2 oy muddatda 285 ta yirik korxonada energoauditni oʻtkazish uchun mamlakatimiz kompaniyalari va xorijiy kompaniyalarini jalb qilish, shuningdek ularning roʻyxatini kengaytirish boʻyicha takliflar berish belgilangan.

Hujjatda Energetika vazirligining Yagona axborot tarmogʻini yaratish koʻzda tutilgan boʻlib, uni 2021-yilning oxirigacha ishga tushirish moʻljallangan. Yagona axborot tarmogʻidan olingan tahliliy maʼlumotlarga koʻra, yuqori energiya isteʼmoli kuzatiladigan korxonalarda majburiy energiya auditi mexanizmi joriy qilinadi, deb xabar beradi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech