17 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,4 °C

Bo‘sh vaqtda
31 Mart  2019 1293

Eman oroli xazinasi

Yashirib qo‘yilgan xazina va boyliklarni topish ko‘pchilikka juda qiziqarli tuyuladi, albatta. Ammo bu oson ish emas...

Birdaniga boyib ketishni istamaydigan kishi bo‘lmasa kerak. Ba’zi xazinalarni-ku, umuman topib bo‘lmaydi. Lekin ularni topishga bo‘lgan urinishlar baribir davom etmoqda. Qadimda shimoliy Atlantikada «tirikchilik» qilgan dengiz qaroqchilari negadir Kanada sohillariga yaqin joylashgan kichik Ouk (Ouk — «eman», deb tarjima qilinadi) orolini «yoqtirishgan». Bu go‘sha dam olish va ko‘ngilxushlikdan tashqari, xazinalarni yashirish uchun ham juda qulay orol edi.

XVIII asr o‘rtalarida Kanadaning sharqiy qirg‘oqlariga ega chiqish uchun inglizlar va fransuzlar o‘rtasidagi urush keskin tus oldi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, orolning o‘zida ham maxsus garnizonlar paydo bo‘lib, dengizda harbiy kemalar rosayam ko‘payib ketgan ekan. Natijada bu atrofda qaroqchilar uchun «non qolmagan». Bu o‘z-o‘zidan tushunarli, albatta. Negaki, qaroqchilarning fransuzlarga bo‘lmasa, inglizlar qo‘liga tushib qolishlari mumkin edi. Shu bois ular bu atroflarda butunlay qorasini ko‘rsatmay qo‘yishgan. Orol ham bora-bora odamlarning esidan chiqdi. Faqat oradan bir necha o‘n yil o‘tgach, Ouk orolini eslab qoldilar. Buning sababi bor edi, albatta.

1795-yilda Yangi Shotlandiya yarim oroli sohillaridagi baliqchilar qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bir necha shovvoz dengiz sayriga chiqdi. Ular Maxon bo‘g‘ozining sharqiy qirg‘og‘ida emanzorli kichik bir orolga duch keldilar. Bu esa o‘sha tashlandiq Ouk oroli edi.

Orolni tadqiq eta boshladilar. Ko‘p o‘tmay, tanasiga juda ko‘p belgilar chizilgan yakka emanga duch kelishdi. Ayniqsa, eman ostidagi quduq ularning e’tiborini o‘ziga tortdi. Yigitlar darhol yeng shimarib, ishga kirishdilar. Uch metrcha qaziganlaridan so‘ng xodalardan yasalgan mustahkam to‘siq paydo bo‘ldi. Biroq uni olib tashlolmadilar. Xullas, uyga quruq taassurotlar bilan qaytishlariga to‘g‘ri kelgan.

Faqat sakkiz yildan so‘nggina orolga qaytishdi. Zarur ish qurollariga ega xazina qidiruvchilar yakka eman va quduqni tezda topishdi. Shuncha yil mobaynida deyarli hech narsa o‘zgarmabdi. Orolga ham hech kim kelmagan edi. Bu safar to‘siq olib tashlandi.

Xazina qidiruvchilar 20 metr chuqur qaziganidan so‘ng qandaydir qattiq jismga to‘qnash keldilar. Bu bir katta silliq tosh bo‘lib, qandaydir shifrlangan yozuvlari bor ekan. Garchi uni o‘qishni uddalay olmagan bo‘lsalar-da, xazinaga yaqinlashib qolishganini anglashdi. Jon-jahdlari bilan kavlay boshladilar. Biroq bu safar suv chiqib ketdi. Suvni nima qilishni bilmay, kutishga qaror qildilar. Ammo bu safar ham xazina izlovchilarning omadi kelmay, suv sathi sira pasaymasdi. Xullas, barcha urinishlari zoe ketib, xazinani topolmadilar.

Shundan so‘ng Eman oroli hammaning e’tiborini o‘ziga jalb qildi. Toshdagi yozuvlar esa quduqda xazina yashirilganidan darak berishi mumkin, deya taxmin qilardi ko‘pchilik. Birlari:

― Qiziq, xazina kimga tegishli ekan-a? ― deyishsa, boshqalari:

― Kimga bo‘lardi? Qaroqchilarga-da?! ― deyishardi.

Bu borada ko‘plab taxminu fikrlar mavjud. Ayrimlar ushbu joyga tub amerikaliklar o‘z boyliklarini konkistadorlardan yashirganini aytsa, boshqalari ingliz ruhoniylari xazinasini Genrix VIII dan berkitishga uringan, degan fikrni ilgari surardi. Uchinchilari esa, xazina qaroqchilarniki, derdi. Tarixchilarni esa birinchi navbatda qiziqtirgani Oukka yashirilgan xazina kimga tegishli ekani edi.

Emanli orolga har tarafdan xazina qidiruvchilar oqib kela boshladilar. Biroq barisining urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchrardi.

O‘tgan asrning o‘rtalarida qidiruv ekspeditsiyalaridan biri burg‘u yordamida 30 metrcha qazigan ham. Biroq keyin burg‘u uchi qandaydir bo‘shliqqa tushib ketgan. Ma’lum bo‘lishicha, orol ostida butun boshli yashirin yerosti kanallari tizimi mavjud ekan. Xufya yo‘llar esa kontrabandachilar buxtasi bilan bog‘lardi. Dengiz ko‘tarilishi va qaytishi esa quduqdagi suv darajasini ko‘tarib-tushirib turardi. Navbatdagi urinishlardan birida yerosti aloqa tizimining bir qismi ko‘milib qoldi. Orol jodulab tashlanganday edi, go‘yo.

O‘tgan asrning oxirilarida orolga kelgan xazina qidiruvchi Frederik Blayer ham bir necha joyni burg‘ulab, qidiruv ishlarini olib bordi. U quduqni suv bilan ta’minlaydigan kanalni dinamit bilan portlatganidan so‘ng shaxtadagi suv sathi ko‘tarilishdan to‘xtagan. Xullas, burg‘ulash davom ettirilib, chuqurlik 46 metrga yetdi ham. Burg‘ulash mexanizmi dastlab qandaydir betonsimon qoplamadan o‘tdi. Keyin yog‘och qatlamni teshib o‘tgach, yumshoq metallga borib urildi. Oltinga, shekilli?!. Ammo bu xursandchilik ham uzoqqa cho‘zilmay, orolda kuchli yomg‘ir yog‘a boshladi. Bir necha kun tinmay quygan yomg‘ir barcha shaxtalarni to‘ldirib yuborgach, ishni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi.

Emanli orol to‘g‘risidagi navbatdagi hikoyani Robert Restall ismli kimsa yozib qoldirgan. 1959-yilda u xotini va ikki o‘g‘li bilan orolga keldi. Oukda o‘troqlashib qolgan bu oila olti yil mobaynida qidiruv ishlari olib bordi. Biroq «qaysar» orolning o‘z sirini hali-beri oshkor qilish niyati yo‘q edi. Restallar oilasi ham bo‘sh kelmadi. Uzoq ishlab, qandaydir belgilar tushirilgan katta toshga duch kelishdi. Undagi belgilarni esa faqat oradan o‘n yil o‘tgach, Michigan universiteti professori Ross Vilyam o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Sirli matn ispanlarga tegishli bo‘lib, quyidagicha tarjima qilingan: «80-belgidan boshlab, F.dagi suv oqimiga makkajo‘xori va tariq soch!» Qiziq, bu harf ostida kim berkingan bo‘lishi mumkin? Professorning hisoblashicha, F. — ispan qiroli Filipp II bo‘lishi kerak. Chunki tarixiy manbalardan yaxshi ayonki, u XVI asrning ikkinchi yarmida Yangi Duyoni rosa talon-toroj qilgan.

Biroq Ispaniya qiroliga oltin va kumushlarni uzoq orolga olib borib ko‘mib qo‘yish nimaga kerak bo‘lib qolgani tushunarsiz edi. Kim bilsin, balki qora kunigadir? Ammo bu talqin ham sal qovushmayroq turibdi!

Restallga suv kanallarining tagiga yetishga bo‘lgan urinish juda qimmatga tushdi. Bir kuni shaxtaga qulab tushganida, uni qutqaraman degan ikki ishchi va katta o‘g‘li halok bo‘ldi.

O‘tgan asrning 60-yillari oxirlarida orolda qidiruv ishlarini olib boradigan maxsus ekspeditsiya tuzildi. Unga rahbarlik qilgan Deniel Blenkenship ekspeditsiyani zamonaviy texnika bilan jihozlashga katta hissa qo‘shdi. Burg‘ulash ishlarini boshlashdan oldin ekspeditsiya ishtirokchilari nafaqat xazina bilan bog‘liq manbalarni sinchiklab o‘rganib chiqdi, balki kontrabandachilar buxtasidagi har bir qarich yerni erinmasdan tadqiq qildi. Kerakli joy tanlanib, burg‘ulash ishlari boshlandi. Ammo taxminan 50 metr chuqurlikda burg‘u qandaydir qattiq toshga tiralib qoldi. Endi nima qilish kerak?

Blenkenship burg‘ulashni davom ettirishga qaror qildi. Yana besh, o‘n, o‘n besh metr qazildi. Keyin burg‘u ichi suvga to‘la bo‘shliq ustida osilib qoldi. Unga tushadigan tuynuk ancha tor bo‘lgani uchun odam sig‘masdi. Blenkenship bo‘shliqqa telekamera tushirganida, ekranda suvosti g‘ori namoyon bo‘ldi. Biror narsani ilg‘ash amrimahol bo‘lsa-da, harqalay, sandiqni eslatuvchi to‘rtburchak shakldagi jism ularning e’tiborini jalb qildi. Ammo o‘sha jismning yonida suzib yurgan narsaning nimaligini bilib bo‘lmadi: u inson qo‘liga ham o‘xshab ketardi. Suratga tushirdilar.

Garchi hamma oltin to‘la sandiqqa shubha bilan qaragan bo‘lsa-da, Blenkenship qaysarlik qilib turib oldi. 1972-yilda u yengil g‘avvos kiyimida yetmish metr chuqurlikdagi o‘sha g‘orga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Lekin suv loyqa bo‘lgani uchun hech nimani ko‘ra olmadi.

Qarangki, hali-hanuz orol o‘z sirini ochishni istamayapti. Ammo birdaniga boyib ketishni istovchilar chekinishni xayollariga ham keltirishganlari yo‘q. Qolganini esa vaqt ko‘rsatadi.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech