29 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,3 °C

Fikr
2 May  2020 354

Doʻst yonida boʻlaylik, doʻst qatorida turaylik

Bugun hammamizning koʻnglimizda bir oʻy, bir tashvish, yuragimizda bir dard. Butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus pandemiyasidan davlatimiz va hukumatimizning saʼyi harakatlari, xalqimizning ahilligi bois uyushqoqlik bilan xalos boʻlayotgan bir sharoitda yangi sinovlarga roʻbaroʻ keldik. Kuchli shamol oqimidan iborat tabiiy ofatdan Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari, ayniqsa Buxoro viloyatining Qorakoʻl va Olot tumanlari aholisi qattiq zarar koʻrdi. Soʻnggi kunlarda esa kuchli yomgʻir yogʻib, qattiq shamol turgani bois Sardoba suvomboridan suv sizib chiqishi tufayli kutilmagan falokat yuz berdi. Odamlarning yillar davomida tiklagan qancha-qancha imoratlari, uy-joylari, mol-holi, ekinzorlar suv ostida qoldi. Falokat koʻlami, u keltirayotgan zarar yurakni uyushtiradi. Qancha-qancha maydonlarda bugʻdoy boshoqlayotgan, chigitlar unib chiqayotgan edi. Meva va sabzavotlar gurkirab oʻsayotgan edi.

Zudlik bilan voqea joyiga hukumat va barcha darajadagi masʼul rahbarlar yetib borishdi. Ertayu kech tinim bilmay xalqimiz tashvishini qilayotgan Prezidentimiz, ikki kundirki, Sirdaryo viloyatida. Hammamiz oynai jahon orqali Yurtboshimizning Buxoro viloyatiga borib, kuni kecha Sirdaryo viloyatida vaziyatni oʻrganib, odamlar bilan uchrashib, lozim boʻlgan barcha choralarni koʻrayotganiga guvoh boʻlib turibmiz.Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari zudlik bilan boshlab yuborildi. Odamlar xavfsiz hududlarga koʻchirilmoqda. Ular uy-joy, oziq-ovqat bilan taʼminlanmoqda.

“Bu hech kim kutmagan sinov. Birinchi harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga koʻchirish boʻldi. Eng katta masala – oʻlim boʻlmasligi. Oqsoqollar, mahalla raislari va nozirlaridan iltimos qilaman: odamlarni yigʻib, uylarga, palatkalarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan taʼminlab, mahallama-mahalla saranjom qilib olishimiz kerak. Buning uchun hamma kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi boʻlmaguncha birorta rahbar ketmaydi. Sabr qilib, ogʻirlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Albatta, suv toshqinlari kecha yo bugun sodir boʻlayotgani yoʻq. Dunyoning qanchadan qancha mamlakatlarida bunday holat har yili kuzatiladi. Suvomborlarida damba oʻpirilishlari ham tarixda koʻp uchraydi. Misol uchun, oʻtgan asrda Kaliforniyadagi Orvill dambasida sodir boʻlgan avariya tufayli 600 kishi, Fransiyadagi Reyran daryosi oʻzanidagi Malpassye dambasi qulab tushishi bois 423 nafar kishi halok boʻlgan, butun bir shaharni suv bosgan. Italiyaning Vayont suvomborida toshqin bois 2 mingdan ziyod, Xitoydagi Baynsyan gidro elektrostansiya dambasi buzilgani tufayli eng koʻp – 26 ming qurbon berilgan. Bunday misollarni biz yashayotgan asrdan ham keltirish mumkin. 2009-yil Rossiyaning Krasnoyarsk oʻlkasidagi Sayano-Shushenskaya GESida sodir boʻlgan texnik avariya 75 kishi umriga zomin boʻlgn boʻlsa, 2010-yili Xitoydagi Fuxa daryosiga qurilgan damba oʻpirilishi bois yuz ming odam koʻchirilgan. Oʻsha yili Pokistonning Ind daryosidagi toshqin tufayli 700 odam halok boʻlgan. Ming shukrki, odamlarimiz sogʻ-salomat, qurbonlar yoʻq.

Sardoba tumanining “Ahillik” mahallasida Norboy Saydaliyev degan pensioner togʻamiz yashaydi . Telefonda hol-ahvol soʻradim. “Tongda xabar kelib qoldi. Bola-chaqa, nabiralarni olib, koʻp qatori yoʻlga chiqdik. Birinchi oʻylaganimiz bola-chaqamiz, oʻzimiz boʻldik, dedi tashvishli ohangda. Doʻstlik tumanidagi qarindoshimiznikiga eson-omon kelib oldik. Uy-joy, mol-hol, nima boʻlsa, shunday suvda qoldi. Birgina otim, shuni jilovini boʻshatib yuborgan edim, bizdan qolmadi. Ergashib chiqdi. Suv ombori qurilganda qancha xursand boʻlganmiz. Falakat-da. Mol-hol deysizmi? Boshimizdan sadaqa. Jonimiz sogʻ-ku. Toʻrt koʻz tugal qoldik. Shunga shukr. Prezidentimizning viloyatimizga kelishi, bironta odam eʼtiborsiz qolmaydi, deya koʻnglimizni koʻtarganlari katta madad boʻldi. Hayotimiz, xudo xohlasa, yana izga tushib ketadi. Tashvishni bergan egasi rizqimizni ham berar”.

Gapining soʻngida ovozida xiyla xotirjamlik va vazminlikni his etdim. Bu, hech shubhasiz, tushungan odamning fikri, koʻpni koʻrgan insonga xos xotirjamlik, shu bilan birga, har qanday holatda chuqur mulohaza yuritib ish tutishga oid xalqimizga xos fazilat ifodasi edi.

Ayni shunday fazilatlar odamlarimizga madad va suyanch boʻlishi tabiiy. Bu falokat, haqiqatan hech kim kutmagan sinov boʻldi. Birinchi navbatda, Sirdaryo va Jizzax viloyati aholisi, shu bilan birga, butun Oʻzbekiston ahli uchun, har birimiz uchun ham yana bir sinov boʻldi. Eng avvalo, irodamizga sinov, mehru oqibatimizga, odamiyligimizga, imon-eʼtiqodimizga sinov. Hayot shunday ekanki, u odam bolasini nafaqat xursandchiliklar, bayramlar, balki kutilmagan tashvishlar bilan sinovdan oʻtkazar ekan. Ammo, shu narsa aniqki, xalqimiz eng murakkab sharoitlarda ham ruhini baland tutgan, oʻzaro ishonch, ahilligini, mehr oqibatini yoʻqotmagan xalq. Bundan ogʻir kunlardan ham mardona oʻtgan xalq.

Koʻngildagi gapni aytadigan boʻlsak, hayot bugun oʻzi achchiq saboq berayotir: barchamizni jiddiy oʻylantirayotgan masalalarga munosabatimizni ham oʻzgartirayotir. Albatta, ekkan koʻchating mevaga kirgan, dunyoga keltirgan bolang kamol topgan xonadonni kulfatda koʻrish, tark etish, yillab yiqqan narsalaringni boy berish oson emas. Mol achchigʻi – jon achchigʻi, degan gap bor. Har qanday odam bunday lahzalarda qattiq iztirob chekishi, shu ruhiy holatda ogʻzidan qattiq-quruq gaplar chiqib ketishi tabiiy.

Bunday deyayotganim, bugun biz chinakam erkin jamiyatda, xususan, soʻz erkinligi, matbuot erkinligi zamonida yashayapmiz. Bunaqa erkinlik hech bir davrda boʻlmagan. Bugun istagan odam qoʻlidagi uyali telefon bilan istagan joyda suratga olishi, ovoz yozib olishi, ijtimoiy tarmoqda tarqatishi mumkin. Bu katta imkoniyat, albatta. Shu bilan birga, soʻzga egalik qilish, aytar gapni aytish, aytmas gapdan qaytish, deganday, chinakam er kishiga xos fazilatlarni namoyon etish ham juda muhim ekanini unutmasligimiz lozim. Oʻzini professional kasb egasi deb bilgan jurnalistlarimiz va blogerlarimiz bu borada, ayniqsa, ibrat boʻlishlarini istar edim.

Kelinglar, aziz hamkasblar, qalamimiz davlatimiz va xalqimiz oʻy-tashvishlariga muvofiq boʻlsin. Muammolarni jamoatchilik eʼtiboriga havola etgan holda har bir inson dardiga malham, ishonchiga qanot baxsh etsin. Uyingga oʻt tushsa doʻst chelak koʻtarib chopadi, dushman ayuhannos soladi, deydilar. Doʻst yonida boʻlaylik, doʻst qatorida turaylik:

Oy zulmat toʻridan chiqolmas sira,

Shu bois kunduzi koʻrinmas izi.

Tunni yengib chiqqan quyoshga qara,

Charaqlab turibdi, yorugʻdir yuzi!

Saʼdulla Hakimov,
Oʻzbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech