18 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32 °C

Mamlakatimizda
27 Mart  2019 1439

Yuz yoshdan oshmoqlikning siri nimada?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda eng uzoq yashaydigan insonlar Yaponiyada istiqomat qiladi. Mamlakat aholisi o‘rtacha 84 yil umr ko‘radi. Bundan tashqari, orolda yuz yoshdan oshgan insonlar soni ham bir million nafarga yaqinlashgan.

 

Mutaxassislar bunga sog‘liqni saqlash tizimiga yuqori texnologiyalarning joriy qilingani, sog‘lom turmush tarzining ommalashganini sabab qilib ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda respublikamizda ham aholi salomatligini muhofaza qilish borasida profilaktika chora-tadbirlari hayotga tatbiq etilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, o‘lkamizda asr bilan yuzlashib, jismonan sog‘lom va tetik yurgan, yoshlarga o‘rnak bo‘layotgan keksalarimiz sonining yanada oshishiga xizmat qilayotir. http://mahalladosh.uz/post?id=5456

Samarqand viloyati Narpay tumanida ham yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar ko‘pchilik. Ana shunday nuroniylardan biri «Baxt» mahallasida istiqomat qilib kelayotgan 101 yoshli Norbek ota Mardonovdir. U kishi bilan suhbatlashganimizda hayot yo‘lidagi barcha xotiralarini yilma-yil aytib berishi, shijoat bilan suhbatlashishidan hayratlandik.

– Umr yo‘ldoshim bilan 50 yil umrguzaronlik qilib, 9 nafar farzandni voyaga yetkazdik, – deydi ota. – Hammasini oliy ma'lumotli, uyli-joyli qildik. Katta qizim 80 yoshga to‘ldi. Men shunga amin bo‘ldimki, uzoq umr ko‘rishning siri oiladagi xotirjamlik va totuvlikdadir.

Norbek otaning hayot yo‘li tom ma'noda ibrat maktabidir. Otaxonning yoshlik yillari kolxozlashtirish, urush yillariga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi jahon urushida Belorussiya, Ukraina, Moskva ostonasida jang qilib, g‘alabani Rigada nishonladi. Uyiga qaytib kelgan Norbek ota institutni tamomlab, maktabda o‘qituvchilik qildi. So‘ng rahbarlik lavozimlarida uzoq yillar faoliyat yuritgan.

Ayni paytda Norbek ota bardam, baquvvat, bugungi islohotlardan mamnun. Boboning 30 nabira, 64 evara, 10 dan ortiq chevarasi yig‘ilganda to‘y bo‘lib ketadi. Yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikka shukrona aytadi. O‘zi yashaydigan hududning eng keksa otaxoni sifatida mahalladagi obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida hamqishloqlariga qimmatli maslahatlarini berib kelmoqda. Shu bilan birga, hamon uy ishlarida tinib-tinchimaydi, shaxsiy tomorqasidagi yumushlarni birovga ishonmaydi.

– Tomorqa – yetti xazinaning biri, – deydi bobo. – Mo‘l xosil yetishtirsangiz uyingizga baraka keladi, bozor arzonlashadi, alaloqibat, xalq dasturxoni to‘kin bo‘ladi. O‘zim bosh bo‘lib shaxsiy tomorqamizdan har yili uch marta hosil yig‘amiz. Bundan tashqari, mevali daraxtlarni payvandlab yangi navlar yarataman, bu ko‘chatlardan qo‘ni-qo‘shnilarga tarqataman.

104 yoshli momo 82 yoshli qizidan xavotirda

Narpay tumani «Narpay» mahallasida 104 yoshli Bo‘ston momo Rahmatovani hamma taniydi. Momo mahalladoshlariga maslahatlari bilan tirgak, u kishining bir asrdan ziyod umr yo‘li barchaga o‘rnak. Ikkinchi jahon urushi davridan boshlab momo bolalar bog‘chasida ishlab, uzoq yillar mudiralik qilgan. Hozirda momoning yolg‘iz farzandi Salomat aya ham 82 yoshni qarshilagan. Bo‘ston momoning 10 nafar nabirasi, 30 ta evara va 40 nafar chevarasi bor. Suhbatimiz asnosida momoning bezovtaligi sezildi. Sababini so‘radik.

– Salomat o‘g‘li bilan Toshkentga konsert tomosha qilgani ketgan. Qizim yo‘lda toliqib qolmasaydi, deb o‘tiribman, – dedi momo xavotir bilan.

Hammaning yuziga tabassum yugurdi. Axir, 104 yoshli momo 82 yoshli qiziga qayg‘urmoqda. Demak, ona necha yoshga kirsa-da, qalbi jonsarakligicha qoladi. Bolasi ulg‘aysa-da, uning uchun murg‘ak go‘dakdek tuyulaveradi. «Uzoq umr ko‘rish siri nimada», deganimizda, «G‘iybat qilishdan yiroq yurgan odam ko‘p yashaydi», deya qisqagina javob berdi momo. Bundan 6 yil oldin momoning tishlari qayta chiqib, hammani hayratga solgan. Qizig‘i, Bo‘ston momo hanuz tinib o‘tirmaydi. Ayni paytda tomorqa ishlarida bosh-qosh. Qayerga qanday ekin ekish kerakligi to‘g‘risida nevaralariga o‘rgatib turadi, bir parcha yerni bo‘sh qoldirmaydi.

Mehnat — insonni yashartiradi

Narpay tumani «Chorbog‘» mahallasida yashovchi Sharofat momo Boboyeva 105 yoshni qarshiladi. Momo haqida mahalladoshlaridan so‘raganimizda u kishining hanuz dalada mehnat qilishini to‘lib-toshib so‘zlab berishdi.

Sharofat momo umr bo‘yi mehnatda, yetti nafar farzandini ulg‘aytirib, barchasini o‘qitgan va uyli-joyli qilgan.

– Mehnat – insonni yashartiradi, – deydi u. – Yer insonga kuch-quvvat beradi. Erta bahordan kech kuzgacha tomorqada ishlayman. Hanuz o‘zim ekin ekib, parvarishlayman. Hattoki, ekinni begona o‘tlardan ham o‘zim tozalamasam, ko‘nglim to‘lmaydi.

Eng qizig‘i, momo mamlakatimizda bo‘layotgan barcha yangiliklardan xabardor. Hattoki, Prezidentimizning «Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson tinch va badavlat umr kechirishi, bugun hayotdan rozi bo‘lib yashashi – bizning bosh maqsadimizdir», degan fikrlaridan mamnunligini bildirib, barchamiz birgalikda xarakat qilsak, xudo xohlasa o‘zimiz orzu qilgan kunlarga yetamiz deydi. Momo bugungi kunimizga tinimsiz shukronalar keltirib, yurtimiz tinchligi uchun tunu kun duoda.

Nuroniylarning so‘zlariga quloq tutib, pandu nasihatlariga amal qilganlarning dunyoqarashi kengayib, fikrlari  teran bo‘lishi hayotiy haqiqat. Yoshlarni tarbiyalashda, oila va mahalla-ko‘yda totuvlik va osoyishtalikni ta'minlashda keksalarimiz o‘giti bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, yurtimizda ana shunday  nuroniylarimiz pandu nasihati, duolari bor ekan, vatanimiz yanada gullab-yashnayveradi.

Nilufar YUNUSOVA

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech