21 Yanvar 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,9 °C

Moliya
22 Noyabr  2019 1063

35 foiz hollarda aholining qarz yuki tavsiyaviy me'yordan yuqoriligini ko‘rsatgan

Joriy yilning 1 iyul holatiga Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalari mamlakatimizda aholining qarz yuki ko‘rsatkichi (kredit to‘lovlarining daromadga nisbati) 2018 yilning mos davriga nisbatan 5,3 foiz bandga oshganligini ko‘rsatdi, deb xabar qiladi Markaziy bank matbuot xizmati.

Ushbu tahlil doirasida aholiga ajratilgan kreditlar bo‘yicha jami 150 mingdan ortiq shartnomalar ko‘rib chiqilganda, ushbu shartnomalarning 35,3 foizida, shu jumladan avtokredit shartnomalarining 67 foizida, mikroqarz shartnomalarining 37 foizida va iste'mol krediti shartnomalarining 25 foizida qarz yuki tavsiyaviy me'yordan (50 foiz ) yuqori ekanligini ko‘rsatdi.

Xalqaro amaliyotda aholining qarz yuki oshishini oldini olish maqsadida hukumat tomonidan ushbu masalani doimiy ravishda tahlil qilish va zarur makroprudensial chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Aholining qarz yuki haddan tashqari oshib ketishining oldini olish maqsadida Markaziy bank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyul PQ–4400-sonli “Mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan ushbu masala borasida xalqaro amaliyotdan foydalanilgan holda “Qarz oluvchi jismoniy shaxslarning kreditlar (mikroqarzlar) bo‘yicha qarz yukini hisoblash tartibi, qarz yukining ruxsat etilgan miqdori, shuningdek qarz yuki o‘sishini cheklash to‘g‘risida”gi nizom loyihasi ishlab chiqildi va muhokama uchun O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi (ID-8499).

Aholining qarz yuki haddan tashqari oshib ketishining oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarning dastlabki bosqichi sifatida qarz yukini hisoblash tartibi dastavval banklar va mikrokredit tashkilotlari tomonidan ajratiladigan mikroqarzlar va lombardlar tomonidan ajratiladigan kreditlar uchun joriy etilmoqda.

Nizom loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘plab bildirilgan takliflarni inobatga olib, ushbu nizom loyihasi qayta ko‘rib chiqilib, tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Xususan, qarz yuki ko‘rsatkichi har bir qarz oluvchiga qarz beruvchi tomonidan kredit (mikroqarz) ajratishda uning summasi va qarz oluvchining amaldagi kredit (mikroqarz) shartnomalari bo‘yicha asosiy qarz qoldig‘i yig‘indisi 10 million so‘mga teng va undan oshganda hisoblanishi belgilanmoqda.

Qarz yukining eng yuqori ko‘rsatkichi esa 50 foizgacha oshirildi.

Qayd etish lozimki, mazkur o‘zgartirishlar qarz yukini haddan tashqari oshib ketishining oldini olish bilan birga aholining keng qatlamlari uchun kredit olish imkoniyatini chegaralamaydi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech