11 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,4 °C

Energetika
24 Iyul  2020 1676

Isteʼmolchilarni tabiiy gaz bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida

Magistral gaz quvurlari tizimiga ASKUG dasturi joriy etilmoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan turli sohalardagi islohotlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash kabi ezgu maqsadlar yoʻlida olib borilmoqda.

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida ham yangilanishlarga hamohang tarzda tarmoqni modernizatsiyalash, innovatsiyalarni tatbiq etish ishlari dolzarb tus olgan. Bajarilayotgan ishlar mohiyati — tizim ishida uchrovchi ortiqcha ovoragarchiliklarga va hisob-kitoblardagi noaniqliklarga barham berish orqali isteʼmolchilarga qulaylik yaratishda koʻzga tashlanmoqda.

“Oʻztransgaz” AJ faoliyatiga ASKUG tizimining joriy etilayotganligi ham muhim yangiliklardan biri sifatida eʼtiborli. Zero, “Tabiiy gaz nazorati va hisobini avtomatik yuritish tizimi” ASKUG — tabiiy gaz taʼminotini yaxshilashga qaratilgan samarador va istiqbolli innovatsion loyiha hisoblanadi.

Dastlab, tizimning dasturiy taʼminotini ishlab chiqish maqsadida bir nechta xorijiy kompaniyalarning tajribalari oʻrganildi va yangi dastur ishlab chiqildi. Dasturni tayyorlashda gaz hisobini olib borishning samarali, shaffof va nooʻrin aralashuvlarsiz tartibini yoʻlga qoʻyishga eʼtibor qaratildi. Tizim orqali shuningdek, hisobdondagi koʻrsatkichlarni oʻzgartirish maqsadida qilingan har qanday urinishlar haqida tezlik bilan ogohlantiruvchi xabar yetib kelishiga erishiladi. ASKUGni ishga tushirish jarayonida mahalliy mutaxassislar xizmatidan foydalanish, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Oʻzneftgazinformatika” AJ bilan 2020-yilning oxirigacha tizimni toʻliq ishlash imkoniyatini yaratish boʻyicha shartnoma imzolangan.

Hozirgi kunda respublikamizdagi mavjud gaz taqsimlash stansiyalari va gaz oʻlchash stansiyalarining deyarli barchasi ASKUG tizimiga ulanib test sinovi tarzida ishlamoqda. Yetkazib berilayotgan tabiiy gaz hajmlari toʻliq avtomatlashtirilgan holda hisobga olinmoqda.

Jamiyat boshqaruv apparatida tashkil etilgan “Markazlashgan dispetcherlik xizmati” dasturning eng muhim boʻgʻini hisoblanadi. Chunki, tizimga ulangan hisobdonlar nazorati aynan shu xizmat tomonidan olib boriladi. Dispetcherlikda obyektlarning oʻlchov nuqtasidagi toʻliq maʼlumotlarni — yaʼni real holat koʻrsatkichi, amaldagi kirish bosimi, tabiiy gazning bir sutka davomidagi kirish hajmi, bir kun avvalgi xuddi shunday koʻrsatkichlar, harorat, bosim va bosimning tushib ketishi bilan bogʻliq barcha maʼlumotlar kuzatib boriladi. Bu koʻrsatkichlar shuningdek, monitorda grafiklar tarzida ham aks etib turadi. Dasturda isteʼmolchilarning shaxsiy kabinetlari ham shakllantirilgan boʻlib, sahifadan isteʼmolchi toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar, tabiiy gaz isteʼmoli miqdori va yetkazib berilayotgan hajmlari aks etgan koʻrsatkichlar oʻrin oladi.

Shu oʻrinda “Oʻztransgaz” AJning Magistral gaz quvurlaridagi texnologik gaz hisoblagichlarni yangi tizimga ulash natijasida erishilgan dastlabki koʻrsatkichlarga eʼtibor qaratamiz. 2020-yil yanvar-may oylarida 51 million kub/metr tabiiy gaz yoʻqotishlarining oldi olindi va jamiyatning qariyb 20 milliard soʻm mablagʻi iqtisod qilindi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davri bilan (isteʼmol hajmlaridagi oʻzgarishlarni hisobga olgan holda) solishtirilganda 43 million kub/metr tabiiy gaz yoʻqotishlarining oldi olinganini bildiradi.

Umuman olganda ASKUG tizimining yoʻlga qoʻyilishi tufayli quyidagi afzalliklarga erishish mumkin:

birinchidan — tabiiy gaz isteʼmolidagi yoʻqotishlar kamaytiriladi;

ikkinchidan — magistral gaz quvurlariga ulangan yirik va strategik isteʼmolchilarning gaz sarfini nazorat qilish hamda gaz hisoblagichlariga navbatdan tashqari aralashuvlarini aniqlash imkoniyati yaratiladi. Chunki tizimda — gaz sarfi hisoblagichlaridagi 100ga yaqin koʻrsatkichlarni tahlil qilish orqali har qanday navbatdan tashqari aralashuvlarni oʻz vaqtida aniqlash imkoniyati mavjud;

uchinchidan — tabiiy gaz sarfi oʻlchov qurilmalaridagi maʼlumotlarni uzoq muddat saqlash va tahlil qilish imkoniyati yaratiladi. Mavjud server qurilmalari xotirasida maʼlumotlarni 5 yildan ortiq davr mobaynida saqlash mumkin. (Shu paytgacha amalda boʻlgan gaz sarfi qurilmalari maʼlumotlarni oʻz xotirasida 62 kungacha saqlay olar edi);

toʻrtinchidan — tizim tabiiy gaz sarfi oʻlchov qurilmalaridagi xatolik va nosozliklarni oʻz vaqtida aniqlash, operativ maʼlumot olib, uni tezkorlik bilan tahlil qilish imkoniyatini beradi.

Rejaga koʻra, ASKUG tizimini ishga tushirish jarayoni joriy yil sentyabr oyi oxirigacha yakunlanadi. Toʻrtinchi chorak davomida toʻliq foydalanishga topshirilganidan soʻng, tizimning funksional imkoniyatlarini oshirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi, deb xabar beradi “Oʻztransgaz” AJ matbuot xizmati.


O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech