08 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,2 °C

Salomatlik
2 Iyul  2020 4662

COVID-19 bilan kasallanganlarni uy sharoitida davolash boʻyicha klinik qoʻllanma tayyorlangan

Oʻzbekistonda COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha Vaqtinchalik klinik qoʻllanma ishlab chiqilgan. Ushbu hujjat ustida mamlakatimiz Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasining ekspertlari ish olib bordilar.

 Mazkur klinik qoʻllanma Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST)ning tavsiyalariga asosan tayyorlangan.

Maʼlumki, Oʻzbekistonda 2020-yil 1-iyulgacha COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olgan barcha bemorlar faqat statsionar sharoitda kuzatuvga olinar va davolanar edi. Shu bilan bir vaqtning oʻzida koronavirus infeksiyasining yengil formasini yuqtirib, uyida oʻzini oʻzi izolyatsiya qilgan bemorlarni masofadan turib davolashning ilgʻor xalqaro tajribalari ustida ham oʻrganish olib borildi. Bu statsionar shifoxonalardagi shifokorlarga COVID-19 ning ogʻir formasi bilan kasallangan bemorlarni muvaffaqiyatli davolash imkonini berish barobarida ushbu shifoxonalardagi holatni bir oz yengillatishga olib keladi.

Shuni hisobga olgan holda, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan zudlik bilan mazkur Klinik qoʻllanmani ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bu qoʻllanma Milliy palata mutaxassislari tomonidan iyun oyi oxirida tayyorlanib, 1-iyulda Sogʻliqni saqlash vazirligiga topshirildi.

Klinik protokol uy sharoitida davolanayotgan COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorlar bilan ishlaydigan tibbiyot xodimlari uchun algoritm harakatini oʻz ichiga olgan. Shuningdek unda bemorlar va uning oila aʼzolari uchun tavsiyalar, bemor uyida oʻzini oʻzi kuzatish jarayonini aks ettirib, natijasini yozib borishi zarur boʻlgan varaq ham oʻrin olgan.

COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallangan bemorlar bilan ishlaydigan Sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari uchun tavsiyalar asosida bugungi kun sharoitiga toʻgʻri keladigan klinik isbotlar, tegishli amaliyot jihatlari, shuningdek, ekspertlar xulosalari keltirilgan.

Klinik protokol zarur boʻlgan kishilar — eng avvalo shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari, umumiy amaliyot shifokorlari, infeksionistlar, bolalar infeksionistlari, terapevtlar, pediatrlar, pulmonologlar, otorinolaringologlar, kardiologlar, nevropatologlar, reabilitologlar, sogʻliqni saqlash tashkilotchilari, hamshiralardir.

Hujjatda belgilanganidek, COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallanishda shubha uygʻotgan bemorlarni kuzatish ishlarini qayerda olib borish haqidagi qaror — tibbiyot muassasasidami yoki uydami, — har bir aniq vaqtda qabul qilinishi kerak, shuningdek, klinik holatga ham, yordamchi terapiyaga ehtiyojga, kasallikning ogʻir asoratining rivojlanish xavfining potensial omillariga va uy sharoitiga (boshqa yordamga muhtoj shaxslar bilan birga yashashni inobatga olgan holda) bogʻliq boʻlishi mumkin.

Bemorni uy sharoitida davolashni tashkil etish haqidagi masala quyidagi holatlarda koʻrib chiqiladi: kasallikning yengil formasida yoki belgilarining kam koʻrinishida, albatta, shunday sharoitdaki, qachonki kutilmaganda ogʻirlashib ketish xavfi boʻlmasa.

Qayd etilishicha, bemor va uning oila aʼzolariga doimiy koʻmak koʻrsatilishi kerak. Ular bilan sanitar-tushuntirish ishlari olib borilishi va butun davolash jarayonida ular holatini doimiy ravishda kuzatib borish kerak boʻladi.

Shuni qoʻshimcha qilamizki, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Milliy palatasi mutaxassislari tomonidan COVID-19 bilan kasallangan barcha bemorlarni statsionar sharoitda davolash boʻyicha Vaqtinchalik tavsiyalar joriy yil may oyida tayyorlangan. Va ushbu tavsiyalar Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi mutaxassislari tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining yangi tavsiyalaridan kelib chiqib, iyun oyida yangilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech