26 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20,9 °C

Hukumat
29 Dekabr  2018 1458
OʻzA

Taraqqiyot yoʻlimizning shiddati oshaveradi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga navbatdagi Murojaatnomani taqdim etdi.

Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida boʻlib oʻtgan anjumanda Oliy Majlis Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari, nodavlat tashkilotlar faollari ishtirok etdi. Anjumanni videokonferensiya aloqa tizimi orqali viloyat, tuman va shaharlardagi mahalliy kengashlar deputatlari, barcha boʻgʻindagi ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari, shuningdek, mamlakatimizning chet ellardagi elchilari kuzatib bordi.

Bir yil muqaddam mamlakatimiz tarixida ilk marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi taqdim etilgan edi. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan ushbu dasturilamal darajasidagi nutq asosida joriy yil uchun puxta amaliy rejalar tuzildi, xalqimizga munosib hayot barpo etish yoʻlida ezgu tashabbuslar belgilandi.

Davlatimiz rahbari Murojaatnoma rejalarini hayotga izchil joriy etishning dasturi sifatida mamlakatimizda 2018 yilni Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili, deb eʼlon qilishni taklif etdi. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining navbatdagi bosqichi boʻlgan 2018 yilda el-yurtimiz farovonligini yanada yuksaltirish yoʻlida toʻla maʼnoda ulkan bunyodkorlik, qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Bu safargi Murojaatnomada ham yakunlanayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar va kelasi yilga moʻljallangan rejalar, Vatanimizning ichki va tashqi siyosatidagi asosiy tamoyillar bayon etilgani bilan barchada katta qiziqish uygʻotdi.

2018 yilda aholining real daromadlari 2017 yilga nisbatan 12 foiz oshdi. Soliqlarning prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan hududlarda 5,5 trillion soʻm qoʻshimcha mablagʻ qoldirilgani, bu oʻtgan yilga nisbatan 6 barobar, 2016 yilga nisbatan esa 32 barobar koʻp boʻlgani qayd etildi.

Odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun qulay sharoit yaratish davlatimizning doimiy eʼtiborida boʻldi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 416 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi. “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlarini izchil tatbiq etishga kirishildi.

Murojaatnomada ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning boshqa sohalarida ham muhim qadamlar qoʻyilgani qayd etildi. Ochiq iqtisodiyot, sogʻlom raqobat, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, odamlarning hayot sharoitini yaxshilash boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga muvofiq, joriy yildagi ishlarni mantiqiy davom ettirish va yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida 2019 yil mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb eʼlon qilindi.

Bir soʻz bilan aytganda, kirib kelayotgan yilning bosh hujjati boʻlgan Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yoʻnalish ijrosi mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochadi, xalqimizning yangi, yanada yuksak marralarni qoʻlga kiritishida poydevor boʻlib xizmat qiladi.

А. Аbdullaev olgan surat (OʻzA)

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech