16 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Sport
7 Mart  2019 1210

Diyor Imomxo‘jaev: S.Babayanning faoliyati haqida 10 mingdan ortiq shikoyat arizalari tushgan, ammo o‘sha ayblar o‘z tasdig‘ini topmadi

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbek futbolini rivojlantirishning bugungi holati: yutuq va muammolar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlikning “Telegram”dagi rasmiy kanalida ma'lum qilindi.

 

 

Professional futbol ligasi bosh direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jaevning aytishicha, bolalar futbolidagi eng katta muammo — yoshni kichraytirish bilan bog‘liq: “Biz bunga qarshi huquq-tartibot idoralari bilan birgalikda kurash olib borishni rejalashtiryapmiz. Bolalar futbolini rivojlantirish uchun Ispaniya va Serbiyadan mutaxassislar keldi. Biz yana boshqa futbol maktablari tajribasini ham o‘rgandik. Hozir yevropada Germaniya, Osiyoda Yaponiya maktabi eng samarali konsepsiyaga ega, deya baholash mumkin”, deya aytib o‘tgan u.

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, bugungi kunda murabbiy shogirdining yoshini kichraytirib, biror musobaqada g‘olib chiqishdan manfaatdor. Futbolchining professional futbolda qay darajada o‘ynab ketishi esa ikkinchi darajali masalaga aylanib qolgan. Agar FIFA tizimi yo‘lga qo‘yilsa, murabbiy shogirdini yoshini kichraytirishdan emas, balki uni professional futbolchi qilib tarbiyalashdan ko‘proq manfaatdor bo‘ladi.

Tadbirda “Lokomotiv” klubiga maslahatchi sifatida ishga olingan Samvel Babayan haqidagi savolga ham javob qaytarildi.

— Samvel Babayan futboldan chetlatilgan vaqtda uning faoliyati haqida 10 mingdan ortiq shikoyat arizalari tushgan va unga ko‘plab ayblar qo‘yilgan edi, — dedi PFL direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jaev. — Ammo o‘sha ayblar o‘z tasdig‘ini topmadi. Agar kimdir uning aybi borasida aniq fakt bilan kelsa, unga qarshi hozir ham ish ochilaveradi.

O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan matbuot anjumani mart oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tishi aytildi. Terma jamoamizning 18 — 25 mart kunlari Xitoyda o‘tkaziladigan “China Cup” musobaqasidagi ishtirokidan avval tashkil etiladigan anjumanda tarkiblar ham e'lon qilinadi.

Ma'lum qilinishicha, futbol klublariga berilayotgan byudjet mablag‘lari O‘FA va PFL tomonidan maqsadli sarflanishi yuzasidan nazoratga olinadi, moliyaviy “fair play” joriy etiladi. Futbolchilarni sotish, chiptalar, homiylar va boshqa mablag‘larni qanday tasarruf etish klublarning o‘zlariga havola qilinadi. Maqsad — klublarda o‘zlariga zarur pullarni o‘zlari ishlab topish ko‘nikmasini shakllantirish.

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Futbolni rivojlantirish departamenti direktori O‘ngar Jalimov bolalar futbolida tarbiyalanuvchilar haqidagi ma'lumotlarning onlayn bazasini yaratish istiqboli haqida fikr bildirarkan, mazkur yo‘nalishdagi amaliy malakalarni qo‘shni davlatlar — Tojikiston va Qirg‘izistondan o‘rganishga chaqirdi.

— Tojikistonda va Qirg‘izistonda yosh futbolchilarning onlayn bazasi bor, — dedi O‘ngar Jalimov. — Biz bu tizimni o‘zimizga olib kelishimiz kerak. Hozir biz bolalarning “pasporti” bilan ish yuritamiz. Bu juda og‘ir. Biz odatda tajriba o‘rganish uchun uzoqdagi mamlakatlarni tanlaymiz. Ammo hozir yon qo‘shnilarimizdan o‘rganadigan narsalar ham bor. Qo‘shni davlatlar federatsiyalari bilan hamkorlik borasida memorandum imzolaganmiz. Kelgusida mutaxassislarimizni Qirg‘iziston va Tojikistonga yuboramiz.

Jurnalistlarning Superliga 1-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” — “Lokomotiv” uchrashuvining nega qoldirilgani haqidagi savoliga Diyor Imomxo‘jaev har ikki jamoaning iltimosiga ko‘ra shunday qarorga kelinganini bildirdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech