23 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24 °C

Mamlakatimizda
28 Yanvar  2019 2046

Osmonlarda mening ham bitta lochin akam bor...

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning 27 yilligi haqida gapira turib, parvoz chog‘i yo‘lovchilar hayotlarini ularga ishonib topshiradigan uchuvchilar haqida gapirmasak bo‘lmas. Ular orasida yosh uchuvchilar ham ko‘p.

«Boeing 757/767» havo kemasining ikkinchi piloti Temur Merganov bolaligidan uchuvchi bo‘lishni orzu qilardi.  Otasi Ibodulla Merganov ham butun umrini aviatsiyaga bag‘ishlagan insonlardan. Uning aviatsiyaga bo‘lgan qiziqishi o‘g‘liga ham o‘tdi, deyish mumkin. Unda uchuvchi bo‘lish istagi kundan-kunga kuchaya bordi.

Sankt-Peterburg davlat fuqaro aviatsiyasi universitetini (hozir Akademiya) tamomlagach, ko‘pgina yosh uchuvchilar singari An-24 samolyotining ikkinchi piloti sifatida o‘z faoliyatini boshlagan. Yangi-yangi cho‘qqilarni zabt etishga bo‘lgan kuchli istak sabab tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etdi va «Il-114-100» samolyotini boshqarish imkoniga ega bo‘ldi. Xullas, ana shu samolyotni to‘rt yil boshqardi. 2017-yilda Temur «Boeing» samolyotida parvoz qilishni o‘zlashtirdi va hozirga qadar ana shu havo kemasida uchmoqda.

– Uchuvchilik kasbi ko‘nikma va tajribalarni muntazam oshirib borishni taqazo etadi, – deydi T.Merganov. – Negaki, bir reys ikkinchisiga mutlaqo o‘xshamaydi. Holbuki, shu yo‘nalishda yuzinchi marta uchayotgan bo‘lsang ham unga baribir puxta tayyorgarlik ko‘rish kerak bo‘ladi. «Umrbod o‘qib-o‘rgan!», degan maqol aynan biz uchuvchilarga taalluqliday. Bizda nufuzli qayta tayyorlash o‘quv markazlarida malaka va tajriba oshirish, Milliy aviakompaniya trenajyorlar markazida ko‘nikmalarimizni yanada sayqallash imkoniyati mavjud. Bu bizga hozirgi zamonaviy samolyotlarni boshqarish, istalgan va kutilmagan vaziyatlarga doim tayyor turishga yordam beradi.

Temur parvoz chog‘i samolyotni nazorat va his qila bilish lozim, deb hisoblaydi. Havo kemasi ham sening munosabatingni darrov his qiladi va unga mos javob qaytaradi. Omadli parvoz garovi nafaqat olingan nazariy va amaliy bilimlarga, balki o‘ziga bo‘lgan kuchli ishonchga ham bog‘liq.

Aytishlaricha, uchuvchilar kasblari sabab oilasiga yetarlicha vaqt ajrata olishmas ekan. Biroq uzoq davom etuvchi reyslar, soat poyaslarining o‘zgarishiga qaramasdan, qahramonimiz oilasi uchun ham vaqt topadi.  Uning uchun oila – eng ishonchli havo bandargohidir. Shu bois paydo bo‘lgan bo‘sh vaqtini oilasiga bag‘ishlashga harakat qiladi.

– Parvoz qilish istagi – har bir aviatorning butun hayoti davomidagi orzusidir. Oilamning meni tushunishi va qo‘llab-quvvatlashi sabab orzuim ushaldi, – deydi qahramonimiz. – Ulkan samolyotni havoga ko‘tarish va uchib-qo‘nish chizig‘iga qo‘ndirish, manzilga eson-omon yetib olgan yo‘lovchilarning ko‘zlaridagi minnatdorchilik hissini tuyish zavqiga hech nima tenglasha olmaydi, ishonavering. Hozir qizim ikki yoshga kirgan. Agar kelajakda u ham aviatsiyani tanlasa, albatta, qarorini qo‘llab-quvvatlayman.

Sabina Batirshina.

 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech