23 Aprel 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,6 °C

Hukumat
13 Mart  2019 6177

Davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayoni tubdan o‘zgarmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev faollar yig‘ilishidan so‘ng Navoiy shahridagi Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi.

 

Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan, fuqarolarga yuzdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatiladi. Notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish, pasportni rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va boshqalar shu yerning o‘zida amalga oshiriladi. 

Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar maydonchasi, kafe, kitob javonlari, bepul Wi-Fi tashkil etilgan. Bu yerga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin.

Markazga kelolmaydigan hamda olis ovul va mahallalarda yashaydigan aholi uchun maxsus transportlarda joylarga chiqqan holda xizmat ko‘rsatiladi.   

Prezidentimiz Xalq qabulxonasining markazdagi bo‘limiga kirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Aholi qanday masalalar bo‘yicha murojaat qilayotgani bilan qiziqdi.

Shu yerda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, kichik biznes va hunarmandlikni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xususan, eksperiment tariqasida “Navoiy – tadbikorlar viloyati” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularni ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat boji ikki barobar kamaytiriladi. Qator xizmat ko‘rsatish sohalariga imtiyozlar beriladi. 

Davlatimiz rahbari markazda tadbirkorlar uchun xizmatlarni kengaytirish, xususan, ularga yer ajratish, qurilishga ruxsat olish kabi jarayonlarni integratsiyalash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Navoiy shahridagi 3-sonli ichki ishlar bo‘limini borib ko‘rdi.

Bu yerda yaratilgan sharoitlar, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Davlatimiz rahbari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar bilan muloqotda ayollarning turmush sharoitlarini o‘rganib borish, dardu tashvishlariga ko‘mak berish zarurligini ta’kidladi. 

- Agar jamiyatimizni adolatga ishontirmoqchi bo‘lsak, avvalo, xotin-qizlarning ishonchini qozonishimiz, ularni asrashimiz kerak. Ayolning yashash tarzi, dunyoqarashi oila muhitini belgilaydi. Bu farzandlar tarbiyasi uchun juda muhim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz ichki ishlar bo‘limidagi situatsion markazni ko‘zdan kechirdi. Jamoat xavfsizligini ta’minlashga ixtisoslashgan dasturiy mahsulotlar yaratish, jinoyatchilikni turlari bo‘yicha tahlil qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Shuning bilan Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech