06 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,2 °C

Mamlakatimizda
10 Aprel  2020 708

Chet davlatlarida yashayotgan vatandoshlar bilan telekonferensiya boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tomonidan Belgiya, Daniya, Lyuksemburg hamda Niderlandiyada istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, Yevropa mamlakatlarida tahsil olayotgan hamda mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolar ishtirokida videokonferensiya shaklida muloqot boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Telekonferensiya qatnashchilariga Oʻzbekistonda pandemiya tarqalishining oldini olish va uning milliy iqtisodiyotga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi.

Vatanga qaytish istagida boʻlgan yurtdoshlarimizga yuzaga kelayotgan vaqtinchalik muammoli vaziyatni toʻgʻri tushunishlari soʻraldi, vahimaga tushmasdan, turli mish-mishlarga ishonmaslik, yolgʻon maʼlumotlar tarqatmaslikka chaqirildi.

Elchixonada karantin choralari davrida Oʻzbekiston fuqarolari murojaatlariga zudlik bilan javob qaytarish maqsadida 24 soat faoliyat yuritadigan Tezkor shtab faoliyat yuritayotgani yana bir bor eslatib oʻtildi.

Shuningdek, videokonferensiya davomida “EUROUZ” uyushmasi rahbari O.Shayxov mamlakatimiz tibbiyot muassasalariga tibbiy asbob-uskunalar sotib olish maqsadida mablagʻ toʻplash uchun tashkil etilgan “SolidarityWithUzbekistan” xayriya aksiyasi haqida maʼlumot berdi.

Oʻz navbatida, Benilyuks mamlakatlaridagi vatandoshlar uyushmasi raisi A.Leushius barchani nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo duch kelgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda oʻz hissasini qoʻshishga chaqirdi.

“Bugungi kunda mamlakatimizda barcha soha vakillari koronavirusga qarshi kurashda davlatga har tomonlama yordam koʻrsatishga harakat qilmoqda. Ushbu xayrli ishda sizlar ham – jismoniy va yuridik shaxslar “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi hisob raqamiga mablagʻ oʻtkazish orqali faol ishtirok etishingiz mumkin. Umid qilamizki, siz xalqimizning sogʻligʻiga befarq boʻlmaysiz”, dedi u.

Telekonferensiya qatnashchilari ushbu tadbirni tashkil etgani uchun elchixona vakillariga minnatdorlik bildirib, mavjud vaziyatda vatandoshlarga har tomonlama koʻmak va yordam koʻrsatish uchun kuchlarni birlashtirishga kelishib oldilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech