10 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +0,2 °C

Hukumat
1 Fevral  2020 8046
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Professional boks boʻyicha jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyevga

Qadrli farzandim Murodjon,
 
Avvalo, Seni, barcha ustoz va murabbiylaringni, butun xalqimizni boks boʻyicha erishgan tarixiy gʻalabang bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
 
AQSHning Mayami shahrida ikki yoʻnalishdagi professional boks boʻyicha amaldagi jahon chempioniga qarshi oʻtkazgan gʻoyat shiddatli va qiziqarli jangingni oʻzbekistonliklar katta hayajon va qiziqish bilan kuzatdi.
 
Millionlab tengdoshlaringga ibrat namunasini koʻrsatib, yuksak mardlik va matonat bilan professional boksning ikkita eng nufuzli (WBA Super va IBF) yoʻnalishlarida shunday buyuk gʻalabani qoʻlga kiritganing, jahon boksidagi uzoq yillik rekordni yangilaganing har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.
 
El-yurtimizning ishonchini oqlab, mustaqil Oʻzbekiston sporti tarixida mutlaqo yangi va yorqin sahifa ochgan ushbu olamshumul zafar sohibi boʻlgan Sen kabi jasur va vatanparvar oʻgʻlonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz va chin yurakdan olqishlaymiz.
 
Murodjon oʻgʻlim, Sen ringda oʻzbek yigitlarining jismoniy, ruhiy va maʼnaviy jihatdan barkamolligini, hech qachon kuragi yerga tegmagan buyuk ajdodlarning munosib vorisi ekanligini, Oʻzbekiston tom maʼnoda boks mamlakatiga aylanib borayotganini yana bir bor isbotlading.
 
Fursatdan foydalanib, jonajon Vatanimizning bayrogʻi va shon-shuhratini xalqaro maydonlarda yana-da yuksaltirish yoʻlidagi sharafli faoliyatingda ulkan omadlar, oilaviy baxt-saodat va yangi yutuqlar tilab qolaman.
 
Hurmat bilan,
 
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
 
Toshkent shahri
2020-yil 1-fevral
 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech