24 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,3 °C

Suhbat
10 Avgust  2019 2232

«Open data» tushunchasi nimasi bilan foydali?

Bugun insoniyat axborot texnologiyalarini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi arafasida turibdi. O‘zbekiston faol mutaxassislar tayyorlamoqda, turli sohalarga ITni joriy etmoqda. Prezidentimizning «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi va yaqin orada qanday yangiliklar bo‘lishi kutilayotgani haqida axborot xavfsizligi sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri «IT-Team» asoschisi Sarvar Ahmedjonov bilan suhbatlashdik.

30 yoshdan sal oshganingizga qaramay, hisobingizda allaqachon o‘nlab xalqaro loyihalar, tanlovlardagi yutuqlar, o‘z xususiy biznesingiz bor. Hammasi nimadan boshlangan?

– Aslida, o‘n ikki yil muqaddam matematik bo‘lishni orzu qilganman. Ota-onam maktabda o‘qituvchi bo‘lishgan. Doim aniq fanlar bilan «kasallangan»lar qurshovida bo‘lganman. Bizning oilamiz qandayligini tushunishingiz uchun aytib o‘taman, ota-onam u yoki bu masalani yechish uchun qanday usullar qulayligi va qaysi darslik muallifi haq ekani borasida ko‘proq bahslashadilar. Shunday qilib, bu fan borasida hech qanday muammo yo‘q edi, hammasi matematika bilan shug‘ullanishim, olimpiadalarga borishim, aniq fanlarni chuqur o‘rgatadigan maktabga qatnashimga qarab ketayotgandi.

1995-yilda hayotimda birinchi marta «Dell» kompyuterini ko‘rganman, hozir istagan bolaga bu bir uyum plastik va sxemalar bo‘lib ko‘rinadi. Ammo o‘shanda bu haqiqiy xazina edi!

Kutubxonalardan dasturlashga oid kitoblarni qidira boshladim. Ichida fotosuratlari, rangli chizmalari va eng oddiy kodlar namunalari bo‘lgan jurnalga o‘xshatib tayyorlangan ingliz tilidagi darsliklarni o‘qishga kirishib ketdim. Men kompyuterda ishlashga ruxsat berishmasa-da, nima uchun buncha vaqtimni sarflab buni o‘rganayotganimni o‘zim ham tushunmasdim. O‘rta maktabda birinchi kompyuterlar paydo bo‘lganida ularda ishonchli ishlardim, informatika fani o‘qituvchisi ruxsati bilan darsdan so‘ng qolib shug‘ullanardim.

Bugun bu borada chala-chulpa ma’lumotga ega yosh yigitlar kelsa, bir necha oydan so‘ng kelishlarini maslahat beraman. Chunki bunday ishni avvalo, o‘zingiz o‘rganishingiz kerak. Dasturiy ta’minotning yangi versiyasini tushunib olishda hech kim yoningizda o‘tirib, atay o‘rgatmaydi. Siz yo biror narsani o‘rganishni istab, o‘z ustingizda ishlaysiz yoki o‘sha olingan bazaviy ko‘nikmalar bilan qolaverasiz.

Ayniqsa, bugun oliy o‘quv yurtlarida texnika va dasturlash bilan bog‘liq turli yo‘nalishlar mavjud. Imkoniyatlar juda ko‘p, faqat ulardan foydalanish kerak.

Siz nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham tematik ma’ruzalar o‘qiysiz. O‘z muvaffaqiyatli loyihasiga asos solgan IT-mutaxassisining ishi yana nimalarni nazarda tutadi?

– So‘nggi paytlarda frilanser (rahbarlar yoki jamoadan mustaqil ravishda faoliyat yurituvchi erkin ishchi – muallif izohi) sifatida ko‘proq bandman. O‘zingizni ilgari surish va treninglarda ishtirok etish orqali qiziqarli loyihalar uchun grantlar olish osonroq bo‘ladi. «IT-Team» – mening farzandim, lekin men hech qachon tadbirkor bo‘lmaganman, boz ustiga, hujjatlar ishlash va ijodiy rejalar uchun vaqt qoldirmaydi. Bu ish bilan maxsus odamlar shug‘ullanishadi. Mening vazifam esa saytlar va dasturlar yozish, tizimlar xavfsizligini tekshirish, dunyodan ortda qolib ketmaslik.

To‘rt yil avval ilk bor Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutiga ma’ruza o‘qib berishni taklif qildim. Ammo ko‘rganim kayfiyatimni ko‘tardi. Auditoriyada o‘z biznesini boshlashga qiziqqan va ko‘zlari yonib turgan o‘nlab yigit-qizlar o‘tirishardi. Shunda men boshqalarning shaxsiy tajribasi foydali bo‘lishi mumkinligini angladim, birinchi xatolar va g‘alabalarim haqida so‘zlab berdim.

Bu juda qiziqarli ish bo‘lib chiqdi. Endilikda bunday takliflarni o‘tkazib yubormaslikka harakat qilaman, ayniqsa, agar turli odamlar bilan uchrashadigan xalqaro maydonda ishlash imkoniyati mavjud bo‘lsa. G‘ijim ko‘ylak kiygan ammo miyasida ming-minglab ajoyib g‘oyalar aylanayotgan oddiy dasturchidan ish berishga yoki istiqbolli g‘oyalarni moliyalashtirishga tayyor nufuzli biznesmenlargacha. Va, albatta, hamma joydan bilimlar olishga intilayotgan, shunchaki «aytichi»lar bilan ishlash uchun bepul stajirovkadan o‘tayotgan yosh mutaxassislargacha bo‘lishi mumkin. Ularga har doim ish, o‘qish, amaliyot, o‘zini rivojlantirib borishga ko‘proq e’tibor qaratishni, shuningdek, ijtimoiy tarmoqni unutishni maslahat beraman.

Demak, sizni ijtimoiy tarmoqning raqibi, deb atash mumkin ekan-da?

– Juda qat’iy emasu lekin umuman olganda - ha. Mening hech qaerda sahifam yo‘q. Dunyo tezlashib bormoqda, bu kabi narsalarga qimmatli vaqtni sarflash - haqiqiy jinoyat. Universitetda o‘qiyotganimda do‘stlarim bilan biror joyga borib, kitob mutolaa qilib, ishlamay, vaqtni o‘tkazardik. Endi-chi, agar yoshingiz 25 da bo‘lsa-yu, ishlamasangiz, biling, juda kech qolyapsiz.

Bu, ayniqsa, bizning sohada sezilarli. Deyarli har kuni yangi kompyuter uskunalari, dasturiy ta’minotlar taqdimotlari bo‘lib o‘tadi. Statistikaga ko‘ra, bir kunda minglab yangi viruslar paydo bo‘larkan. Saytlarni ishlab chiqayotib, na josuslik dasturlari va na buzib kiruvchilar uchun biror tirqish qoldirmaslik kerakligini yaxshi anglashimiz lozim. Agar tarmoqlarda soatlab o‘ylamay va befoyda o‘tirsak, bunga qanday vaqt topamiz?

Boz ustiga, bu juda xavfli ham. Masalan, bir muncha vaqt oldin «Odnoklassniki» ishlab chiquvchilari bilan hamkorlik qildik. Sahifalarni buzib kirish yetmaganday, aksariyat hollarda foydalanuvchilarning o‘zi ma’lumotni uzatib yuboradilar.

Shu bois ham fuqarolarning axborot madaniyatini oshirish lozim. Internetda nimalar sodir bo‘layotgani faqatgina u yerda qolib ketmaydi. Ayniqsa, bugun O‘zbekistonda ham xuddi o‘sha ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn-to‘lovlar keng qo‘llanila boshlanganda.

Davlat muassasalarida axborot madaniyati bilan bog‘liq ishlar holati qay darajada? Nima uchun ko‘pgina tuzilmalar ishlamaydigan va yangilanmaydigan saytlarga ega, deb o‘ylaysiz?

– «uz» domenidagi istalgan saytni oching. Katta ehtimol bilan u bo‘m-bo‘sh bo‘ladi. 80 foizdan ko‘pida so‘nggi yangiliklar 2018-yilda kiritilgan. Nima uchun? «Open data» (ma’lum bir axborotga erkin kirish va undan kelgusida mualliflik huquqlari, patentlar va nazoratning boshqa mexanizmlari cheklovisiz foydalanish g‘oyasini aks ettiruvchi konsepsiya – muallif izohi) ba’zi mansabdorlarga zarar keltiradi. Biz ko‘plab davlat muassasalari bilan ishladik, muhim hujjatlarni o‘z ichiga olgan arxivlardagi ulkan betartibliklarni ko‘rdik, ularning aksariyati qog‘ozda va yagona nusxada. Ko‘pincha ma’lumot e’lon qilingan statistikaga mos kelmaydi.

Endi tasavvur qiling-a, bularning barchasi asl ko‘rinishida tarmoqqa omma e’tiboriga havola etib joylashtirilganini. Yana blogerlar va ommaviy axborot vositalari bu ma’lumotni olishlari mumkin. Natijada – tekshiruvlarning ulkan to‘lqini.

Bir kuni mijoz muassasa sahifasi uchun juda ko‘p mablag‘ sarflash niyatida emasligini tan oldi, negaki, baribir uni yuritmoqchi emas ekan. Yuqoridan shunday ko‘rsatma berilganini aytib, yelkasini qisdi. Biz unga faqat matnlardangina iborat oddiy sayt yaratib berdik. Bizni aldashmabdi – o‘shandan beri hech qanday yangi material yoki yangilik joylashtirilgani yo‘q, oradan esa ikki yil vaqt o‘tdi. Odamlar ko‘pincha tarmoqdagi ochiq ma’lumotlarni izlashga ham urinib ko‘rmasliklari ajablanarli emas.

Lekin hamma narsani tuzatsa bo‘ladi, faqat boshlash kerak. Bu borada ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Bizning «Open Data Challenge» - ochiq ma’lumotlardan foydalangan holda ilovalar ishlab chiqish bo‘yicha yillik tanlovimizni olaylik. «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi, Toshkent shahridagi Inxa universiteti, Jahon banki va O‘zbekistondagi BMTning taraqqiyot dasturi mukammal dasturlarni qisqa vaqt ichida yozishga qodir juda iqtidorlilarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, yana ularning alfa-versiyasida (bunday soft oddiy kompyuterga o‘rnatishga tayyor va kelgusida nosozliklarni bartaraf etishga ehtiyoj qolmaydi – muallif izohi), shuningdek, ular eng muhim masalaga - ochiq ma’lumotlarga murojaat qilishdi.

Davlatimiz rahbarining 2018-yil 19-fevraldagi «Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ham katta o‘zgarishlarga olib keldi. Ushbu hujjat innovatsion. Unda uzoq vaqt davomida O‘zbekistonda ITning rivojlanishiga to‘sqinlik qilgan muammolar tan olingan. yetarli darajada rivojlanmagan telekommunikatsiya infratuzilmasiga oid masalalarga ham, chunki ba’zi aholi punktlarida internet u yoqda tursin, mobil aloqadan foydalanish imkoniyati mavjud emas. Marketing platformalari, onlayn-do‘konlar, to‘lov tizimlarining yo‘qligi yoki rivojlanmaganligi bilan bog‘liq muammolarga ham e’tibor qaratilgan. Eng muhimi, davlat tizimi va resurslarida axborot xavfsizligini va axborotni muhofaza qilishni ta’minlash juda zaif tashkil etilgani aytilgan.

Xalqaro loyihalarda tez-tez ishtirok etishingizni eslatib o‘tdingiz. Agar axborot xavfsizligi haqida gapiradigan bo‘lsak, kimdan o‘rnak olish mumkin?

– Hamma narsa mukammal ishlaydigan mamlakat bo‘lmaydi, shu bois buni maromida ushlab turish uchun boshqalardagi eng yaxshi jihatlarni o‘zlashtirish lozim.

Masalan, Slovakiyaning axborot xavfsizligi strategiyasi axborot jamiyatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan va fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan platformani yaratish asosiy vazifadir. Finlyandiyada asoslarning asoslari - kiberxavfsizlikni axborot jamiyatini shakllantirish bilan bevosita bog‘liq iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan muammo sifatida tushunishdir. Bunda oddiy internet foydalanuvchilari uchun ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi. Gollandiyada bir tomondan, axborot-kommunikatsiya tizimlarining xavfsizligi va ishonchliligiga intilishadi, boshqa tomondan, jiddiy qonunbuzarliklarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun internet makonining erkinligi va ochiqligi zarurligini tan oladi. Chexiya asosan axborot servislaridan erkin foydalanish muammosiga urg‘u beradi. Rossiyada kibermaydonda xavfsizlikni ta’minlash ustuvor ahamiyatga ega. Shu bilan birga ushbu tendensiya faqat yaqinda sezila boshladi. O‘tgan yilning sentyabrida kibermaydondagi xavfsizlikka bag‘ishlangan va social.ligainternet.ru manziliga joylashtirilgan ijtimoiy tarmoq ishga tushirildi.

Tanlaydigan narsamiz ko‘p. Axborot madaniyati va xavfsizligiga nimani kiritishimizni, davlat muassasalariga veb-saytlar nima uchun kerakligi, ularni o‘rnatish, yaroqli kontentni qanday ta’minlash kerakligini hal qilish muhimdir.

So‘nggi savol, yuqori texnologiyalar sohasi har kuni o‘zgarib, yangilanib borayotganini aytyapsiz. Yaqin kelajakda nimalarni kutishimiz mumkin?

– Ehtimol, kelgusi yili biz to‘liq o‘zgargan shaxsiy kompyuterlar va smartfonlardan foydalanarmiz. Buklanuvchi ekranlar va gologrammalar, virtual haqqoniylik oddiy narsalar bo‘lib qolgan. Har qanday fantastika - aql, vaqt va sabr-toqatning ishidir.

Shaxsan meni yaqinda «neyronet» deb nomlangan narsa juda qiziqtirib qo‘ydi va uning kelajagi bor, deb o‘ylayman. Umuman olganda, keyingi texnologik inqilob inson va hisoblash mashinalari miyalari integratsiyasi orqali neyrotexnologiya va aqliy mehnat unumdorligining oshishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Mutaxassislarning bashorat qilishlaricha, neyronet hozirgi internet rivojlanishining navbatdagi bosqichi bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa yangi texnologik usullar yordamida amalga oshiriladi va kompyuterlar neyromorflashadi (ular faoliyati inson miyasi harakatlari tamoyiliga asoslanadi – muallif izohi).

Tasavvur qiling-a, bunday texnologiyalar yangi bilimlarni o‘rganish hajmini va tezligini sezilarli darajada oshiradi. Masalan, tibbiyotda Alsgeymer va Parkinson kasalliklarini yengish mumkin bo‘ladi.

Sabina Alimova

yozib oldi.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 10-avgustdagi 160-sonida «Чем выгодна концепция «Open data»?»  sarlavhasi bilan nashr etilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech