21 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,2 °C

Salomatlik
18 Iyul  2019 582

Shayxontohur tumanida vafot etgan chaqaloqning o‘limiga emlash sabab bo‘lmagani aytilmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2019-yil 5-aprelda tug‘ilgan M.N.ning o‘limi yuzasidan dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, quyidagilarni ma'lum qiladi.

Ma'lum qilinishicha, M.N. 2019-yil 12-iyul kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi 40-oilaviy poliklinikada poliomelit, rotavirus va pnevmokokkga qarshi emlanadi. Emlash ishlari poliklinika emlash xamshirasi M.Rahmatova tomonidan amalga oshirilgan. Shundan  so‘ng ikki kun davomida bolaning tana harorati 38 darajaga ko‘tarilgan. 15-iyul tonggi soat 3:00-5:00 da vaziyat yomonlashgach, tez yordam chaqirilgan. Tez tibbiy  yordam brigadasi  kelganda chaqaloq vafot etgan bo‘lgan.

Bolaga emlash jarayonida qo‘llanilgan vaksinalar xususiyatlarini inobatga olgan holda, aytish mumkinki, emlashdan keyin tana harorati 38 darajada bo‘lishi tabiiy holat. Ushbu harorat juda kam hollarda bolaning markaziy asab tizimiga ta'sir qilishi mumkin. Bundan tashqari, uyda 2-3 kun davomida nima sodir bo‘lganligi, chaqaloq qanday sharoitda parvarish qilinganligi,  unda qanday qo‘shimcha salbiy ta'sirlar kuzatilganligi ham hali ma'lum emas.

– Aniqlanishicha, 12-iyul kuni poytaxtimizdagi 40-oilaviy poliklinika emlash xonasida 51 nafar bolada emlash amalga oshirilgan bo‘lib, ularning birontasida ham  emlashdan so‘ng reaksiyalar qayd etilmagan, – deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitar epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilmurod Mirzaboev. – Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda milliy emlash kalendari asosida har oyda 2 yarim million nafar bola vaksinalar bilan emlanadi va ularning emlashdan keyingi holati tizimli  ravishda o‘rganib boriladi. Eng muhimi, yurtimizda shu paytgacha ushbu vaksinalar bilan bog‘liq salbiy holatlar biror marta bo‘lsa-da, ro‘yxatga olinmagan. Jumladan, poliomielit va pnevmokokka qarshi vaksinalarga umuman tibbiy cheklov yo‘q, ular o‘lim bilan bog‘liq asoratlarni umuman keltirib chiqarmaydi. Bu Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining nufuzli ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan.

Bundan tashqari, emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo‘llanilayotgan samarali va eng sifatli  emlash vositalari BMTning Bolalar fondi (YuNISeF) va boshqa xalqaro tashkilotlar sertifikati asosida mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda qayta tibbiy-laborator sinovlardan o‘tkaziladi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sertifikat bilan kafolatlanadi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga yetkaziladi. Emlash muolajalari shahar va tumanlarda aholiga biriktirilgan oilaviy poliklinika, chekka joylarda esa qishloq oilaviy poliklinikalari va vrachlik punktlarida  malakali shifokor ko‘rigidan o‘tilgach, maxsus o‘qitilib, tegishli ruxsatnoma olgan hamshiralar tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, M.N.ning o‘limiga emlash sabab bo‘lmagan. Shu o‘rinda qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasining milliy profilaktik emlash kalendari va Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyrug‘i asosida har bir emlangan bola 3 kun davomida patronaj hamshirasi tomonidan xabar olinishi zarur. Shundan kelib chiqqan holda, hamshiralar bolani emlanganidan so‘ng ma'lum vaqt nazoratga olmaganligi holati o‘rganilib, o‘z ishiga loqaydlik bilan qaragan tibbiyot xodimlariga nisbatan qat'iy choralar ko‘riladi. Ayni paytda M.N.ning o‘lim sababini aniqlashtirish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotida.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech