23 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +14,8 °C

Bo‘sh vaqtda
10 Mart  2019 2284

Buyuk Xitoy devori tilsimlari

Ushbu inshoot haqiqatan ham, jahon sivilizatsiyasining buyuk yutug‘i hisoblanadi. Buyuk Xitoy devori chindan ham noyob inshoot, ammo inson qo‘li bilan yaratilgan ushbu qurilish bilan bog‘liq jumboqlar ham juda ko‘p.

Olib borilayotgan tadqiqotlarda g‘olib imperiyaning bu «Tosh kamar»i hali-hanuz baribir javobsiz qolayotgan turli jumboqlarni yuzaga chiqarmoqda. Taxminlar, farazlar, fikrlar — istaganingizcha. Quyida ulardan birini e’tiboringizga havola etmoqchimiz. Ammo oldindan eslatib qo‘yaylik, bu sirlarni ochishga bo‘lgan minglab urinishlardan bittasi, xolos.

Zolim hukmdorning g‘oyasi

Birdaniga boshi berk ko‘chaga solib qo‘yadigan holatlardan biri — bu Buyuk Xitoy devorining qanday maqsadlarda qurilganidir. Chunki inson zoti hech qachon biron narsani bekorga barpo etmaydi. Darhaqiqat, kim ham nihoyatda uzoq, mashaqqatli mehnat va misli ko‘rilmagan xarajatlarni talab qiladigan, aqlga sig‘mas g‘oyaga o‘zini urardi? Bundan tashqari, hamisha bir-biriga dushman bo‘lgan va o‘zaro urushlar olib borgan qadimgi Xitoy knyazliklarining yagona bogdixon (imperator) hukmronligiga birlashishi davrida vujudga kelgan yangi davlat chegaralarini mustahkamlash zarurati tug‘ilgan, degan faraz ham bizga tarixdan yaxshi ma’lum. Haqiqatan ham, mamlakatning shimoliy sarhadlarini tobora kuchayib borayotgan ko‘chmanchilardan himoya qilish kerak bo‘lgan. Hukmdorlar esa bunga qarshi samarali harakat qilish uchun imperiyada islohot o‘tkazish kerak, degan fikrda edilar.

Xullas, tashqi dunyodan o‘zini ajratish to‘g‘risidagi qarorga keldilar. Qadimgi Xitoy sharq, janub va g‘arbda qo‘shnilaridan tabiiy to‘siqlar: tog‘, cho‘l va dengizlar bilan himoyalangan, deb hisoblanardi. Demak, mamlakatning faqat shimoliy qismigina ochiq qolmoqda. Ushbu devorni qurish g‘oyasi esa Sin sulolasidan bo‘lgan, buyuk islohotchi va favqulodda zolimligi bilan nom qozongan hukmdor Shi-Xuandiga tegishli. Loyihaning hatto, qog‘ozdagi ko‘rinishi ham o‘zining juda kattaligi va keng miqyosliligi bilan hayratga solardi. Buyuk Xitoy devorining umumiy uzunligi olti ming kilometrni tashkil etishi kerak edi. Haqiqatdan ham, aqlga sig‘mas ish!

Ishchi kuchiga tanqislik sezilmagan

Ushbu azim devorni qurishda millionlab odamlar ishtirok etgan. Ammo devor qullar mehnati bilan bunyod etilgan, deyish ham noto‘g‘ri. Bundan tashqari, qurilish uchun malakali ustalar va me’morlar zarur bo‘lgan. Chunki ushbu inshoot minglab yillar turib berishi ham kerak edi. O‘sha qadimgi davrlarda oddiy odamlar uchun hukmdorga xizmat qilish muqaddas va sharafli burch hisoblangani bizga yaxshi ma’lum. Odamlar hukmdor oldidagi burchini munosib o‘tash uchun bo‘yin tovlamay, astoydil mehnat qilishardi. Bunga nima turtki bo‘lgan, rag‘batlantirilishmi? Samoviy kuchlar va ilohiy imperatorning minnatdorchiligimi? Nima bo‘lganda ham o‘n minglab odamlar ana shu o‘ta og‘ir qurilishda mehnat qilib, jonini berishga ham tayyor edilar.

Loyihaga ko‘ra, oralig‘i yetti metrga yaqin va har birining qalinligi bir metrdan sal kamroq bo‘lgan ikki asosiy devor qurilib, o‘rtasida hosil bo‘lgan bo‘shliqni qum-loy bilan to‘ldirib, juda yaxshilab shibbalashgan. Bu ish shu darajada pishiq qilinganki, natijada bu yaxlit bir jismga o‘xshab qolardi. Devor yuqorisida esa devor himoyachilari uchun pana joy vazifasini o‘taydigan tishli «qobirg‘achalar» qurilgan. Devor ustining eni shundayki, unda olti nafar og‘ir qurollangan suvoriy bir qator bo‘lib bemalol harakatlana oladi. Qat’iy tartibda uzunligi har 1 li (yarim kilometrga yaqin) oraliqda darvozalardan dushmanning o‘tishidan himoya qiladigan qo‘riqchi-minora («gulxan»)lar qurilgan.

Mutlaqo teskari signal

Minoralarning nomi ham qanday maqsadda bunyod etilganini aytib turadi. Tunda qo‘riqchilar o‘ziga xos xabar beruvchi mayoq vazifasini o‘taydigan ulkan gulxanlar yoqishgan. Xavf tug‘ilgan chog‘i uni zudlikda o‘chirishgan va yaqin garnizon va qorovullarga ana shu tariqa signal berilardi. Ular esa o‘sha zahotiyoq ob’yektni dushmandan muhofaza qilishga otlanardilar. Ammo buning bir qiziq tomoni bor: boshqa xalqlarda xabar berishning ushbu tizimi mutlaqo teskari tartibda ishlagan. Ya’ni xavf tug‘ildi, deguncha gulxan yoqib, signal berilgan. Xitoyliklar esa buning mutlaqo teskarisini qilishardi. Nima uchun? Buning uchun devor chizig‘iga nazar solaylik. Agarda himoya inshooti imperiyani dushmanlardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, u holda nega qurilish oxirigacha yetkazilmagan? Mantiqan olib qaralsa, devor sharqiy Xitoy sohillaridan Tibetning inson qadami yetmas tog‘larida tugashi kerak edi. Bu holda uning vazifasi tushunarli va o‘zini oqlagan bo‘lardi. To‘g‘ri, devorning bir tomoni shunday xulosa chiqarishga undaydi. Biroq ikkinchi tomonida esa juda ko‘p kilometrlik joyning ochiq qolgani. Buni qanday tushunish mumkin? Uzoq davom etgan qurilish uchun mablag‘ yetishmasligidanmi? Negadir bu mehnatsevar, xudodan qo‘rqadigan xitoyliklarga sira to‘g‘ri kelmaydi. Nafsoniyati kuchli bo‘lgan, izzattalab qadimgi zolim hukmdorlarni-ku, qo‘yavering! Negaki, mazkur qurilish kelgusi avlodlar oldida sharmanda bo‘lishga emas, balki Sin Shi-Xuandi nomini abadiylashtirishga qaratilgandi. Buyuk Xitoy devorining asosiy qismi qurib bo‘linganini hisobga olsak, yana ozgina chiranish talab etilardi. Darvoqye, ichki Xitoyga kirish maqsadida xuddi o‘sha ochiq qolgan joydan juda ko‘p bosqinchilar foydalanishgan ham. Bu yerda gap butunlay boshqa yoqda, shekilli? Ammo javob yo‘q.

Yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan kim?

Shunga qaramasdan imperator Sin Shi-Xuandi qurilish ishlari ketayotgan chog‘da doimiy ravishda nujumshunoslar bilan kengashib, bashoratchilar bilan maslahatlashib turgan. Afsonaga ko‘ra, juda dahshatli qurbonlik — devorlar orasidagi shibbalangan tuproqqa millionta insonni ko‘mish hukmdorga shon-shuhrat keltirishi va himoya chizig‘ining abadiy mustahkamligini ta’minlashi mumkin ekan. Ana shu nomsiz quruvchilar Buyuk Xitoy devoriga uni abadiy qo‘riqlash uchun ko‘milgan. O‘lganlarning jasadini tik holda dafn qilishgan. Agar inson ruhining moddiyligi va vaqti-vaqti bilan tanasi ko‘milgan joyga tashrif buyurib turishi haqidagi tasdiqlarga ishonilsa, u holda bu yerda qanchalik qudratli quvvat to‘planishini tasavvur qilish qiyin emas.

Anomal hodisalarni o‘rganuvchi tadqiqotchilar millionta tana ko‘milgan joyni ulkan hajmli batareyani quvvatlantirish mumkin bo‘lgan «idish»ga qiyoslashadi. Agar shunday bo‘lsa, u holda bu joy nimani quvvatlantirishi kerak? Matematik amallar shuni ko‘rsatadiki, o‘sha davrlarda xitoyliklar integral va differinsial hisobni juda yaxshi bilishgan bo‘lishi kerak. Biroq ular, ya’ni O‘rta asrlarda, bunday bilimlarga ega bo‘lishmagan. Keng miqyosdagi qurilish ishlari esa miloddan oldingi 220-yilda boshlanganini unutmang. To‘g‘ri, xitoylik olimlar irratsional sonlar va cheksiz kichik miqdor amallaridan xabardor bo‘lishgan, albatta. Hatto, «Oltin kesim» qoidalaridan ham xabardor bo‘lishgani ehtimoldan holi emas. Biroq bunday ulkan va katta ko‘lamli loyiha uchun ularni tatbiq etish juda-juda kamlik qiladi. Ma’lumki, o‘sha davrlarda aerofototasvir, yer sathining aniq xaritasi, degan gaplar bo‘lmagan. Geodeziya haqida-ku, gapirishga hojat ham yo‘q. U holda qadimgi me’morlar va quruvchilarga kim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib turgan bo‘lishi mumkin? Hozirgi tadqiqotchilar ushbu azim qurilishda «begonalar» ishtiroq etgan bo‘lishi kerak, degan taxminni ilgari surmoqdalar. Agar haqiqatan ham shunday bo‘lsa, u holda o‘sha «begonalar» kim? Bunda faqat ularning yerliklar bo‘lishmagani aniq, deya taxmin qilish mumkin, xolos. Buyuk Xitoy devorini loyihalashtirishda qo‘llanilgan bilimlardan bugungi kungacha o‘rganilgan barcha qadimgi sivilizatsiyalarda bu kabi to‘laqonliroq foydalanilmagan. Ehtimol, ular hali zamonaviy fanga noma’lum va yer yuzidan butunlay yo‘qolib ketgan madaniyat vakillari bo‘lishi ham mumkin. Ularning o‘zga sayyoralardan tashrif buyurgan kelgindilar yoki yerga kelib, qaytib keta olmagan o‘zga sayyoraliklarning tirik qolganlari bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas. Buyuk Xitoy devori — kosmosdan aniq ko‘rinadigan va inson qo‘li bilan barpo etilgan yagona ob’yektdir. U muayyan bir chiziqda joylashgan. Devor to‘ppa-to‘g‘ri emas, balki ilonizisimon tarzda cho‘zilib ketgan va bunga yer relefi yoki tuproq zichligining turlicha ekanligi sabab bo‘lgan, deyishadi. Agarda sinchiklab qaralsa, devor tekis joylarda ham ilonizisimon bo‘lib cho‘zilganini ko‘rish mumkin. Demak, bunga tabiiy to‘siqlarning hech qanday aloqasi yo‘q va boshqa qandaydir amaliy ma’nosi mavjud.

O‘ttizinchi parallel

Agar devor xaritasi ustiga geografik parallellar va meridianlar to‘ri qo‘yilsa, u o‘ttizinchi parallelni deyarli shundoqqina takrorlashini ko‘rish mumkin. Agar ushbu chiziqlarning shartli ekanini hisobga olsak, bu yanada qiziq tuyuladi. Lekin shunga qaramasdan, xuddi o‘sha shartli chiziq quruqlikni teng ikkiga ajratadigan o‘ziga xos ekvator bo‘lib xizmat qiladi. Ekvatorning o‘zi esa yer yuzini ikkiga ajratib turishini yaxshi bilamiz. yevroosiyo qit’asini xaritada teng ikkiga bo‘lib ko‘ring-chi. to‘g‘ri chiziq chiqmaydi, shundaymi? Shu bois bo‘lsa kerak, Buyuk Xitoy devori ham ilang-bilang holatda cho‘zilib ketgan. Bizga yana bir narsa yaxshi ma’lum: sayyoramiz vaqti o‘tishi bilan o‘z o‘qi atrofida aylanishini o‘zgartirib turadi. Yaqinda olingan hisob-kitoblar yordamida 30-parallelning bundan 2200 yil oldingi holatini va qit’aning taxminiy shakli tiklandi. Xullas, xuddi o‘sha davrlarda devor amalda salkam 30-parallel bo‘ylab cho‘zilib ketgan ekan. Xuddi shu sababli ham uning «Imperiyaning oltin o‘rtasi» degan an’anaviy nomi kelib chiqqan bo‘lishi ham mumkin. Oltin o‘rta — bu eng qulay sharoit, nolinchi belgi, uyg‘unlik chizig‘i, degan ma’noni bildiradi (mazkur so‘z birikmasining yana beg‘alva ish, qiyinchilik tug‘dirmaydigan, jon koyitmaydigan ish, ishning beg‘alva tomoni, kabi ma’nolari ham bor). Savol: xitoylik hukmdorlar butun quruqlikni egallab olishni niyat qilishganmi? Devordan, 30-parallel bo‘ylab harakat qilib ko‘ring-chi?! Dastlab, Misr ehromlariga duch kelasiz, keyin esa Bermud uchburchagi. G‘alati tasodifdek tuyulmayaptimi? Bu hali hammasi emas! yer qattiq qismining doimiy seysmik harakati tuzatishlariga tayanib, yana bir jumboqqa duch kelamiz. G‘ayritabiiy ob’yektlarning uchalasi ham bir-biridan teng masofadagi uzoqlikda joylashgan. Buyam tasodifmikan? Negadir o‘xshamayapti.

Galaktikalararo aloqa kompleksi

Ma’lumki, istalgan fizik jismda ma’lum quvvat potensiali mavjud. Fizika bilan bog‘liq ilmiy yo‘nalishlarda tadqiqotlar olib boruvchi olimlar sayyoramizda mavjud bo‘lgan mashhur anomal joylarni atroflicha o‘rganishgan. yer doimiy elektr zaryadiga ega. Buyuk Xitoy devori ham qaerdadir chetda emas, balki bunday potensialning shimol va janubga qarab intiladigan joyida bunyod etilgan. Elektrodinamika qonunlariga ko‘ra, yerning Quyosh atrofida harakatlanishi fazasidagi tezlik yorug‘lik tezligidan ham ancha katta bo‘lgan elektrohanrabo to‘lqinini vujudga keltiradi. Bu kosmos bilan aloqa o‘rnatish uchun yetarli shart-sharoit, degani. Devorning bunday antiqa shakl-shamoyilda qurilishiga shu sabab emasmikan? Uning tashqi devorlaridan bemalol ikkio‘tkazgichli aloqa chizig‘i sifatida foydalanish mumkin. Taxminan undan signal jo‘natishgan, deylik. Signal esa yerning tabiiy elektohanrabo maydoniga aralashib ketadi va o‘z strukturasi (tuzilmasi)ni o‘zgartiradi. Marhamat, axborot jo‘natildi! Qiziqtirib qo‘yadigan faraz, to‘g‘rimi? Endi bu Gizadagi ehromlarning qanday maqsadda qurilgani (o‘ziga xos galaktikalararo aloqani qabul qiluvchi kompleks sifatidagi) haqidagi farazga jo-bajo mos tushadi. Ya’ni — apparat ishga to‘liq shay! Olimlarning taxmin qilishlaricha, bizga yaqin bo‘lgan sayyoralarda qabul qilib-uzatadigan komplekslar bo‘lishi mumkin. «Quyosh tizimida buning uchun eng qulay joy — Mars», deyishmoqda olimlar. Aftidan u soz holatda. Ehtimol, yerdagi bu «radiostansiya»dan bugun ham kosmosdan turib foydalanishayotgandir. Bunda, biz, insonlarning ishtirok etmayotganimiz afsuslanarli.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech