30 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,3 °C

Mamlakatimizda
19 Mart  2020 277

Buxoro viloyati hokimi aholiga murojaat bilan chiqdi

Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Karim Kamolov kecha, 18-mart kuni «Buxoro» telekanali orqali viloyat aholisiga qilgan murojaatida butun dunyo jamoatchiligi qatorida «COVID-19» deb nomlangan xavfli infeksiya yurtimiz aholisini ham jiddiy tashvishga solayotgani, ammo zudlikda ko‘rilayotgan tibbiy-epidemiologik chora-tadbirlar, kasallikka qarshi tizimli ishlar boshlangani xavotirga o‘rin yo‘qligini, vaziyat to‘liq nazoratga olinganligini bildirdi.

— Muhtaram Prezidentimiz mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida koronavirus muammosiga to‘xtalib, bu bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqimizga murojaat qildi,–dedi viloyat hokimi K.Kamolov o‘z so‘zida. -Yurtboshimizning «Respublikamizdagi barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga o‘tkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada ta’minlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablag‘ ajratildi. Afsuski, bu xatarli virus chegara bilmas ekan. Millatimiz, ko‘pni ko‘rgan xalqimiz yakdil bo‘lsa, ishonamizki, bu qiyinchilikni albatta, o‘tamiz» degan da’vatkor so‘zlari barchamizga kuch-quvvat bag‘ishladi.

Viloyatimizda ham koronavirus epidemiyasining oldini olish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar belgilab olingani ta’kidlandi. So‘nggi to‘rt kunlik  ishlarni sarhisob qilsak, favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida viloyat hokimligida tegishli boshqarma, korxona va tashkilotlarning mas’ul xodimlaridan iborat doimiy ishlovchi shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilib, unda 224-53-00, 224-53-14 raqamli «Ishonch telefonlari» ishga tushirildi.

Xorijdan qaytayotgan fuqarolar uchun 630 o‘rinli observatsiya-karantin muassasalari tashkil etildi. Ushbu ob’ektlarga qabul qilinadigan fuqarolar uchun 13 turdagi sanitar-gigienik vositalar jamlanmasi tayyorlangan. Karantinga olingan fuqarolarni 14 kun davomida bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, viloyatda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalarga dezinfeksiya ishlari bilan shug‘ullanuvchi korxonalar biriktirilib, jamoat transportlarini har kuni ikki marotaba dezinfeksiya qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazida 335 ta, davolash-profilaktika muassasalarida 2 mingdan oshiq maxsus himoya kiyimi va boshqa zarur vositalar zaxirasi yaratilgan. Shahar va tumanlardagi 641 ta xususiy dorixona, viloyat «Dori-darmon» MChJ tasarrufidagi 215 ta ijtimoiy dorixonaga kuniga 60 ming dona yuz niqob yetkazib berilmoqda. Qolaversa, hozirda «Dori-darmon» MChJ omborida 1,5 tonna gipoxlorid-kalsiy, yana yetarli miqdorda obikoxlorid, perekis vodorod, spirt kabi dezinfeksiya vositalari jamg‘arilgan. Viloyat hududidagi «Buxoro xalqaro aeroporti», «Olot» chegara va «Xo‘jadavlat» temir yo‘l chegara o‘tkazish punktlarida sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va fitosanitariya nazorati xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Xalqimizning boshiga tushgan o‘ziga xos sinov davrida vahima va sarosimaga berilmaslik, bozorlarda narx-navoning asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida vakolatli idoralar hamkorligida qat’iy nazorat tadbirlari kuchaytirilgan. Ayniqsa, kundalik ehtiyoj yuqori bo‘lgan xalq iste’moli mollari narxlari sun’iy ravishda oshirilayotgan har bir holatga nisbatan qonuniy baho berilayotgani, hududdagi yigirmaga yaqin dehqon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari ta’minoti va sotilishi barqaror izga solinayotgani e’tiborga molik.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda viloyat hokimi o‘z murojaatida aholini vahimaga berilmaslikka, qiyin vaziyatda birlashib bahamjihat harakat qilishga da’vat etdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech