03 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,4 °C

Salomatlik
8 Iyul  2020 435

Bugun yana uch bemor vafot etdi

Koronavirus infeksiyasiga chalingan ikki bemor oʻtkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan, yana biri oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi oqibatida vafot etdi.

Samarqand viloyati Urgut tumani yashovchi 61 yoshli erkak kishi 27-iyunda koronavirusga chalingan bemor bilan birlamchi muloqotda boʻlganligi sababli viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan va davo muolajalari boshlangan.

Unga COVID-19 infeksiyasi ogʻir kechishi tashxisi qoʻyilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniya, oʻtkir nafas yetishmovchiligining 3-darajasi asorati bilan kechgan.

Bemor bundan avval surunkali buyrak yetishmovchiligi, gipertoniya kasalligi, yurak ishemik kasalligi, oʻtkir miokard infarkti bilan ham ogʻrigan.

Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli Sogʻliqni saqlash vazirligi, Samarqand davlat tibbiyot instituti mutaxassislari tomonidan onlayn konsultatsiyalar oʻtkazilib, doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlarning standartlar asosida oʻtkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor oʻtkir nafas va oʻtkir yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Shuningdek, Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi, 79 yoshli erkak kishini 19-iyunda tana harorati koʻtarilib, yoʻtal bezovta qilgan. Shunga qaramay, mutaxassislarga murojaat qilmasdan bir hafta davomida uyida davolangan.

2-iyulda birinchi marotaba oilaviy poliklinikaga murojaat qilgan. Fuqarodan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va xonadonida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan.

Unga COVID-19, yurak ishemik kasalligi, zoʻriqish stenokardiyasi, gipertoniya, parkinsonizm kasalligi tashxisi qoʻyilgan.

Shifokorlarning standartlar asosida oʻtkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan mazkur bemor ham oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Navoiy shahrida yashovchi, 38 yoshli bemor esa joriy yil 2-iyulda koronavirus infeksiyasiga namuna topshirgan va kasalligi tasdiqlangan. Shu kunning oʻzdayoq shifoxonaga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi ogʻir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligi 1-2-darajasi tashxisi qoʻyilgan.

Qoʻshimcha gipertoniya kasalligi 3-daraja, arterial gipertenziya tashxisi ham qoʻyilgan. Kasallik oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi 3-4-daraja, oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi kabi asoratlar bilan kechgan.

Bemor 2019-yildan buyon gipertoniya kasalligi bilan nazoratda turgan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Biroq, shifokorlarning standartlar asosida oʻtkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemorning ahvoli keskin ogʻirlashib, oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi oqibatida vafot etdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech