11 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,6 °C

Salomatlik
9 Iyul  2020 425

Bugun besh nafar bemor hayotdan koʻz yumdi

Koronavirus infeksiyasiga chalingan poytaxtning Olmazor va tumanidan 64 yoshli ayol, Uchtepa tumanidan 64 yoshli erkak va Mirobod tumanidan 72 yoshli ayol, shuningdek, qoraqalpogʻistonlik 56 yoshli ayol va navoiylik 52 yoshli erkak oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdilar.

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashovchi 64 yoshli ayol joriy yil 1-iyul kuni qorinda va chap koʻkrak sohasida ogʻriqlar kuchayganligi sababli Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga yotqizilgan.

U postxoletsistektomik sindrom, oʻtkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi bilan davolangan.

3-iyul kuni esa bemorda nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayganligi sababli reanimatsiya boʻlimiga oʻtkazilgan va COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan.

Unga COVID-19, ikki tomonlama pnevmoniya, oʻtkir nafas yetishmovchiligi, oʻtkir respirator distress sindrom, postxoletsistektomik sindrom, oʻtkir pankreatit, gastrit, surunkali kamqonlik, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya tashxisi qoʻyilgan.

Uchtepa tumanida yashovchi 64 yoshli erkak kishi joriy yil 1-iyuldan Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi reanimatsiya boʻlimida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, qandli diabetning 2-turi, nafas yetishmovchiligining 1-2-darajasi, shuningdek, surunkali buyrak yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

2-iyul kuni undan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan. Oxirgi 8 yil davomida u parkinson kasalligi bilan dispanser nazoratida boʻlgan. Bundan tashqari, bemor 2019-yil 1-iyul kuni bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi ishemik turini ham oʻtkazgan.

Mirobod tumanida yashovchi 72 yoshli ayol 29-iyundan 1-son Respublika klinik shifoxonasida COVID-19 infeksiyasining oʻta ogʻir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniyaning oʻta ogʻir kechishi, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, surunkali yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

Shuningdek, bemor bundan avval yurak ishemik kasalligi, zoʻriquvchi stenokardiya, gipertoniya kasalligining 3-darajasi, qandli diabetning 2-turi (insulinga muhtoj), diabetik nefropatiya, angiopatiya, retinopatiya, polineyropatiya, yogʻli gepatozning 2-darajasi, surunkali pankreatit bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan.

Dinamikada bemorning holati ogʻirlashganligi sababli 4-iyul kuni u Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasiga oʻtkazilgan.

Klinikada bemor bir necha marta Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Nukus shahrida yashovchi 56 yoshli ayolda joriy yil 23-iyun kuni bosh ogʻrigʻi, tana haroratining koʻtarilishi, yoʻtal, burundan suv oqishi, aksirish, qaltirash va ishtahaning yoʻqolishi kuzatilgan. Bemor hech kimga murojaat qilmasdan uyida oʻzi davolangan.

29-iyun kuni esa tana harorati tushmaganligi sababli tez tibbiy yordam mashinasida Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan va izolyatorga joylashtirilgan.

Shu kuni COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va unda ushbu kasallik tasdiqlangan.

Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasida unga COVID-19 infeksiyasining ogʻir kechishi, shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, yurak qon-tomir yetishmovchiligining 3-darajasi, oʻtkir respirator distress sindromi tashxisi qoʻyilgan.

Bemor bir necha yil davomida gipertoniya, yurak ishemik kasalligi bilan davolanib yurgan va nazoratda turgan. Bundan tashqari, u zoʻriqish stenokardiyasi, gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziyaning 3-darajasi, qandli diabetning 2-turi, semizlikning 2-darajasidan ham davolanib kelgan.

Navoiy shahrida yashovchi 52 yoshli erkak joriy yil 30-iyun kuni tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga COVID-19 infeksiyasiga gumon bilan olib kelingan.

Unga COVID-19, ikki tomonlama bronxopnevmoniyaning oʻta ogʻir kechishi tashxisi qoʻyilgan. Kasallik oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligining 3-4-darajasi, oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi asoratlari bilan kechgan.

Bemor bundan avval gipertoniya kasalligining 3-darajasi, arterial gipertenziya, semizlikning 4-darajasi tashxisi bilan davolanib yurgan.

Ularning har birining davolanishi davomidagi kunlik ahvoli mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida oʻtkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi, navoiylik bemor esa oʻtkir bosh miya va oʻpka shishi oqibatida vafot etdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech