15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21 °C

Hukumat
4 Aprel  2019 1817
OʻzA

Byudjet va eksport tushumlari – ijtimoiy soha rivojining muhim manbai

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 4 aprelь kuni 2019 yilning birinchi choragi yakunlari bo’yicha Davlat byudjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda birinchi yarim yillik uchun belgilangan ko’rsatkichlarning so’zsiz bajarilishini ta'minlash yuzasidan videoselektor yig’ilishi bo’lib o’tdi.

Birinchi chorakda mamlakatimiz bo’yicha byudjet tushumlari to’liq bajarilib, o’tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobar ko’p ijro etilgan. Chorak yakuni bo’yicha mahalliy byudjet daromadlari rejaga nisbatan 1 trillion 253 milliard so’m ortig’i bilan bajarilib, hududlar ixtiyorida o’tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko’p mablag’ qoldi.
 
Mahalliy byudjetda qancha ko’p daromad bo’lsa, dolzarb bo’lgan ijtimoiy masalalarni shuncha tezkorlik bilan hal qilish mumkin, dedi davlatimiz rahbari. Qo’shimcha mablag’lar, jumladan, “Beshta tashabbus”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Ichimlik suvi”, “Har bir oila tadbirkor” kabi davlat dasturlarini joylarda tizimli amalga oshirish, xalqning daromadini ko’paytirish va hayotini yaxshilash uchun zarur bo’ladi.
 
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu vazifani hamma rahbar ham birdek anglab yetmayotganini keskin tanqid qildi. Jumladan, byudjetga jami tushumlar prognozi 9 ta tuman va shaharda bajarilmagan.
 
Аyniqsa, Toshkent shahrining o’n bitta tumanidan 7 tasida tumanida jami tushum prognozi bajarilmagan. Ushbu tumanlar soliq inspektsiyalari rahbarlari lavozimlaridan ozod etildi.
 
Shahar hokimligi va soliq idoralari rahbarlarini byudjetga tushumlarni ta'minlashda sustkashlikka yo’l qo’yilganligi qattiq tanqid ostiga olindi.
 
Bunday holatlar boshqa viloyatlarda ham qayd etilgan. Shu sababli Davlat soliq qo’mitasiga mahalliy byudjetga tushum prognozi bajarilmagan bir qator tuman va shahar soliq idoralar rahbarlarining lavozimiga loyiqligini tanqidiy ko’rib chiqish topshirildi.
 
Ma'lumki, O’zbekiston soliq siyosatini takomillashtirish kontseptsiyasining asosiy maqsadi soliq yukini teng taqsimlashdan iborat.
 
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, soliq islohotlarini samarali amalga oshirish uchun hukumat oldida juda ko’p vazifalar turibdi.
 
Jumladan, joriy yildan boshlab qo’shilgan qiymat solig’i to’lovchilari soni qariyb 5 baravarga oshgan. 
 
Qo’shilgan qiymat solig’ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari samarali toashkil etilmaganligi sababli ushbu tizimga yangi o’tgan 26 mingta korxonadan 9 mingtasi tegishli soliq hisobotlarini topshira olmagan.
 
Vazirlar Mahkamasi va Davlat soliq qo’mitasiga bir oy muddatda xalqaro ekspertlar bilan birga O’zbekistonda soliq islohotlarini amalga oshirishda vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo’yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.
 
Byudjet tushumlarini ta'minlashdagi asosiy to’siqlardan biri iqtisodiyotda norasmiy faoliyatning saqlnib qolinayotganidir.
 
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev bu boradagi ishlar natijalari mutlaqo qoniqarli emasligini ta'kidladi. Shu sababli bu borada qabul qilingan dasturiy choralarni jonlantirish topshirildi. 
 
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman hokimliklar bilan birgalikda faoliyatini to’xtatgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o’tkazish va ularga faoliyatini tiklashga ko’mak berish grafigini tasdiqlab, ijrosini ta'minlash topshirildi.
 
Ko’rinib turibdiki, joylarda hali ham mavjud imkoniyatlardan to’liq foydalanish choralari ko’rilmayapti.
 
Dastlabki hisob-kitoblarga ko’ra, yuqorida ta'kidlab o’tilgan muammolar o’z vaqtida bartaraf qilinsa, yil oxiriga qadar byudjetga qo’shimcha kamida 6 trillion so’m tushishini ta'minlash mumkin.
 
Jumladan, joriy yilning ikkinchi choragida Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida 200 milliard so’mdan, Qashqadaryoda 170 milliard so’m, Аndijonda 140 milliard so’m, Qoraqalpog’istonda 130 milliard, Farg’onada 100 milliard, Samarqand va Namanganda 80 milliard so’mdan, Jizzax, Surxondaryo, Sirdaryo va Xorazmda 60 milliard so’mdan, jami qariyb 2 trillion so’m byudjetga qo’shimcha mablag’ tushirish imkoniyati mavjud.
 
Shu bilan birga yig’ilishda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan choralar muhokama qilindi.
 
Bu borada ikkinchi chorakda o’tgan chorakka nisbatan 1,1 milliard dollarga ko’p eksportni amalga oshirish vazifasi turganligi ta'kidlandi.
 
Jumladan, aprelь-iyunь oylarida hokimliklar birinchi chorakka nisbatan 3 barobar ko’p meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta'minlashi zarur, deb ta'kidladi Prezidentimiz.
 
Davlatimiz rahbari bu borada ayrim soha va tarmoq mutasaddilar va hudud rahbarlarini mavjud imkoniyatlar to’liq ishga solinmayotgani uchun keskin tanqid qildi. 
Eksportbop mahsulotlar bo’yicha qanday ustunlik jihatlarimiz mavjud, qaysi hududda qanday mahsulot yetishtirish va qaerga eksport qilish bo’yicha qisqa muddatlarda amaliy takliflar ishlab chiqish topshirig’i berildi.
 
Eksport qilinayotgan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish, tovarlar uchun nazorat idoralaridan ruhsat olishni soddalashtirish bo’yicha qator vazifalar turibdi. Misol uchun, mamlakatimizda eksport hujjatlarini rasmiylashtirish 96 soat vaqt olsa, xorijda bunga 12 soatu 20 daqiqa ketadi, xolos.
 
Eksport uchun ruhsatnomalar berishda “Yagona darcha” tizimi to’liq ishga tushmagani oqibatida tadbirkorlar o’z mahsulotini eksport qilishga ruhsat olish uchun kamida 10 ta idoraga borishi lozim.
 
Shu sababli Vazirlar Mahkamasiga eksport-import operatsiyalariga ruhsat beruvchi idoralarni jalb qilgan holda tashqi faoliyat bilan bog’liq davlat xizmatlarini qamrab oluvchi “Yagona darcha” tizimini joriy etish topshirildi.
 
Davlat bojxona qo’mitasiga yappi pishiqchilik davrida bojxona postlarining o’tkazuvchanligini oshirish va tirbandlikka yo’l qo’ymaslik uchun tegishli choralar ko’rish vazifasi yuklatildi.
 
Prezidentimiz eksportbop qishloq xo’jaligi ekinlarini joylashtirish va mahsulot yetishtirishning prognoz hajmlari ijrosini to’liq ta'minlash lozimligini alohida ta'kidladi.
 
Bu borada eksport bozorlarida mamlakatimiz o’rnini mustahkamlash maqsadida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan G’allaorol, Zomin, Bulung’ur, Urgut, Qibray, Parkent, Oltiariq tumanlari va Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan qishloq xo’jaligi birlashmalari faoliyatini samarali yo’lga qo’yish zarur.
 
Shuningdek, “O’zdavkarantin” inspektsiyasiga gilos, o’rik, olcha kabi bozori chaqqon mevalarni xorijiy bozorlarga faol kirib borishini ta'minlash maqsadida, chet el karantin xizmatlari bilan o’zaro muhokamalar o’tkazib, bizning eksportchilariimiz uchun qulay sharoitlarni yaratish choralarini ko’rish topshirildi.
 
Transport-logistika harajatlarining yuqoriligi mamlakat eksport saolhiyatini oshirishga salbiy ta'sir ko’rsatayotgani ta'kidlandi. Ushbu masalani yechimi yo’lida birinchi qadam sifatida joriy yil fevralь oyida mamlakatga import qilinadigan vagonlar bojxona bojlaridan ozod qilindi.
 
Bu borada Transport vazirligiga meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirishda temir yo’l transportining imkoniyatlaridan keng foydalanish, “yagona darcha” tamoyili asosida soddalashtirilgan mexanizmni joriy etish yuklandi.
 
Bundan tashqari, yuk transporti parkini keskin oshirish uchun ishlab chiqarilganiga 4 yildan oshmagan transport vositalarini sotib olish uchun kreditlash tizimini joriy etish bo’yicha taklif kiritishga topshiriq berildi. 
 
Yig’ilishda har bir tarmoq va hudud rahbarining eksport tushumlari barqaror va o’z vaqtida kelib tushishi uchun shaxsiy javobgarligi belgilab qo’yildi.
 
Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech