20 May 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Bo‘sh vaqtda
16 Mart  2019 1435

Boskoplar — ulkan boshli qadimiy odamlar

Ular xuddi hozirgi odamlar singari ikki oyoqda harakatlanishgan, xuddi biz kabi bo‘y va tana tuzilishiga ega bo‘lishgan. Biroq Janubiy Afrika aholisi o‘rtasida ulkan bosh va bolalarnikiga o‘xshagan yuz tuzilishi bilan ajralib turishardi. Ular o‘zga sayyoralardan uchib kelishmagan va uzoq kelajakdan ham tashrif buyurishmagan. Boskoplar bir necha o‘n ming yillar davomida kurrai zaminimizda yashashgan va keyin kutilmaganda yo‘q bo‘lib ketishgan.

Olimlar boskoplar, deb nom bergan ushbu sirli mavjudotlar miyasining hajmi biznikiga qaraganda chorak marta kattaroq bo‘lganiga nima deysiz? Tadqiqot uchun juda hayratda qoldirar darajadagi mavzu, shunday emasmi? Bu, shubhasiz. Biroq mana, yarim asrdirki, boskoplar fan nazaridan biroz chetda qolgandi. O‘tgan asrning 1958-yilida antropologlar qazish ishlari paytida topilgan bu gominidlarga tegishli qoldiqlarda noodatiy narsaning o‘zi yo‘q, degan qarorga kelishgandi.

Ammo keyin yana boskoplar mavzusi jonlanib qolgandek go‘yo. Neyrofiziologiya bo‘yicha amerikalik taniqli mutaxassislar Gari Linch va Richard Greynjer «Katta miya: inson zakovatining paydo bo‘lishi va kelajagi» deb nomlangan kitobni chop etishdi. Kitob mualliflarining o‘z asarida keltirishlaricha, boskoplar miyasi hajmining kattaligi sababli hozirgi insonning qo‘lidan kelmaydigan layoqatlarga ega bo‘lishgan ekan. Bundan esa antropologlar darhol junbushga keldilar. To‘g‘ri-da, axir kitob mualliflari antropologiyadan mutlaqo bexabar va anchagina yiroq kishilar bo‘lsa. «Buning bari atlantlar to‘g‘risidagi afsonaga o‘xshaydi», deya yozadi Viskonsin-Medison universitetining antropologiya bo‘yicha professori Jon Xoks. Oradan ancha yillar o‘tib, boskoplar haqidagi mavzu yana yangi kuch bilan yuzaga qalqib chiqdi. Ammo bir qarashda bu o‘z kasbining ustalari va g‘oyat nozik sohaga «burnini tiqqan» havaskorlar o‘rtasidagi juda ko‘p chaynalgan gaplardan iborat o‘ziga xos «otishma»ga ham o‘xshab ketadi. Aslida esa bu yerda gap olimlarning miya evolyusiyasiga aniqlik kiritishga harakat qilishi hamda bosh chanog‘i o‘lchami uning ichidagi miya funksiyalariga ta’sir ko‘rsatadimi-yo‘qmi, degan eski savolga javob topish haqida ketmoqda. Boshqacha qilib aytganda — miya hajmi va zakovatlilik bir-biriga bog‘liqmi, degan savolga aniqlik kiritishda.

Boskoplarning haqiqatan ham, yer yuzida yashagani fan olamiga 1913-yilning kuzida ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda Porl-Elizabet (hozirgi JAR hududi) muzeyi direktori Frederik Fitssimonsga eski suyak qoldiqlarini keltirishgandi. Suyaklar topilgan Boskop shahri yaqinidagi joyda bo‘lib qaytgandan so‘ng Fitssimons qoldiqlar noproporsional va juda ulkan bosh chanog‘iga tegishli, degan qarorga keldi. O‘sha bosh chanog‘i Afrika hududlarida bundan 30 000 dan 10 000 yilgacha muqaddam yashagan odamga tegishli edi. Uning bo‘yi — 170 sm, miyasi hajmi — 1800—1900 sm3 (bu hozirgi inson miyasining o‘rtacha hajmidan 30 foiz ziyod degani) bo‘lgan. 1915-yilda esa Fitssimons «Nature» jurnalida mazkur topilmalari haqida ma’lumotni ham e’lon qilgandi.

Boskoplarning paydo bo‘lishiga qadar yer yuzida inson evolyusiyasi yakuniga yetgan bo‘lib, kurrai zaminda «Homo sapiens» («Aql-idrokli odam»)lar hukmronligi boshlangan, deb hisoblanadi. Biroq bir paytlar Keyptaunda faoliyat olib borgan paleontolog olim Robert Brum katta boshli odamlarni «Homo sapiens»larning (bu yerda Homo sapiens = so‘zma-so‘z «Burun odami», ya’ni Boskop joylashgan Sharqiy Kaps provinsiyasidagi joy ma’nosida ham. «Burun» esa a’zo ma’nosida emas) alohida guruhiga ajratishni taklif qildi. Dastlab, ular «boskop odami», «boskopoid» va oxir-oqibat «boskop», deb atala boshlangan. Keyinchalik boshqa qoldiqlar ham topilgach, ular ana shu guruhga mansub, deya qayd etildi.

Avstralopitekni kashf qilgan taniqli antropolog Raymond Dart 1923 yilda pildaun odami (Buyuk Britaniyadan topilgan qiyofasi maymunni eslatadigan odam qoldiqlari nazarda tutilmoqda. Darvoqye, keyinchalik uning soxta ekani aniqlangan) borasidagi bahs-munozaralarga o‘ralashib qolib, boskoplarga yetarlicha ahamiyat bermayotgan ilmiy hamjamiyatdan va Birinchi jahon urushidan zorlangandi. Dart topilmani batafsil tasvirlab, boskoplarning katta miyasi gidrotsefaliya (miya oraliqlari va orqa miya kanalida suyuqlikning keragidan ortiqcha to‘planishi bilan kechadigan kasallik) natijasi emasligini isbotlab bergan ham. Bunday odamlar uchun ulkan bosh — biror nuqson yoki kasallik emas, balki odatiy me’yor bo‘lgan. Biroq shuncha urinishlarga qaramay, boskoplarni yana unutib qo‘yishdi.

Keyingi safar esa boskoplarni 1958-yilda esga oldilar. Bir emas, ikki marta! Essenavis Loren Ayzli boskoplar haqida zavq-shavq bilan «Kelajak odami», deb nomlangan esseni yozgan bo‘lsa, antropolog Ronald Singer hech bir zavq-shavqsiz ularni «ko‘mib tashlashga» urinib ko‘rdi. Singerning o‘z maqolasida keltirishicha, xuddi Brum kabi boskoplarni alohida guruhga ajratishga va boz ustiga ularni «boskop irqi» deb atashga hech qanday asos yo‘q. Singerning fikricha, kalla suyaklarini «boskop»lar gurhiga ajratishda zaruriy mezonlarga amal qilinmagan, ya’ni ushbu guruhga uchragan barcha katta va eski kalla suyaklari kiritilavergan.

Singerning maqolasi chop etilgandan so‘ng, Linch va Greynjerlarning kitobi chiqqunga qadar, boskoplarni yana 50 yil unutib qo‘yishdi.

— Men boskoplar haqida ilk bor bundan 40 yil oldin eshitganman, — deydi Linch. — O‘shanda Ayzlining kitobidan keltirilgan parcha butunlay xayolimni o‘g‘irlagandi.

Xullas, Ayzlining kitobi Linch va Greynjerlarning kitobidagi adabiyotlar ro‘yxatidan o‘rin olgan bo‘lsa, Singerga bunday «hurmat» ko‘rsatilmagan. Biroq uning maqolasi Brum va Dartlarning ilmiy ishlaridan keltirilgan iqtiboslar bilan to‘la edi.

Miya haqidagi fan bo‘yicha mutaxassislarning o‘zini boshqa sohaga urishi antropologlar o‘rtasida g‘azablanish hissini uyg‘otdi. Hyech narsa, yangi turlarga ajratish va olam tuzilishidagi silliq ko‘rinishni buzishdiek ularning g‘ashiga tegmaydi. Bundan o‘n besh yillar muqaddam Gruziyadagi Dmanisi, degan joydan chiqqan dastlabki topilmalarni o‘rgangan gruziyalik olimlar yer yuzida bundan 1,8 mln. yil muqaddam yashagan yangi odam turi kashf qilindi, degan qarorga kelishdi. Unga esa joy nomidan kelib chiqqan holda «Homo georgicus» deya nom ham berildi. Bilasizmi, bu darhol fan olamida kulgiga sabab bo‘ldi. Endi esa olimlar Linch va Greynjerlarni tanqid qilishmoqda. Berklidagi Kaliforniya universitetining taniqli olimi Tim Uaytning tasdiqlashicha, boskop turi haqida hatto, gapirish ham o‘rinsiz ekan. Neyrofiziologlarni o‘z saytida qattiq tanqid ostiga olgan olim Jon Xoks esa asarni o‘qib chiqmaganini tan olgan holda kitobdagi nashriyot annotatsiyasining o‘ziyoq unda kuchli norozilik uyg‘otganini ta’kidlaydi.

Xoksning ta’kidlashicha, «boskop irqi» borasidagi barcha farazlarni bir paytlar Ronald Singer to‘zg‘itib yuborgan. Uning fikricha, Boskop yaqinidagi qazilmalar chog‘i topilgan ashyolar — bu bor-yo‘g‘i hozirgi Janubiy Afrikada yashovchi bushmenlar va gottentotlarni birlashtiruvchi koysans irqi vakillarining ulkan bosh chanoqlari emish. «Ular hech qayoqqa yo‘qolib ham ketishmagan, ular haliyam biz bilan birga», deydi olim.

— Xoksning mulohazalari juda bema’ni tuyuladi, — deydi xafa bo‘lib Linch.

— Kitobda hech qanday «boskop irqi»ni tilga olmaganmiz, hatto, — hammuallifining fikrini quvvatlaydi Greynjer. — Biror joyda boskoplarning qandaydir yangi turga mansubligi haqida ham hech nima deyilmagan. Kitobda nafaqat boskoplarning bosh chanoqlari, balki ko‘plab, 10 ming yoshga teng kalla suyaklariga e’tibor qaratilgan. Boskoplarniki esa ular orasida eng katta bosh suyaklaridir. Shu bois ham, tabiiyki, biz, ularga ko‘proq e’tibor qaratganmiz. Fikrlarimiz, albatta, dadilona va nazariy tahlil uchun juda qiziqarli bo‘lishiga shubha yo‘q.

Tan olish ham kerak, mualliflar keltirgan fikrlar haqiqatan ham dadilona. Unga ko‘ra, biz, gavdasini tik tutib yuradigan va miyasining hajmi biznikidan 350 sm3 kam bo‘lgan odam, «Homo erectus»dan ancha aqlliroq bo‘lsak, miyasining hajmi biznikidan 400 sm3 ziyodroq keladigan boskoplar ham bizdan shuncha aqlliroq bo‘lishgan.

— Miyani vizuallashtirish hamda miya hajmi va IQ (zakovatlilik koeffitsienti) o‘rtasida ba’zi bog‘likliklar mavjudligi borasida yangi-yangi tadqiqotlar ko‘paymoqda, — deydi Gari Linch.

Kitob mualliflari, juda ektiyotkorlik bilan, boskoplarning aqliy rivojlanish koeffitsienti o‘rtacha 149 ga teng bo‘lgan, degan taxminni ilgari surishgan. Hozirgi odamda bu o‘rtacha 100 ni tashkil qiladi, deya hisoblanadi.

Ammo Ilmiy-tadqiqot instituti va MDU Antropologiya muzeyi direktori Aleksandra Bujilovaning tasdiqlashicha, miya hajmi, og‘irligi yoki o‘lchamiga asoslanib, zakovatlilik darajasi haqida gapirish mumkin emas.

— Sodda misollarni eslang: Anatol Frans va Ivan Turgenev, — deydi u, — birinchisining miyasi juda kichkina bo‘lgan, ikkinchisida esa juda katta edi. Faqat Bayronning miyasidan kichikroq bo‘lgan, xolos. Shunga qaramasdan, ularning har birida zakovatlilik darajasi o‘ta yuqori bo‘lgan.

Linch va Greynjer o‘z pozitsiyasini tasdiqlash uchun boskoplar va zamonaviy odamning miyalaridagi farq faqatgina ularning umumiy hajmi bilan cheklanmagan, deya keltiradilar. Boskoplarda miyaning peshona qismi juda kuchli rivojlangan va uning hajmi hozirgi odamnikidan bir yarim baravar katta bo‘lgan ham. Intellektual faoliyatning kattagina qismi, aynan, miyaning shu sohasiga to‘g‘ri keladi.

Mualliflarning farazicha, primatlar (sutemizuvchilar sinfining eng yuqori turkumi — odamlar, maymunlar)da miya po‘stlog‘ining kattalashuvi birinchi navbatda miya po‘stlog‘ining assotsiativ sohalariga tegishli bo‘ladi. Ularda «tasodifiy kirish tarmog‘i», deb nomlanuvchi alohida ko‘rinishdagi neyronlar tarmog‘i mavjud. Linch va Greynjerlar bunday tarmoqlar xatti-harakatining kompyuterdagi modelidan foydalanib, boskoplar va hozirgi odamning fikrlash qobiliyatidagi farqlar nimada ekanini taxmin qilishga erishishgan.

Birinchidan, boskoplarda bittagina «fikr»ning o‘zidayoq ko‘p axborot mavjud bo‘lgan. Istalgan fikriy obraz juda ko‘p detallardan tashkil topadi: masalan, uchrashuvda necha kishi ishtirok etmoqda, qaerdadir orqa tarafda qanday tovushlar eshitilyapti, atrofda qanday ranglar mavjud? Anglaganingizdek, boskoplarning xotirotlar olami ham juda boy bo‘lganiga shubha yo‘q. Hozirgi odam, deylik, biror manzaraning faqat ba’zi lavhalarinigina eslab qolishi mumkin. Boskoplar esa o‘sha manzaraga qo‘shib, turli tovushlar va hidlarni ham eslab qola olganligiga kitob mualliflarining ishonchi komil.

Ikkinchidan, boskoplarning neyron tarmog‘i ancha rivojlanganligi sababli assotsiatsiyalar borasidagi imkoniyatlari ham juda yuqori bo‘lgan. Ular hodisalar va faktlar orasidagi bog‘liqlikni ham tushuna olishgan. Buni xozirgi odamning uddalay olishi juda-juda qiyin. Lekin ana shunday yaqqol ko‘zga tashlanmaydigan bog‘liqlikni ilg‘ay olish ham juda muhim.

— Isaak Nyutonning olmaning yerga tushishini gravitatsiya hodisasi bilan qanday bog‘lay olganini bir eslab ko‘ring, — deydi Linch.

Uchinchidan, boskoplar bir necha axborotlar oqimi bilan parallel ravishda ishlay olishgan.

— Kengaygan miya tarmoqlari bir vaqtning o‘zida suhbatlashish bilan parallel ravishda boshqa topshiriq haqida bosh qotirish imkonini bergan, — deya o‘z taxminini o‘rtaga tashlaydi Linch. Boskoplar o‘ta murakkab va yechimlari behisob ko‘p bo‘lgan masalalarni ham tahlil qila olganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Ularda eski xotiralar daxlsiz qolgan: boskoplar zarur paytda o‘zini ancha yoshlik davriga «sozlay» ham olishgan. Zamonaviy kishi esa bunday ishni deyarli amalga oshira olmaydi.

— Bu yerda ilgari surilgan taxminlar juda qiziq. Haqiqatan ham, katta hajmdagi miyaning qanday imkoniyatlarni ato etishini tushunish juda muhim ish, — deydi Sietldagi Vashington universiteti neyrofiziologi Uilyam Kelvin.

Bu yerda faqat bir narsa tushunarsiz qolmoqda. Mualliflarning ta’kidlashlaricha, bemalol she’rlar yozish yoki shoh musiqiy asarlar yaratish imkoniyatiga ega bo‘lgan odamlar nima uchun yer yuzida 20 000 yilcha yashab, yo‘q bo‘lib ketishgan. Yanayam to‘g‘rirog‘i, nega ularning avlodlari o‘zlarining katta miyalari bilan maqtana olmaydilar. Ehtimol, bunday katta miya uchun juda ko‘p quvvat zarur bo‘lib, ularning yegan yemishi bunday imkoniyatni bera olmagandir? Balki ana shunday katta kallaga ega farzandni dunyoga keltirish favqulodda qiyin bo‘lgandir? Kim bilsin, ular bunday miyadan unumli foydalanish mumkin bo‘lgan davrlardan ancha ilgariroq paydo bo‘lishgandir? Bunda «tashqi ilm tashuvchi omillar» va zakovatlilik darajasini yetarlicha qo‘llash mumkin bo‘lgan madaniyat nazarda tutilmoqda. Boskoplarni sinchiklab o‘rgangan antropologlar esa ularning bunday katta bosh chanog‘iga egaligiga qaramay, yuz tuzilishi bolalarniki kabi kichkina bo‘lgan, degan xulosaga kelishgan. Bunday hodisa natijasida, to‘g‘rirog‘i, katta yoshdagi kishilarning bolalarnikiga o‘xshagan chehralarga ega bo‘lishi ba’zida juda tezkorlik bilan kechuvchi evolyusion o‘zgarishlarga sabab bo‘larkan.

— Ehtimol, tabiatning o‘zi boskoplarda miya evolyusiyasining variantlaridan birini sinab ko‘rgandir, — deb hisoblaydi biologiya fanlari doktori, Inson morfologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti embriologiya bo‘limi rahbari Sergey Savelev. — Biroq bu urinish boshdanoq muvaffaqiyatsizlikka uchrashga mahkum bo‘lgan. Bunday miya uchun juda ko‘p quvvat sarflanishi tabiiy va o‘sha davrlarda juda kam afzalliklarga ega bo‘lgan. Joriy masalalarni hal etish uchun bizga, ya’ni hozirgi odamlarga, ayni damda ana shunday hajmdagi miyaning o‘zi yetarli.

Kitob mualliflarining o‘zlari esa xuddi hamkasblari-antropologlar ustidan mazax qilgandek, ulkan kallali gominidlarning qirilib ketishi borasida o‘z taxminlarini ilgari suradilar. Boskoplar aynan, o‘zlarining juda yuqori tahliliy qobiliyatlari sababli ham yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lishi mumkin ekan. O‘z rivojlanishi davrida kelgusida o‘zlarini nimalar kutayotgani bilan bog‘liq behisob yechimlarni tahlil qilib, hisoblab ko‘rishgan va kelajakda o‘zlarini biror yaxshi narsa kutmayotganini anglagach, yashash uchun kurashni to‘xtatishgan.

Kim bilsin, vaqti kelib bu kabi savollarga ham javob topilar.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech