27 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,4 °C

Mamlakatimizda
12 Mart  2019 2382

Nolegal taksichilar bilan rosmana kurash qachon boshlanadi?

«Toshkent» xalqaro aeroportida nolegal taksichilarga kim ham to‘qnash kelmagan. Bu fuqarolarga yo‘lovchilarni tashish bilan noqonuniy, litsenziyasiz shug‘ullanish eng kam ish haqining 20 baravaridan 100 baravarigacha (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 1763-moddasi) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi keltirilganiga qaramay. Boz ustiga bu yerda har bir nolegal taksichilarning shaxsini aniqlash imkonini beruvchi kameralar ham o‘rnatilgan.

 

Nolegal taksichilar haliyam bor-yo‘qligiga o‘z ko‘zlarimiz bilan ishonch hosil qilishga, bunga yana yo‘ldosh muammo: sayyohlarni aldab, narxlarni oshirishyaptimi-yo‘qmi aniqlik kiritish uchun aeroportning o‘zida tajriba o‘tkazishga qaror qildik.

Yakshanba kuni kunning ikkinchi yarmida belgilangan manzilga yo‘l oldik. Aviareyslar ichida eng tez keladigani Moskvadan parvoz qilgan va Toshkent vaqti bilan 17:05 da qo‘nadigan samolyot bo‘ldi. Samolyotdan tushgan yo‘lovchilar esa o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan ikkinchi terminaldan chiqarkan.

Nolegal taksichilarni aniqlab olish qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. Ular uchib kelgan sayyohlaru vatandoshlarimiz chiqib keladigan yo‘lakchaning o‘zida mijozlarni kutishardi. Uchib kelgan yo‘lovchilar ko‘ringach, xiyla nariroqda turgan rasmiy taksichilardan farqli o‘laroq, nolegal taksichilar (oddiy tilda ularni «bombila», deyishadi) jonlanib qolishdi.

Bundan bir yil muqaddam o‘tkazilgan matbuot anjumanida vakolatli idoralar vakillari ushbu masala borasida «tez orada tartib o‘rnatiladi», deyishgandi. Ammo yetarlicha vaqt o‘tganiga qaramay, ular aytgan «tartib»dan hamon darak yo‘q. Afsuslanarli tomoni, bu vatanimizga uchib kelganlarda, yumshoqroq aytganda, uncha ijobiy taassurot qoldirmaydi. Buning yana bir tushunarsiz tomoni ham bor - rasmiy, qonuniy taksichilarning passivligi. Xuddi oldindan belgilangan kelishuv bo‘yicha ishlashayotgandek. Ular ketishga ulgurmaganlar yoniga kelib, juda katta narxlarda eltib qo‘yishni taklif etishadi.

Masalan, shahar doirasidagi narx 60 ming so‘mdan boshlanarkan. Bu summaga shaxsiy mashinangizda Toshkentdan Chorvoqqacha borib-kelish mumkin...

Bunga yana qo‘shimcha tarzda aytish kerakki, bunday taksichilar sarroflik ham qiladi: dollarlar va boshqa xorijiy pullarni so‘mga almashtirishadi. Buyam nolegal, noqonuniy.

Aytish joizki, bir paytlar AQShda ham litsenziyasiz taksilar muammosiga duch kelishgan, ayniqsa, bundan Nyu-York tuzukkina aziyat chekkan. Xuddi bizdagi kabi Jon Kennedi xalqaro aeroportida nolegal taksichilar kuymalanib yurishardi. Ish shu darajaga yetib borgandiki, taksichilar hali tajribasiz sayyohlardan 50 o‘rniga 200 dollar so‘rashardi.

Nyu-York ma’muriyati bunday vaziyat nafaqat shahar nufuziga, balki iqtisodiyotga ham putur yetkazadi, degan fikrga kelishdi. To‘g‘ri-da, ilgari boplab aldashgan yerga kimning ham borgisi kelardi?.. Shu bois ham aeroport hududiga firibgarlarga duch kelib qolish mumkinligi haqida ogohlantirish hamda faqat sariq shashkali rasmiy va qonuniy taksiga buyurtma berish lozimligi yozilgan plakatlarni o‘rnatib chiqishgan. Yo‘lovchilarni tashish qoidasini buzganlik uchun jarimalar miqdori ko‘p martaga oshirildi va hatto, qamoqqa olishgacha choralar belgilandi. Hozirda havo bandargohida tartibni dispetcherlar nazorat qiladi. Taksichilar ham halol ishlashga o‘tishgan.

Ana shu xorijiy tajribani, hech bo‘lmaganda ayrim tomonlarini, qo‘llash va o‘zimizga moslashtirishga nima xalaqit beradi? Davlatimiz rahbari yurtimizga sayyohlarni imkon qadar ko‘proq jalb etish to‘g‘risida ko‘p gapiradi. Buni sifatli xizmat ko‘rsatishsiz, ishga vijdonlilik va halollik bilan yondashuvsiz amalga oshirib bo‘lmasligi turgan gap.

 Konstantin Bashlayev.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech