22 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +4,6 °C

Kеyingi avlod
25 Dekabr  2018 1603

Bolani kim tarbiyalashi kerak?

Barcha zamonlarda yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratib kelingan va bu davlat siyosatning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri qilib belgilangan. Jumladan, O‘zbekistonda ham. Chunki jamiyatimizning ertangi kuni farzandlarimizning yuksak darajadagi ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqiga bog‘liq. Ulug‘ vatandoshimiz Abdulla Avloniy: “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo halokat, yo saodat masalasidir”, deganida qanchalik haq edi.

Xalq deputatlari Olmazor tuman kengashidagi O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasidan saylangan deputat, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Zamira Azimboeva tashabbusi bilan tumandagi 28-sonli maktabda “Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot...” mavzusida ota-onalar ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan majlis bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning 15-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzuidagi anjumanda yosh avlod tarbiyasi haqida alohida to‘xtalib shunday degan edi:  “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”.

Bugun tirikchilik tashvishida farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratmayapmiz. Ko‘pchilik ota-onalar ro‘zg‘or ilinjida ertalabdan kechgacha ko‘chada bo‘ladi. Uyda o‘tirgan ba’zi onalarimiz esa serial ko‘rishdan bo‘shamayapti. Bolalar o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Farzandlarimiz biron ayb ish qilib qo‘ysa, tezda maktabga chopamiz va uyalmay o‘qituvchini ayblaymiz. O‘qituvchi bolalarning ta’limi uchun javobgar. Ammo bola maktabga kelguniga qadar tarbiyani oilasidan, ota-onasidan olib bo‘ladi-ku! Konstitutsiyamizda ham bolaning tarbiyasiga ota-ona javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Tadbirda ota-onalar, mahalla faollari va posbonlari bolaga yetti qo‘shni ota-ona ekanligini qayd etdi. Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda maktab va oila birlashishi lozimligini, buning uchun “Ustoz — otangdek ulug‘’ tamoyili asosida ish yuritish kerakligini ta’kidlashdi. Majlis ishtirokchilari bunday uchrashuvlarni muntazam o‘tkazishga kelishib oldi.

E’tiborlisi, bunday majlisni tumandagi barcha maktablarda o‘tkazish belgilangan va unda tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlari ham bevosita ishtirok etadi. Odatda ota-onalar majlisi maktab direktori yoki sinf rahbarlari ishtirokida o‘tishiga ko‘nikib qolganmiz va samarasi ham shunga yarasha bo‘layotgan edi. Demak, Olmazor tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbusni boshqa tumanlarda ham ommalashtirish kerak. Zero, amaliy natijasi ham yanada samarali bo‘lishi tayin.

Asilabonu Hamzaeva

www.lostwithpurpose.com surati

 
 
 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech