01 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +34,9 °C

Agrosеktor
9 Aprel  2020 481

Bir gektardan 45 ming dollar topmoqchimisiz?

unda golubika yetishtiring

Mutaxassislarning hisob-kitobiga koʻra, 1 gektar suvli maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yongʻoqdan 5 baravar koʻp daromad olish imkoniyati mavjud. Prezidentimizning 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining ijrosi mana shu imkoniyatni kengaytirib, meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmini kes­kin koʻpaytirishga keng yoʻl ochadi.

Bugun mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida kechayotgan ijobiy oʻzgarishlar xorijiy davlatlar bozorlarida Oʻzbekistonning eksportyor sifatidagi mavqeini tobora mus­tahkamlamoqda. Masalan, oʻtgan yili mamlakatimizdan jami 1 million 616 ming tonna yoki qiymati 1 milliard 400 ming AQSH dollariga teng meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Prezidentimiz tomonidan 2023-yilga borib Oʻzbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilish hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish topshirigʻi berilgan.

Eksport hajmini oshirish uchun esa meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8–10 foiz koʻpaytirish va qoʻshimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish zarur. Shu bois, xorijiy importyor davlatlar xalqlari suyib isteʼmol qiladigan noanʼanaviy eksportbop meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishni yoʻlga qoʻyishimiz lozim. Ushbu noanʼanaviy rezavor mevalardan biri golubikadir.

EastFruit portali tahlilchilarining bildirishicha, Oʻzbekistonda golubika mevasini yetishtirish jozibador va daromadli biznesga aylanishi mumkin. Golubika juda ham foydali va mazali rezavor meva, tarkibida koʻp miqdorda qimmatbaho vitamin va minerallar mavjud. Buta koʻrinishidagi bu oʻsimlikni iqlimi mos davlatlarda sanoat miqyosida ekish hozirgi kunda daromadli bizneslardan hisoblanadi.

Tahlilchilar golubika mevalari poytaxtimizdagi supermarketlarda ham paydo boʻlganini taʼkidlashadi. Ushbu supermarketlarda sotilayotgan golubika mevasining chakana narxi Ukraina yoki Polshada eng yuqori boʻlgan narxlar bilan taqqoslanganda xaridorni “tishlab oladi”.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda golubika mevasining oʻrtacha narxi 125 gramm uchun 71 ming soʻmni tashkil etadi, yaʼni har bir kilogrami uchun 568 ming soʻm yoki hozirgi kurs boʻyicha 59 AQSH dollari atrofida. Taqqoslash uchun, Ukrainada shu kunlarda golubika mevasining chakana narxi ancha past boʻlib, 1 kg. uchun 9 dan 15 dollargacha.

Golubika koʻchatlari buta shaklida, balandligi bir metr atrofida boʻladi. Mevalarining bahosi, fasl omiliga qarab, har bir kilogrami uchun 3 dollardan 10 dollargacha oʻzgarib turadi. Olti yil parvarishlangandan keyin golubikaning hosildorligi har bir tupga 5 kg.gacha yetadi.

Bir gektar maydonga kamida 3000 tup buta ekiladi. Besh-olti yildan keyin bir mavsumda gektaridan 15000 kg. atrofida golubika mevasini yigʻib olish orqali ulgurji narxini taxminan kamida 3 dollardan hisoblaganda bir mavsumga har gektar maydondan 45 ming dollar daromad qilish mumkin.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti maslahatchisi Baxtiyor Abduvohidovning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistondagi ulgurji savdoda golubika mevasi yoʻq va hech kim bu mevani soʻramaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan fotosuratlarda bezatilgan toʻy dasturxonlaridan golubika mevalari ham joy olgani koʻzga tashlanadi. Bu esa mazkur meva xalq isteʼmoliga kirib borayotganini, yaqin kelajakda unga ehtiyoj ortishi mumkinligini bildiradi.

Golubika mevasi jahon bozorida eng qimmat rezavorlardan biri ekani inobatga olinsa, logistikaning qimmatligi uni Oʻzbekistondan bosh­qa mamlakatlar bozorlariga yetkazib berishda qiyinchilik tugʻdirmasligi kerak.

—Oʻzbekistonning iqlimi va golubikani yetishtirish davri Ispaniyaniki bilan uygʻun, — deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti investitsiyalar departamenti iqtisodchisi Andrey Yarmak. — Biroq Ispaniya bilan taqqoslaganda Oʻzbekistonda ishchi kuchi nisbatan arzon. Bu esa mazkur mevani yetishtirishda mamlakatning Yevropa davlatlari bilan raqobatlashishigaimkon beradi. Oʻzbekistonda yetishtiriladigan golubika mevasini Osiyo mamlakatlari — Xitoy, Gonkong, Singapur, Malayziya, Vyetnam bozorlariga yetkazish koʻpchilik uchun qiziq boʻlishi mumkin.

Chindan ham Oʻzbekistonda golubika mevasini qoʻlda yigʻib olish uchun ishchi kuchi yetarli. Shu bois, qishloq aholisida ushbu rezavorlarni ancha yuqori narxlarga sotish orqali katta daromad olish imkoni paydo boʻladi.

EastFruit portali bashoratiga koʻra, Oʻzbekistonda golubika yetishtirish hozirgi kunda yurtimizda eng qimmat boʻlgan gilos yetishtirishdan ham jozibali va daromadli biznesga aylanishi shubhasiz.

N.Mirabdullayev,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va
tomorqa yer egalari kengashi boʻlim boshligʻi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech