09 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,6 °C

Ijtimoiy hayot
24 Mart  2020 357

Behzod Musayev: Narx-navo oshmasligi taʼminlanadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishda koronavirus taʼsiri eng yuqori boʻlgan iqtisodiyot tarmoqlariga soliq taʼtillari va kredit qarzlari boʻyicha imtiyozlar berish, byudjet ssudalari ajratish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Prezidentimiz joriy yil 19-mart kuni “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Mazkur hujjatda Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan mamlakatda koronavirus (COVID – 19) epidemiyasining tarqalishiga qarshi karantin munosabati bilan jismoniy shaxslar va korxonalar uchun bir qator soliq imtiyozlari va yengilliklar tasdiqlandi.

Xususan, 2020-yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning minimal bazaviy summasi (223 ming soʻm) 50 foizgacha kamaytirildi. Bu 239 ming yakka tartibdagi tadbirkorga 155 milliard soʻm mablagʻini tejash imkoniyatini beradi.

Tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlariga faoliyati toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita turizm sohasiga bogʻliq boʻlgan 3 ming 167 yakka tartibdagi tadbirkor uchun daromad soligʻining qatʼiy belgilangan miqdorini 30 foizga kamaytirish tavsiya etildi. Shu tariqa bu tadbirkorlar hisobida 2,3 milliard soʻm qoladi.

Jismoniy shaxslarning 2019-yil uchun jami yillik daromadi toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirish muddati 2020-yil 1-avgustgacha hamda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soligʻini toʻlash muddati 2020-yil 15-oktyabrgacha uzaytirildi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari boʻyicha 7,3 million fuqaroga 2020-yil uchun 2 trillion soʻm soliqlar hisoblangan edi. Bu soliqlarning 15-aprelgacha toʻlanishi kerak boʻlgan 1 trillion soʻmga teng qismi muddati ham 15-oktyabrga qadar uzaytirildi.

2020-yil 1-apreldan xayriya tashkilotlaridan moddiy naf tarzida olinadigan jismoniy shaxslarning daromadlari soliqdan ozod qilindi. Bu oʻrtacha 28,4 milliard soʻmni tashkil etadi.

Joriy yil 1-apreldan 1-oktyabrgacha alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi korxonalarning ajratmalari 5 foizdan 3 foizga pasaytirildi. Shu bilan birga, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yigʻimlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytirildi. Ushbu imtiyozlardan 7 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti foydalanib, ular ixtiyorida 17,1 milliard soʻm qoladi.

Mazkur hujjatga muvofiq qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish uchun foydalaniladigan hajmlar boʻyicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020-yilda oʻrnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytirildi. Bu imtiyozdan 83 mingta fermer xoʻjaligi foydalanib, ularga suv soligʻidan belgilangan 300 milliard soʻmlik toʻlovlar oʻrniga 150 milliard soʻm toʻlash yoki ixtiyorida shuncha mablagʻlarni tejab qolish imkoniyatini beradi. Bu mamlakatimizda kelgusida yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining narxi oshmasligi uchun zamin boʻladi, albatta.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari tadbirkorlik subyektlariga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni toʻlash boʻyicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish imkoniyatini (boʻlib-boʻlib toʻlash) taqdim etdi. Bundan 14 ming 828 subyekt foydalanishi mumkin.

Bundan tashqari, baʼzi tadbirkorlar tovar, turli uskunalar olish uchun chet eldagi hamkorlariga mablagʻ yoʻnaltirgan, lekin koronavirus bilan bogʻliq vaziyat tufayli mahsulot oʻz vaqtida yetib kelmagan boʻlishi mumkin. Endilikda Prezident farmoni bilan bunday vaziyatda qoʻllaniladigan moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi. Bu dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 813 subyektga 717,2 milliard soʻm moliyaviy jarimalar qoʻllanilmaydi, degani.

Davlat soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha penyalarni hisoblashni toʻxtatib turadi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralari koʻrilmaydi.

Prezidentimizning 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan 2018-2019-yillarda tadbirkorlik subyektlarida hujjatli tekshirishlarni oʻtkazmaslik toʻgʻrisida moratoriy eʼlon qilingan edi. Shu moratoriy bir yilga – joriy yil yakuniga qadar uzaytirildi. Shuningdek hozirgi kunda tadbirkorlik subyekti qiyinchilikka uchrayotgan boʻlsa, ularga soliqlar va asosiy toʻlovlarni uzaytirish huquqi berildi. Shu bilan birga hech qanday jarima choralari qoʻllanilmaydi.

Prezidentimizning topshirigʻiga koʻra har bir tadbirkor bilan yangicha tizim asosida ishlaymiz. Toki tadbirkorlik subyekti bugungi vaziyatda biznes qilishdan qoʻrqmasligi, Prezident himoyasida ekanini sezishi kerak.
Shuningdek, soliq organlari soliq toʻlovchilarga majburiyatlarini uylaridan chiqmagan holda bajarishlari uchun masofadan turib xizmat koʻrsatishni koʻpaytirmoqda. Mavjud 45 ta interaktiv xizmatning zudlik bilan mobil ilovalari yaratildi va soliq hisobotlarini topshirishdan tortib, toʻlovlarni amalga oshirishgacha imkoniyat mavjud.

Bugungi ogʻir sharoitda davlat oʻqituvchilar, tibbiyot xodimlari, maktabgacha tarbiya, ichki ishlar va boshqa davlat idoralari xodimlarining oʻz vaqtida maoshlarini toʻlab berishi, nafaqalar hamda pensiya toʻlovlarini amalga oshirishi uchun soliq tushumlarining oʻrni katta va fuqarolarimiz, tadbirkorlarimizni uyidan turib, yaratilgan qulayliklardan foydalangan holda soliq majburiyatlarini vaqtida bajarishga chaqirib qolamiz.

Behzod Musayev,
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi.

OʻzA.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech