26 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,4 °C

Mamlakatimizda
28 Yanvar  2019 1193

Barcha kuch va imkoniyatlar aholi muammolarini hal qilishga qaratilmog‘i lozim

Mamlakatimiz rahbarining 2019-yil 17-yanvardagi “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan aholi muammolari bilan ishlash tizimida yangi sifat bosqichi boshlandi. Mazkur farmonga muvofiq 2019-yil 1-fevraldan Xalq qabulxonalarining aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha amaldagi tizimi bilan bir qatorda Xalq qabulxonalarining muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishini, davlat organlarining aholi bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangi tizim joriy qilindi.

Har qanday islohotning amaliyotga samarali joriy qilinishi, birinchi navbatda, kadrlar salohiyati va malakasini doimiy oshirib borish bilan bog‘liq. Shu bois ham mamlakatimiz rahbari farmonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birga Xalq qabulxonalari xodimlari uchun maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish vazifasi belgilangan edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish o‘quv kurslari davlatimiz rahbari farmonida belgilangan ana shu muhim vazifaning ijrosi bo‘lish bilan birga Xalq qabulxonalari instituti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishdagi yana bir muhim qadamdir.

Malaka oshirish kurslari 5 kunlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlaridan iborat bo‘lib, unda Prezident Administratsiyasining mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha Xalq qabulxonalarining mudirlari 10 ta guruhga bo‘lingan holda o‘z bilim va malakasini oshirmoqda. Malaka oshirish kurslarida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, aholi muammolari bilan ishlash tizimini va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy riaojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari, uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa ob’ektlarni o‘rganish tartibi, “Hudud” axborot tizimini qo‘llash choralari kabi turli mavzular keng o‘rganilmoqda. Mashg‘ulotlarda “aqliy hujum”, kichik guruhlarda ishlash, jamoaviy muhokama, taqdimot kabi interfaol usullardan foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joyida hal qilish imkoni bor muammolarga o‘rganishlar jarayonining o‘zida yechim topilsa, ma’lum vaqt va mablag‘ talab qiladigan masalalar bir tizimda jamlansa – nafaqat aholining murojaatlari, shikoyat va arizalari keskin kamayadi, balki islohotlarning samaradorligi ham oshadi, xalqimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashiga erishiladi. Buning uchun har bir hududdagi kuch-imkoniyatlar birlashtirilishi, aholi muammolarini o‘rganish va amalda hal qilishga safarbar qilinishi lozim.

Shu bois ham o‘quv kurslarida Xalq qabulxonalari faoliyatini yangicha asosda tashkil etish, ularning sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, ishchi guruh – jamoani shakllantirish va uning samarali ishlashini tashkil qilish, taym-menejmentni amalda qo‘llash – har bir soniyadan unumli foydalanish, aholi muammolari bilan ishlash uchun har tomonlama kuchli tayyorlanish, aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish usullari kabi mavzularga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlardagi Xalq qabulxonalarida o‘tkaziladigan sayyor o‘quv mashg‘ulotlari bilan esa bu borada nazariya va amaliyot uyg‘unligiga erishiladi.

Malaka oshirish kursining ilk mashg‘ulotida ta’kidlanganidek, bundan buyon davlat organlari Xalq qabulxonalari boshchiligida o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududlarda mahallama-mahalla, ko‘chama-ko‘cha, uyma-uy yurib, har bir xonadon, har bir oila muammolarini o‘rganib, ularni hal qilish choralarini ko‘radi. “Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal” deganlaridek, muammo haqida kimdir murojaat qilib kelishini kutib o‘tirmasdan, xalq ichiga, odamlar orasiga chuqur kirib borib, ular duch kelayotgan muammolarni erta aniqlab, hal qilish yangi tizimdan ko‘zlangan bosh maqsad hisoblanadi.

Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari tinglovchilari Olmazor tumani 3-sektor shtabida ishlarning tashkil etilishi yuzasidan sayyor amaliy seminarda ham ishtirok etdilar. Seminarda aholi murojaatlari bilan ishlashning sektorlarda yo‘lga qo‘yilgan vertikal mexanizmi, eng chekka hududlarda uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganish, hududlarda aniqlangan muammolarni hal qilish bo‘yicha ishlarni tashkil qilish kabi mavzular Olmazor tumani 3-sektor shtabi faoliyati misolida o‘rganildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga ko‘tarishi barobarida islohotlar ta’sirchanligini yanada oshirishga, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lishi uchun yanada keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi. Asosiy maqsad – aholi muammolarini to‘liq qamrab olish, ularga tezkor, samarali va hayotiy yechim topish, xalqimiz o‘z hayotida ijobiy o‘zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko‘rishiga erishishdan iborat.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech