28 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,4 °C

Moliya
28 Iyun  2020 948

Bank sohasida Polsha bilan hamkorlik kengayadi

Polshani moliya institutlari Oʻzbekiston bank-moliya tizimining takomillashuvini yuqori baholadilar.

Oʻzbekistonning Polshadagi elchisi Bahrom Boboyev ushbu mamlakatning qator yetakchi moliya institutlari – “ING Bank Śląski”, “Pekao Bank”, “PKO Bank” va “Bank Zachodni WBK” banklari rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Uchrashuvda Polsha bankirlari Oʻzbekistonning zamonaviy rivojlanishi, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, energetika, qishloq xoʻjaligida erishayotgan yutuqlari, bank-moliya tizimini takomillashtirish, barqaror iqtisodiy oʻsish va turmush darajasini yaxshilash uchun yaratilgan mustahkam huquqiy asoslar bilan tanishtirildi.

Muloqot chogʻida davlat va korporativ tarmoqning kreditorlar oldidagi moliyaviy majburiyatlarini taʼminlash, bank sohasida qonunchilikni takomillashtirish, maslahat, ekspert xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Milliy bank tizimi, bank infratuzilmasini rivojlantirish va axborot taʼminoti, bank xizmatlari standartlarini yaratish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik istiqbollari oʻrganildi.

Ular fikriga koʻra, Oʻzbekistonda Internet-bankingning yangi imkoniyatlari, interfaol xizmatlar, xususan, eng yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish bank-moliya institutlari bilan mijozlar oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilashga xizmat qilyapti. Bu “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarga toʻliq mos keladi.

Uchrashuv ishtirokchilarining qayd etishicha, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalarning sezilarli darajada oʻsishi kuzatilyapti, bu asosan bank-moliya sohasining yaxshilanishi bilan bogʻliq boʻlib, milliy iqtisodiyotning yillik oʻsish surʼati va tashqi savdo barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Suhbat davomida hamkor mamlakat vakillari Polsha banklarining Oʻzbekiston moliya institutlari bilan oʻzaro sheriklik aloqalariga qiziqish bildirdi. Polshaning uchta yirik banki – Polsha Xalq banki (BGK), “Pekao Bank” va “ING Bank Śląski” Oʻzbekistondagi banklar bilan faol hamkorlik qilayotgani qayd etildi.

Tadbir yakunida Polsha banklari rahbarlari oʻzbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini tasdiqlashdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech