19 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +36 °C

Sport
5 Fevral  2019 1299

Aziz Turg‘unboyev va bir qator futbolga aloqador shaxslar vaqtincha chetlashtirildi

Bir vaqtning o‘zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Aziz Turg‘unboyev 2019-yilning 9-iyul sanasiga qadar futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan diskvalifikatsiya qilindi. Mazkur vaqt davomida Turg‘unboyev Superliga hamda Pro-liga “A” klublari bilan shartnoma imzolay olmaydi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.

2018-yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Mo‘minjonov kasb etikasiga to‘g‘ri kelmaydigan bir qator holatlarga yo‘l qo‘ygani uchun futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikatsiya qilinadi. 

“Navbahor” vitse-prezidenti Shamshod Sarikov va “Paxtakor” sport direktori Ja’far Irismetov 6 oyga diskvalifikatsiya qilindi

“Paxtakor” sport direktori Ja’far Irismetov o‘zi faoliyat olib borayotgan klub Aziz Turg‘unboyevning transferi masalasi yuzasidan “Navbahor”ga rasmiy chiqish qilmagan bo‘lsa-da, futbolchining o‘zi, jamoa murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov hamda futbol agentlari bilan bemalol ish olib boravergan. Ya’ni, Turg‘unboyevning “Navbahor” bilan shartnomasi yakuniga 6 oydan ko‘proq vaqt bo‘lsa-da, Irismetov reglamentga zid ravishda klubni rasmiy ogohlantirmay, u bilan aloqaga chiqavergan. Suhbat davomida Irismetov buni o‘zi tan oldi. 

Shuningdek, Irismetov “Navbahor” bilan ikkinchi shartnomaga qo‘l qo‘ymaslik, bu reglamentning buzilishi bo‘lishi haqida Turg‘unboyevni to‘g‘ri ogohlantirgan. Biroq sport direktori sifatida o‘zi yuqoridagi xatoga yo‘l qo‘ygan, shuningdek, “Paxtakor” tarkibiga kelib qo‘shilmasa futbolchini 2 yil futboldan chetlashtirib yuborish bilan qo‘rqitgan. Vaholanki, bu ishni u O‘FA orqali hal qilishi mumkin edi. Futbolchiga bo‘lgan bosim esa ortiqcha. 

“Navbahor” vitse-prezidenti Shamshod Sarikov esa Turg‘unboyevni ikkinchi shartnomaga undagan hamda unga qo‘l qo‘ydirgan. Shuningdek, PFL ro‘yxatdan o‘tkazgan boshqa klub futbolchisini hech kimni ogohlantirmay, Qrim yig‘iniga olib ketgan. Reglamentni yuqoridagi kabi masalalari unga tushuntirilganda, Sarikov ulardan bexabarligi, boshqa narsadan umid qilgani, boshqacha o‘ylagani kabi vajlarni keltirdi. Shundan kelib chiqib, O‘FA Sarikovga ham futbol borasidagi bilimlarini oshirib olish uchun imkoniyat berishga qaror qildi va uni ham Irismetov kabi 6 oyga futbolda chetlatdi. Qo‘shimchasiga, futbol haqida yetarlicha tasavvurga ega bo‘lmagan, o‘z vazifasiga noloyiq deb topilgan “Navbahor” bosh direktori Rasul Akromov ham futboldan 6 oy “dam oladi”. U mazkur masalalarni o‘z nazoratiga olmagani, reglament haqida tasavvuri yo‘qligini tan olib o‘tdi. 

Bu ikki tarafning o‘yinlari sabab huquqiy savodi yetarlicha bo‘lmagan bir futbolchi aziyat chekdi. Shuning uchun ham faqatgina Turg‘unboyevning diskvalifikatsiya bo‘lib ketishi adolatdan bo‘lmasdi. “Paxtakor” va “Navbahor” rahbariyati o‘z sport direktoriga, vitse-prezidentiga ishonib ish ko‘rgan va voqeaning barcha tafsilotlaridan boxabar bo‘lmagan. Yuqoridagilarni inobatga olib, Aziz Turg‘unboyev bilan tuzilgan har qanday shartnomalar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Ya’ni, 9-iyulga qadar Turg‘unboyev hech bir klub bilan aloqaga chiqmaydi, ammo shu sanadan e’tiboran erkin agentga aylanadi. 

PFL ayni vaqtda reglament masalasida katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Bundan buyon shartnomalar, futbolchi va murabbiylarning etika masalalari jiddiy nazoratda bo‘ladi va har kim qilmishi uchun javob beradi. Futboldan chetlashtirilgan shaxslar bilan aloqa o‘rnatgan, ulardan futbolga oid ishlarda foydalangan har qanday tarafni jiddiy sanksiyalar kutadi. Shuningdek, futbolga aralashgani aniqlansa, yuqoridagi shaxslar bundan ham og‘irroq sanksiyalarga duchor bo‘ladi. 

O‘FA “Paxtakor” va “Navbahor” futbol klublarini yuqoridagi kabi masalalarga jiddiy e’tiborda bo‘lishga chaqiradi. Keyingi safar klublar katta jarimalarga tortilishi yoki futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Yuqoridagi qarorlar ikki qo‘mita a’zolari tomonidan belgilangan tartibda qabul qilindi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech