04 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35 °C

Sport
24 Iyul  2019 1923

XOQ Taymazovning yana bir oltin medalini bekor qildi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi erkin kurash bo‘yicha -120 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan olimpiada o‘yinlari chempioni Artur Taymazovning 2012-yildagi oltin medalini ham bekor qildi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri xabar tarqatdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, sportchining o‘sha vaqtda topshirgan doping tahlillariga ko‘ra, uning qonida taqiqlangan degidroxlormetiltestosteron moddasi topilgan. Bu antidoping qoidalariga zid bo‘lgani sababli sportchidan medal olib qo‘yilgan.

XOQ intizom qo‘mitasi Artur Taymazovning natijalarini bekor qilgani va undan 2012-yilgi olimpiada oltin medali va musobaqa g‘olibligi uchun berilgan ko‘krak nishonini qaytarib berishini so‘rab so‘rovnoma yuborgan.

Sportchining o‘zi XOQning bu ayblovlarini umuman tan olmasligini bildirgan va tashkilotning “siyosiy tomondan qurollanganini va asossiz ishlarini davom ettirayotganini” ta'kidlagan. Sobiq kurashchining so‘zlariga ko‘ra, VADA (butunjahon antidoping agentligi) faoliyatini jiddiy qabul qilishning o‘zi noto‘g‘ri.

“XOQ Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada-2020 musobaqasi g‘oliblarini 10 yildan keyin mukofotlashni, sportchilarga esa 10 yildan keyin bo‘ladigan tekshiruvgacha o‘zlarini g‘olib sifatida his qilmasliklarini va g‘alabani nishonlamasliklarini maslahat beraman” — deya yozgan Artur Taymazov Instagramʼdagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat muqaddam Artur Taymazovning Pekinda bo‘lib o‘tgan Olimpiada-2008 musobaqalaridagi oltin medallari ham bekor qilingandi. 10 yildan oshiqroq vaqt o‘tib o‘tkazilgan tekshiruvlarga ko‘ra, uning qonidan turinabol va stanozolol taqiqlangan moddalari topilgan.

Endilikda Artur Taymazovning hisobida 2000-yil Sidney olimpiadasidagi kumush va 2004-yil Afina olimpiadasidagi oltin medallar qoldi.

Ma'lumot uchun, ayni vaqtda Artur Taymazov Rossiya davlat dumasi deputati sanaladi. U Shimoliy-Osetiya saylov okrugidan deputatlikka saylangan.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech