03 Dekabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,8 °C

Madaniyat
18 Dekabr  2018 13076

Andris LIEPA: «Toshkentning muhiti ajoyib va betakror»

Tomoshabinlarimiz Toshkentda premerasi boshlangan ikki afsonaviy, Igor Stravinskiyning «Jar-ptitsa» va Nikolay Rimskiy-Korsakovning «Shahrizoda» baletlaridan mo‘jiza kutgandek teatrga kirishdi. Klassika ixlosmandlari kelasi yili 110 yilligi nishonlanadigan va bir zamonlar Parijdagi Dyagilev mavsumlari uchun yaratilgan sahna asarini sabrsizlik bilan kutardi. Shu bois ularning Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat Akademik katta teatrining dekabr oyi repertuaridan joy olgani yanada quvonchli bo‘ldi. Har ikkala baletni ham dunyoga mashhur sahna ustasi, Rossiya xalq artisti, Davlat akademik Katta teatri, Mariinki teatri va Amerika baleti teatrlarida yetakchi balet raqqosi bo‘lgan, Milanning La Skala, Parij operasi va jahonning boshqa nufuzli teatrlari sahnalarida chiqish qilgan, hozirda «Kremlyovskiy balet» teatrini boshqarayotgan Andris Liepa sahnalashtirgan.

Birinchi namoyishdayoq chiptalar bittayam qolmay sotilib, muxlislar asarni, ayniqsa, baletmeysterni gulduros olqishlar bilan kutib oldi. Ommaviy sahnalardagi, garchi o‘nlab artistlar turlicha qadamlarni (pa) ijro etsa-da, hammasi uyg‘un holda o‘ziga xos ma’noga ega jumboqli raqslar barchada katta taassurot uyg‘otdi. Sahna bezagi, liboslar va simfonik orkestr ijrosi ham muxlislarni lol qoldirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Nodira Hamraeva (Jar-ptitsa), bosh rolda ilk bor chiqish qilgan Sitora Xismatova (Go‘zal malika), Ulug‘bek Olimov (Oltin qul) va Madina Yusupova va boshqa raqqoslarning ijrosiga muxlislar yuksak baho berdi.

Ikkita baletga tayyorgarlik qanday kechganini Andris Liepaning o‘zi so‘zlab berdi.

- Toshkentdagi namoyish uchun nega aynan «Jar-ptitsa» va «Shahrizoda» asarlari tanlandi?

- Rus baletining Yevropa va butun dunyo bo‘ylab shonli yurishi 1910-yilda Mixail Fokin tomonidan Parijning Grand-operasida qo‘yilgan ana shu ikki shoh asarlardan boshlangan. Bugun ham har ikkala asarning dunyoda nufuzi yuqori. Ammo Dyagilev ularni sahnada qo‘yganda, bu fantastikaga tenglashtirilgandi. Gastrollar ham juda omadli va shov-shuvli kechgan. Parijliklar hammasi ruscha uslubdagi bunday dekoratsiyalar, bunday musiqani hali ko‘rmagandi, eshitmagandi, bir so‘z bilan aytganda, ularning tillari lol edi.

Menga plastikasi bo‘yicha turlicha bu ikki rus va sharqona ertaklarning o‘zaro uyg‘unlashib ketgani yoqadi. Ularni ikki xil xoreograf yaratganday taassurot uyg‘otadi kishida. Boz ustiga Stavrinskiy Rimskiy-Korsakovning shogirdi edi va ular ijodining uyg‘unligi avlodlarga o‘ziga xos meros sifatida ham qoldi.

Bolaligimdan ana shu ikki baletni va Stavrinskiyning «Petrushka» asarini tiklashni orzu qilganman. Nihoyat, buni 1993-yilda Mariinki teatrida amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldim. Asarlar xoreografiyasini qayta tiklash va o‘z mualliflik talqinimni yaratish otamning Fokinning o‘g‘li bilan tanishligi sharofati bilan yuz berdi, o‘zim ham arxividan bobosining repetitsiyalari videolari va kerakli materiallarni taqdim etgan nabirasi bilan yaxshi tanish edim. Uning shaxsan o‘zi belgilar qo‘ygan klavirlar ham saqlanib qolgan ekan. Keyin ushbu asarlarni Rossiya, Fransiya, Italiya va dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari teatrlari taklifi bilan yigirma martaga yaqin qo‘yganman.

O‘zbekiston Davlat Akademik katta teatrining bosh homiy «Lukoyl Opereyting Kompani» kompaniyasi qo‘llab-quvvatlagan taklifini bajonidil qabul qildim.  Spektakllar ustida ishlashni Prezidentimiz Vladimir Putinning yurtingizga davlat tashrifi arafasida boshladik va buning ham o‘z ramziy ma’nosi bor, albatta. Aytish kerakki, davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi darajaga ko‘tarilmoqda. Bu madaniyatlarni birlashtiruvchi buyuk san’at asarlaridir.

Har ikkala spetakl ham sahnada yuz yildan ko‘proq vaqtdan beri qo‘yiladi, mening talqinimdagisi esa, Mariinki tetrida 1993-yildan beri namoyish etilmoqda. Biz o‘tib ketamiz, ammo spektakllar bizdan keyin ham yashashda davom etadi. Dunyoning istalgan teatri bu spektakllar bilan faxrlanishi mumkin, ularga talab hamisha yuqori. Ammo afsuski, Toshkent DAKTi truppasi ishini ko‘rgani kelganimda repertuardagi ayrim spektakllarda zalda ko‘p joylarning bo‘sh qolganini ko‘rdim. «Jar-ptitsa» va «Shahrizoda»larning Toshkentdagi premerasida barcha chiptalar sotildi. Demak, ular tomoshabinni jalb qila oladi.  Artistlar ham o‘sha-o‘sha, chetdan biror superyulduz taklif etilgani yo‘q. Tomoshabinning yangilikka chanqoqligi bor gap, ammo spektakllar juda ko‘hna tarixga ega edi. Odamlarning teatrlarga borishga qiziqtirish uchun bunday spektakllarni ko‘proq qo‘yish zarur.

Toshkentlik tomoshabin bundan bir asrdan ko‘proq vaqt muqaddam o‘z xoreografiyasi, sahna ko‘rinishi va liboslari bilan fransiyalik muxlislar qalbini zabt etgan spektakllarni mening talqinimda ko‘rdi. Masalan, Parij premerasi uchun Aleksandr Golovin tomonidan yasalgan dekoratsiyalar shunchalik katta bo‘lganki, uni Dyagilev boshqa teatrlarga olib keta olmagan va Natalya Goncharovaga yangicha versiyasiga buyurtma bergan. Bu orada asl nusxalari yo‘qolgan. Davlat Tretyakov galereyasi zaxiralarida muallifning eskizlarini topishga muvaffaq bo‘ldim, rassom Anatoliy Nejniy uning aniq nusxalarini tayyorlab berdi. «Jar-ptitsa»dagi liboslarning ham, faqat bosh qahramonlarnikidan tashqari, barchasi Golovin tomonidan yaratilgan. «Shahrizoda»da liboslari va sahna bezaklari Leon Bakstga tegishli. Oxirida tushiriladigan parda taniqli rassom Valentin Serov eskizlari bo‘yicha tayyorlangan. Buning bari bugun teatrimizda bor va ularning bari juda chiroyli ko‘rinadi.

Liboslar tikilishi va shakli jihatidan anchayin murakkab, ammo ularning bari Davlat Akademik katta teatrining o‘zida tayyorlangan. Ammo «Jar-ptitsa» libosini Moskvaga buyurtma berdim, negaki, uni 1993-yilgi Katta teatrdagi premeraga tayyorlagan usta, Rossiya va Gruziya xalq artisti Nina Ananiashvili haliyam hayot. O‘lmas Koshchey niqobini lateks bilan ishlay oladigan g‘aroyib haykaltarosh usta yashaydigan Minskdan keltirdik. Ana shu asl nusxalar yordamida kelgusidagi barcha ijrochilarga liboslar va niqoblar tayyorlab olinaveradi.

- Truppamiz bu ishni qanchalik uddaladi?

- Mixail Barishnikovda ishlaganimda undan: «Men shunday yosh va holatdamanki, istamagan narsamni qilmasligim mumkin», degan jumlani eshitgandim. Agar artistlaringiz bilan ishlashni istamaganimda bir yuz elliktalab bahona topgan bo‘lardim. Bu yerga o‘z ixtiyorim bilan keldim, Toshkentda otam chiqish qilgan, O‘zbekistonda bizning oilamizni orqavorotdan emas, balki tom ma'noda yaxshi biladiganlar ko‘p. Ana shu tarixni davom ettirishni istadim.

Bir paytlar «Jar-ptitsa» va «Shahrizoda»larda bosh partiyalarida chiqish qilganman, afsus endi yoshim va jismoniy holatlar sababli raqs tusha olmayman. Shu bois bu oyoqlar bilan bosib o‘tilgan yo‘llar va qalbimdan o‘tkazilgan lahzalar, orttirilgan tajribani yangi avlod bilan o‘rtoqlashyapman. Spektakllarni tayyorlashda baletmeyster yordamchilari sifatida Moskva davlat madaniyat institutining xoreografiya fakulteti dekani, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Igor Pivorovich, shuningdek, DAKT baleti yangi badiiy rahbari, Rossiya xalq artisti Farrux Ro‘zimatovlar ishtirok etdi. U bilan ancha vaqtdan beri do‘stmiz va birga ishlayapmiz. Repetitsiyalarga kelib bir daqiqa ham tinch o‘tira olmadi, agar raqqoslar nimanidir noto‘g‘ri qilishsa, maslahatlar berib, xatolarini tuzatdi. Muxtasar aytganda, kerakli joyda, kerakli paytda paydo bo‘ldik, deb o‘ylayman. DAKTda ishlash juda maroqli bo‘ldi. Bu yerda ijod qilish va o‘sish uchun yaxshi zamin mavjud, jamoa o‘qib-o‘rganishga chanqoq, bunday holat hammavaqt ham uchrayvermaydi. Ikkovimiz ham ajoyib insonlar, jahon baleti afsonalari, eng zo‘r artistlar va postanovkachilar bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘lganmiz. Shu bois ham o‘rtoqlashadigan narsalarimiz ko‘p, yoshlaringiz esa buni his qilyapti.

Oldindan premerani boshlab beruvchilarni aniqlamasdan beshta tarkibni tayyorlashga kirishdik. Ya’ni bunda ishni topshirish chog‘i o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olganlarni saralab olish uchun ular o‘rtasidagi ijodiy raqobatdan foydalanib, barcha artistlarga teng imkoniyat va start berildi. Yigitlarning sahnadan turib zalga quvvat taratishi va zaldagi jonlanishni his qilib, bundan o‘zlari ham lazzat olishlarini juda xohlagandik. Bu ular bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida o‘zlashtirgan yangicha xoreografiya va plastika edi. Uni o‘ziga singdirish uchun Fokinning balet suratlarini ko‘rib, Stavrinskiy va Rimskiy-Korsakovning musiqasini tinglab, ular juda katta ishtiyoq va maroq bilan mehnat qilishdi. Texnik jihatdan ularning bari juda murakkab partiyalar hisoblanadi. Rossiya sahnasining yetakchi raqqoslari - Tamara Karsavina, Vatslav Nijinskiy, Rudolf Nureev, otam Maris Liepalar ham undan o‘tishgan. Bir paytlar Oltin qulni eng mohirona ijro etishda Farrux Ro‘zimatovning oldiga tushadigani topilmagan.

Dastlabki kunlardanoq, toshkentlik artistlarning ko‘z oldimizda o‘zgara boshlagani va ishga kirishganiga guvoh bo‘ldim. Ammo repertuar borasida ular uchun noyabr juda tig‘iz edi. Sahnalarda juda ko‘p spektakllar qo‘yilayotgan va premera uchun ishlashga ikki-uch hafta bo‘sh vaqt ajratishning sira imkoni yo‘q edi. Artistlar har kuni ertalab «Jar-ptitsa» va «Shahrizoda»ni repetitsiya qilishardi, kechqurunlari boshqa spektakllarda band bo‘lardilar. Masalan, Nodira Hamraevaning roliga bo‘lgan munosabati meni lol qoldirdi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi, albatta. Qachonlardir «Jar-ptitsa» Karsavinaga moslab qo‘yilgan bo‘lsa, premera kuni hammasi Nodiraga moslanganini his qildim - u sahnada rolini shu darajada ajoyib va mohirona ijro etdiki...

Har ikkala spektakldagi rollar truppangizning rivoji va o‘sishiga xizmat qiladi. Klassik asarlar qancha ko‘p ijro etilsa, professionalizm shuncha oshadi. Orkestrga Stavrinskiy va Rimskiy-Korsakovning partituralarini o‘zlashtirish qiyin bo‘lishini oldindan taxmin qilgandik. Chindan ham, ikki murakkab simfonik asar musiqachilar uchun ham o‘ziga xos sinov bo‘ldi. Yosh va iste’dodli dirijyor Bobomurod Xudoyqulov barcha repetitsiyalarda qatnashdi, orkestr ijrochilari ham qattiq harakat qilishdi va natijada vazifa uddalandi. Artistlaru musiqachilarga mana shunday imkoniyatlar berilmas ekan, ularda o‘sish va rivojlanish ham bo‘lmaydi.

Darvoqye, tetringizda boshqa afsonaviy qush haqidagi «Humo» spektaklini tomosha qildim. «Jar-ptitsa»dan so‘ng artistlar bu partiyani boshqacharoq ijro etishi aniq. Negaki, bunda qo‘llar faol bo‘lishi lozim, ijrochi ichdan qushga aylanishi va istalgan shamol esishini tomoshabinga yetkazib berishi talab etiladi.

- Birinchi namoyishdan so‘ng aktyorlarning yanada ishonchliroq o‘ynashi kerakligi haqidagi hislar paydo bo‘lmadimi?

- Ilk namoyishdanoq xulosaga kelmaslik kerak. Beshinchisidan so‘nggina spektakl omadli chiqdi, deyish mumkin. Ana shu vaqt ichida aktyorlarda ham rolga singib ketish, xoreografik matnni yaxlit his etish va uni o‘ziniki qilib olish shakllanadi. Ular uni qachon va qanday mahorat bilan ijro etishni, rekvizitlar bilan qanday ishlashni tushunib oladilar. Artistlarning bir qismi spektaklni topshiradigan kuni ertalab kelishgan va shu bois truppa ayrim narsalarni oldindan sinab ko‘rishga ulgurmadi. Ular ilk marta asarni tomoshabin oldida namoyish etishdi. Buning o‘rnini hatto, eng ko‘p repetitsiyalar ham bosa olmasligi aniq. Rol jonlanadi va ilk tomoshabin kelgandayoq spektakl tug‘ila boshlaydi.

Faoliyatimda ham bunday holatlar ko‘p uchragan: birinchi ijrodan so‘ng ba'zi joylarini kuchaytirish, bir xil joyida haroratni pasaytirishni maslahat berishgan va hokazo. Ijrochidan ana shu haroratlar farqini his qilishni o‘rganish talab etiladi va kerakli diapozonda ijro etish kerak bo‘ladi. O‘zim spektakllar qo‘ya boshladim, endi men ham rollarni sozlovchiga aylanishim kerak. Agar u sozlanmagan bo‘lsa, biror o‘ta usta artist ham uni maromida ijro eta olmaydi, hatto, o‘ta mahoratli sanalgan Denis Matsuev ham. Soxtalik baribir bilinib qoladi. Sozlangandan so‘ng undan kerakli ohang taraladi. Mening vazifam esa, har bir artistni roliga sozlash va uni ijro mahorati bilan to‘ldirib borishdan iborat. Xullas, hammasi yaxshi, ko‘ngildagidek bo‘lishi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilaman. Spektakllarning beshinchi namoyishiga ham kelaman, nasib etsa. O‘shandagina ijodiy evolyusiyani ko‘rish mumkin.

Agar hammasi yaxshi bo‘lsa, DAKT artistlari bilan gastrollarga ham borishim mumkin. Har ikkala spektakl ham Nyu-Yorkning «Metropoliten-opera», Londonning «Kovent-garden», Tokioning «Bunka Kaykan» kabi  va  dunyoning boshqa eng yaxshi sahnalarida qo‘yilgan. Ular o‘ziga tomoshabinlarni kuchli jalb qiladi va zallar hamisha to‘la bo‘ladi.

- O‘zbekiston sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Sobiq ittifoq xalq artisti otam Maris Liepa, keyinchalik teatringizning bosh rollari ijrochisi, yetakchisiga aylangan xalq artisti Bernora Qorieva bilan birga o‘qigan. Otam Toshkentga juda ko‘p marta kelgan, sahnalarda chiqish qilgan va har safar bir olam taassurotlar va juda mazali mevalar bilan qaytardi. O‘zim ham bu yerga kelganimdan xursandman.

Moskvada men yashaydigan uy ham, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat Akademik katta teatri binosi ham taniqli arxitektor Aleksey Shusev loyihasi bo‘yicha qurilgan. Bu yerda o‘zimni uydagidek his etaman. Toshkent bo‘ylab sayohat qilganimda g‘aroyib va toza shaharni o‘zim uchun kashf qildim. Insonlari mehmondo‘st va hamisha do‘stona munosabatda. Bu yerda ajoyib me'moriy obidalar saqlanib qolgan va betakror muhit hukmron.

Hamkorlikni davom ettirish uchun teatrga taklif qilishim mumkin bo‘lgan loyihalar ko‘p, albatta. XIX asr klassik baleti ustida jon-jon, deb ishlagan bo‘lardim. Boz ustiga yaqinda «Oqqush ko‘li», «Don Kixot», «Uyqudagi malika» baletlarini yaratgan buyuk xoreograf Marius Petip tavalludining 200 yilligi nishonlanadi. Bularning bari sizning teatringizda qo‘yilmoqda ekan va men qo‘yilmayotgani ustida ishlashga tayyorman. Bu ajoyib va zo‘r bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Ramil Islamov

yozib oldi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech