16 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,4 °C

Ijtimoiy hayot
26 Dekabr  2018 1169

Qamashida o‘lgan va kasallangan hayvonlarning go‘shtidan qiyma tayyorlab sotgan ayol ushlandi

Qamashi tumanining “Chim” qishlog‘idagi dehqon bozori har doimgidek gavjum. Bir tomonni mol va qo‘ylarning ma’rashi tutgan bo‘lsa, boshqa tomonni savdogar ayollarning baqir-chaqiri. A.Toshev bozor aylanib yurib, ro‘zg‘orga ul-bul xarid qilish uchun rastalar tomon burildi. Tirikchilik vajidan topgan-tutganini bozorga chiqargan ayollar orasidan o‘tayotib, javragancha mijoz chaqirayotgan ayolning yonida to‘xtadi.

Qiziqsinib, u sotayotgan qiymalangan go‘shtga nazar tashladi. A.Toshev go‘shtning farqini yaxshi tushungani bois rangi va hidi noodatiy qiymaga uzoq tikilib qoldi. Uning xayolida bu nimaning go‘shti ekan, degan savol aylandi. Ayolning gapga tutishi esa xayollarini to‘zg‘itib yubordi.

— Aka go‘sht beraymi, yangam chiroyli manti qilib beradi? — savdogar ayol kulimsiragancha A.Toshevga yuzlandi.

— Rangi sal boshqacharoq ekanmi, singlim. Bu nimaning go‘shti o‘zi?

— Nimaning go‘shti bo‘lardi, mol go‘shtida! Qiymalanganiga sal bosh­qacharoq ko‘rinayotgan bo‘lsa kerak. Sizni aldab, nima foyda topaman, — dedi ayol A.Toshevning savolidan ajablanganini yashirmay.

— Narxi qancha?

— Atigi 20 ming so‘m.

A.Toshev go‘shtning narxi falon so‘m bo‘lib turgan bir paytda, bozorga bunday arzon go‘shtni chiqarishda bir qing‘irlik borligidan shubhalana boshladi. Shubhalarini tasdiqlash uchun undan ozroq sotib olishga qaror qildi.

— Menga yarim kilo bering-chi, ayt­ganingizdek yangangiz bir manti qilib bersin…

A.Toshev go‘shtni olib, hidlab ko‘rdi. Undagi noxush hidni sezsa-da, ayolga bildirmay, har ehtimolga qarshi uning telefon raqamini olib, yo‘lida davom etdi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining G‘uzor tuman bo‘limida A.Toshev keltirgan go‘sht eks­pertizadan o‘tkazildi. Viloyat hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi tomonidan berilgan xulosada mazkur mahsulot o‘lim oldi talvasasi holatida so‘yilgan har xil turdagi hayvonlar go‘shti bo‘lib, iste’mol uchun yaroqsiz ekani ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, uni iste’mol qilish turli kasalliklarga sabab bo‘lishi ham aniqlandi. Shundan so‘ng Departament xodimlari tomonidan tezkor tadbir tashkil etildi.

Shahrisabzlik Dilso‘z Sultonova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) tirikchilik yuzasidan o‘zini bozorga urgandi. Dastlab, yirik shoxli mollarning kalla go‘shtini arzonroqqa olib, shahardagi bozorlarda ustiga bir-ikki so‘m qo‘yib, sotib yurdi. Keyinchalik bunga ham qanoat qilmay, faoliyatini kengaytirishga qaror qildi, kasallangan, o‘limtik mollarning go‘shti bilan savdo qilishga o‘tdi. Bu ishda unga ukasi yaqindan yordam berdi. Sharofiddin ana shunday mollarni topib, go‘shtini olib kelar, Dilso‘z esa ularni birov bilib qolmasligi uchun qiymalagichdan o‘tkazib, bozorga chiqarardi. Opa-uka nafaqat Shahrisabzdagi, balki boshqa tumanlardagi bozorlarga ham ana shunday sifatsiz go‘sht mahsulotlarini chiqarib sotishni yo‘lga qo‘yishgandi.

Dilso‘z uchun A.Toshev har doimgidek mijozlardan biri bo‘lib ko‘ringandi. Shu bois, uning qo‘ng‘iroq qilishini kutmagandi.

— Men Qamashida sizdan go‘sht olgandim, esladingizmi? — dedi A.Toshev telefonda ayolga o‘zini tanishtirarkan. — Yana 10 kilogramm qiymalangan go‘sht kerak edi, topib bera olasizmi?

Dilso‘z hali buncha ko‘p miqdorda go‘sht sotib olgan mijozni eslay olmagani uchun biroz shoshib qoldi. A.Toshevga uyiga kelsa, topib berishini bildirib, unga manzilini tushuntirdi.

A.Toshev vada berganidek, Dil­so‘zning uyiga bordi. Kilosini 18 ming so‘mdan hisoblab, 10 kilogramm go‘sht sotib oldi. Ketar chog‘ida iloji bo‘lsa shu go‘shtdan yana 50 kilogramm topib berishini, tanishlari so‘raganligini aytdi.

Ertasi kuni A.Toshevning iltimosiga ko‘ra Dilso‘z ukasi bilan 25 kilogramm sifatsiz go‘sht mahsulotini olib, uni sotish maqsadida G‘uzor tumaniga yo‘l oldi. Ularni kutib olgan A.Toshev kelishilganidek 18 ming so‘mdan hisoblab, ularga qolganini ham yetkazish sharti bilan 900 ming so‘m pul berdi. Opa-ukalar bir zumda mo‘maygina daromad topganlariga quvonib ulgurmasidan, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu holatdan dovdirab qolgan Dilso‘z avvaliga aybini tan olmay, turli bahonalarni o‘ylab topa boshladi. Ammo keltirilgan dalillar oldida ojiz qoldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, opa-ukalarga qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi.

O‘z nafsi yo‘lida har qanday qin­g‘irlikdan qaytmaydigan, bu yo‘lda insonlar salomatligiga xavf solishdek jirkanch ishlarga qo‘l urishdan ham tap tortmaydiganlar yuqorida qayd etganimiz opa-ukalardek el aro yuzi shuvut bo‘ladi, qilmishlariga yarasha jazo oladi.

Fazliddin Temirov,
Dehqonobod tuman prokurorining o‘rinbosari

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech