24 Oktyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7 °C

Turizm
11 Iyul  2020 934

Agroturizm turizmning yetakchi sohasiga aylanadi

COVID-19 dan keyin Oʻzbekistonda agroturizmni faollashtirishga doir onlayn forum boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonda agroturizmning qiymat zanjirlarini faollashtirish va COVID-19 pandemiyasidan soʻng tiklanish choralariga bagʻishlangan onlayn forum boʻlib oʻtdi.

Forumda “Santuccio” Tossan vinolarini targʻib qilish Assotsiatsiyasi (Italiya), “Mazali Oʻzbekiston” loyihasi, Agro-Innovatsiyalar jamgʻarmasi, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, “Ipak yoʻli” Xalqaro turizm universiteti vakillari hamda ATMning boshqa mutaxassislari ishtirok etishdi.

Forumda Oʻzbekiston oʻzining hududida qadimiy sivilizatsiya va madaniyatlar vujudga kelgan va rivojlangan noyob mamlakat sifatida ulkan sayyohlik salohiyatiga ega boʻlib, oʻzining jozibadorligi boʻyicha dunyoning eng yaxshi dam olish va sayohat qilish maskanlaridan qolishmasligi taʼkidlandi.

Shuningdek, bugungi kunda mamlakatda 9 mingdan ziyod noyob tarixiy obidalar va betakror meʼmorchilikning ulugʻvor namunalari, takrorlanmas goʻzalligi bilan ajralib turadigan tabiat qoʻriqxonalari mavjudligi qayd etildi.

Oʻzbekistonda asrlar davomida milliy madaniyat, sanʼat va hunarmandchilik anʼanalari yaxshi saqlanib kelinmoqda. 2019-yilda Oʻzbekistonga 6 748,5 ming sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2018-yilda bu koʻrsatkich 5 346 200 kishini tashkil etgan edi. Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga har yili dunyoning turli burchaklaridan Oʻzbekistonga ming-minglab chet ellik sayyohlarni jalb qiladi.

Chet ellik tashrif buyuruvchilar soni uch baravar koʻpaydi, 2019-yilda turizm xizmatlarining eksport hajmi 1 milliard 313 million dollarni tashkil etdi.

Soʻnggi paytlarda agroturizm ham jadal rivojlanib boryapti. Bu yerda sayyohlar shovqinli shaharlardan qochib, qishloq uylarida yashash, mahalliy sport musobaqalarida qatnashish va mahalliy aholining hayoti va urf-odatlari bilan tanishish imkoniga ega boʻladi.

Taʼkidlash kerak, agroturizm Yevropada yaxshi rivojlangan. Sayyohlarni qishloq uylari va fermalariga joylashtirishdan tashqari, ularni rekonstruksiya qilingan qadimiy qalʼalar, rohibxona va tegirmonlarga joylashtirish anʼana tusiga kirgan. U yerda tashrif buyuruvchilar antik davr bilan yaqindan tanishishadi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda agroturizmni rivojlantirish boʻyicha maqsadli ish olib borilyapti. Turizmning ushbu turini rivojlantirishning asosiy maqsadi qishloqning ijtimoiy-iqtisodiy holatini mustahkamlash, xususan, yangi ish oʻrinlari yaratiladi, bu aholining shaharlarga chiqib ketishini kamaytiradi, madaniy va intellektual saviyasini oshiradi, shuningdek, milliy hunarmandchilikni, urf-odatlar, marosimlarni tiklash va rivojlantirishga yordam beradi.

Shu munosabat bilan agroturizmni rivojlantirish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, xususan, Anor xalqaro agroturizm festivali oʻtkazildi.

Agroturizmni va umuman qishloq joylarda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qishloq aholisiga mehmonxonalarni tashkil etish va ularni boshqarish orqali mehmondoʻstlikning barcha nozik jihatlarini oʻrganishda yordam beradigan murabbiylarni tayyorlash boʻyicha loyihani boshladi. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Gʻarbiy Yevropa tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, Oʻzbekiston agroturizmdan qishloq joylarda turizmni rivojlantirish uchun vosita sifatida foydalanishi mumkin va buning isboti quyidagilardan iborat:

- agroturizm bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan qishloq aholisining mavjudligi;

- tumanda tabiiy va tarixiy-madaniy obyektlarning koʻpligi;

- qulay tranzit geografik joylashuvi;

- qishloq aholi punktlari va qulay ekologik vaziyatning uygʻunligi.

Shuningdek, COVID-19 koronavirus pandemiyasining respublika turizm sohasiga keltirgan oqibatlarini yumshatish boʻyicha maqsadli ishlarni amalga oshirilyapti. Turizm sohasida koronavirus pandemiyasining taʼsirini yumshatish uchun bir qator imtiyozlar berilgan. Jumladan,

- 1 750 ta xoʻjalik subyektlariga mulk, yer va ijtimoiy soliqlar boʻyicha qariyb 60 milliard soʻm miqdorda imtiyozlar taqdim etilgan;

- mehmonxonalarga ular koʻrsatadigan xizmatlar qiymatining 10% miqdorida subsidiyalar beriladi;

- aylanma mablagʻlarga ajratilgan kreditlar boʻyicha toʻlovlarning 10 foizigacha miqdorida subsidiyalar ajratiladi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech