19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,8 °C

Hukumat
12 Iyul  2019 1128
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Yangi zavodlar ishga tushirilib, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-iyul kuni Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurdi. 

Agrar tarmoqda sifat va samaradorlikni texnika ta’minlaydi. Lekin o‘nlab yillar mobaynida turli qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarish va chuqur mahalliylashtirishga yetarli e’tibor berilmagani oqibatida texnika parkining yillik yangilanish darajasi 2-3 foizdan oshmas edi. Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi ham ishlamay, bino va liniyalari qarovsiz bo‘lib qolgandi. 

Prezident tashrifi bu zavodga katta o‘zgarishlar olib keladi. Uning negizida yangi zavodlar ishga tushirilib, tom ma’noda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi. 

Jumladan, lokalizatsiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida bu yerda 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgan. 

Ulardan biri umumiy qiymati 42 million dollar bo‘lgan metall quyish korxonasidir. Zavodning 3 gektarlik bo‘sh turgan binosida tashkil etiladigan korxonada yiliga 47 ming tonna xalqaro talablarga javob beradigan, yuqori aniqlikdagi metall qismlar quyiladi.  

Davlatimiz rahbari ushbu korxona uchun mo‘ljallangan binoni kirib ko‘rdi.  

– Mashinasozlik korxonalari uchun metall quyish quvvati – eng muhim masala. Usiz mahalliylashtirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va tannarxini pasaytirishga erishib bo‘lmaydi. Bu korxonalarni ishga tushirsak, texnikalarimiz raqobatbardosh bo‘ladi, fermerlarimizga hamyonbop mahsulotlar yetkazib beriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Umumiy qiymati 24 million dollar bo‘lgan yana 4 ta loyiha transmissiya vallari, g‘ildirak disklari, kabinalar va mahkamlovchi temir buyumlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan. 

Ushbu loyihalarni ishga tushirish natijasida sohada mahalliylashtirish darajasi 60 foizga yetkaziladi, mahsulot tannarxi 32 foizga va import yiliga 116 million dollarga kamayadi.

Shuningdek, bu yangi quvvatlar nafaqat “O‘zagrotexsanoatxolding” korxonalari, balki “O‘zavtosanoat” tizimida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, yuk transportlari va avtobuslar uchun ham butlovchi qismlarni kooperatsiya asosida yetkazib berishni ta’minlaydi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirib, kelgusi yil ishga tushirish zarurligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyev traktor yig‘ish va payvandlash sexlari, “O‘zKlaasAgro” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Ularda lokalizatsiya darajasini oshirish, yangi qismlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech